12:09 / 06.12.2023
5985

Orban Ukraina bo‘yicha qarorni YeI sammiti kun tartibidan olib tashlashni talab qildi

Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasida muzokaralarni boshlash masalalari, shuningdek, Kiyevga yangi yordam ko‘rsatish bo‘yicha konsensusning yo‘qligi sammit muvaffaqiyatsizligi bilan tahdid solmoqda, dedi Vengriya bosh vaziri Yevropa kengashi raisiga yo‘llagan maktubida.

Foto: John Thys/AP Photo/picture alliance

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi bilan Ukrainaga yordam bo‘yicha kelishmovchiligini yanada kuchaytirdi. O‘ng populist qarashlarga ega siyosatchi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel nomiga yo‘llagan maktubida Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikkita asosiy qarorni Yevropa Ittifoqining bo‘lajak sammiti kun tartibidan olib tashlashni talab qildi, deb xabar bermoqda 5 dekabr, seshanba kuni axborot agentliklari ushbu hujjatga asoslanib. 

Xususan, u Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash bo‘yicha hali qaror qabul qilmaslikka chaqirdi. Bundan tashqari, Orbanning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiyaning Ukrainaga 50 milliard yevro miqdoridagi yordam taklifini qabul qilib bo‘lmaydi va shu maqsadda Yevropa Ittifoqi budjetini ko‘p yillarga oldindan oshirish mumkin emas. «Yuqoridagi konsensusning yo‘qligi muqarrar ravishda muvaffaqiyatsizlikka olib keladi», deb ogohlantirdi Vengriya bosh vaziri. Unga ko‘ra, Yevropaning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash siyosati, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilishi kerak. 

Orban Vengriya uchun YeI mablag‘larini blokdan chiqarishga harakat qilmoqda 

Kuzatuvchilarning fikricha, Orban shu tariqa Vengriya qonunchiligi bo‘yicha mojaro chog‘ida Yevropa Ittifoqi muzlatib qo‘ygan 13 milliard yevroni Vengriyaga ajratishga erishmoqchi. Yevropa Ittifoqi Budapeshtni sud-huquq islohotini o‘tkazishga va adliya tizimiga siyosiy ta’sir o‘tkazish imkoniyatini kamaytirishga chaqiradi, bu holda Vengriya muzlatilgan mablag‘lardan taxminan 10 milliard yevro oladi. Tegishli tuzatish hozirda Vengriya parlamentida ko‘rib chiqilmoqda. 

2022 yilda Yevropa Ittifoqi Vengriya uchun mo‘ljallangan jami 22 milliard yevroni muzlatib qo‘ydi. Ushbu mablag‘ning yarmidan ko‘pi qochqinlar siyosati bilan bog‘liq mojarolar tufayli bloklangan.

Yevropa Ittifoqi sammiti 14-15 dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid
Top