11:20 / 06.12.2023
3729

Tanzila Norboyeva BAA federal milliy kengashi raisi bilan uchrashdi

Senat raisi Tanzila Norboyeva BAAga amaliy tashrifi doirasida Dubay shahrida ushbu mamlakatning federal milliy kengashi raisi Saqr G‘obash bilan muzokara o‘tkazdi.

Foto: Telegram / tanzilanarbaeva

Ikki davlat munosabatlarining keng doirasi, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Keyingi yillarda mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy yo‘nalishdagi hamkorlik kengayib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘sib bormoqda. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan BAA sarmoyalari ishtirokidagi korxonalar soni 5 yilda 2,5 barobarga oshdi.

Investitsiya loyihalari portfeli kengayib, «yashil» energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm infratuzilmasi kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

«Munosabatlarimizning bugungi sur’atidan kelib chiqib, parlamentlararo aloqalarni kuchaytirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni huquqiy jihatdan ta’minlash va parlament nazorati doirasida ularning ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish yuzasidan fikr almashdik.

Saqr G‘obash janoblari yurtimizda yetishib chiqqan buyuk allomalar merosiga qiziqishi katta ekanligini, kelasi yili O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Ushbu tashrif doirasida hamkorlikka oid tegishli hujjatlarni imzolashga kelishib oldik», deb yozadi Tanzila Norboyeva.

Top