10:33 / 08.12.2023
12071

IfW: G‘arbning Ukrainaga yordami 87 foizga kamaydi

G‘arbning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami urush boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi. Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti ta’kidlashicha, G‘arb urushdan charchadi.

Foto: Kun.uz

G‘arb Ukrainadagi urushdan charchadi, G‘arbning Kiyevga va’da qilingan yordami hajmi avgustdan oktyabrgacha bo‘lgan davrda yillik hisobda 87 foizga - 16 milliard yevrodan 2 milliard yevrogacha kamaydi, deb xabar berdi Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) nashri 7 dekabr, payshanba kuni Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) ma’lumotlariga tayanib. Bu G‘arbning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi 2022 yil fevral oxirida urush boshlanganidan beri eng past darajaga tushganini anglatadi.

IfW ta’kidlashicha, Ukrainaga yordamni qisqartirish tendensiyasi hisobot davridan bir necha oy oldin aniq bo‘lgan, yordamning qisqarishi esa barcha - gumanitar, moliyaviy va harbiy sohalarga ta’sir qilgan. «Harbiy yordam ko‘rsatishda eng kuchli pasayish kuzatilmoqda», dedi IfW eksperti Petro Bompretssi.

U mavjud vaziyatni shu paytgacha Ukrainaga boshqa barcha mamlakatlardan ko‘ra ko‘proq qurol yetkazib bergan AQShdan yangi harbiy yordam paketlari yo‘qligi bilan izohladi. Qo‘shma Shtatlardagi ichki siyosiy nizolar tufayli Kiyevga yangi yirik yordam paketlarini ajratish to‘xtatildi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan 42 davlatdan faqat yarmidan kamrog‘i so‘nggi oylarda Kiyevga yangi yordam paketlarini va’da qilgan. Yevropa Ittifoqi va AQSh yangi majburiyatlarni deyarli olmagan. 

Zelenskiy: G‘arb barcha kerakli qurollarni yetkazib bermadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat G‘arbdan tezkor qarshi hujum uchun zarur bo‘lgan qurollarni umuman olmaganini aytdi. Yozgi hujum boshlanishidan oldin Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni so‘ragan 300 ta tank, 600 ta zirhli texnika va 500 ta gaubitsaning faqat bir qismi Ukrainaga yetib keldi. Kiyev hali ham F-16 qiruvchilarini qabul qilib olmagan. 

Snaryadlarning yetishmasligi, ayniqsa, frontda kuchli sezilmoqda. Ukraina o‘z o‘q-dorilarini ishlab chiqarishni tikladi, biroq uni zarur hajmda yakka o‘zi ishlab chiqarishga qodir emas. «Har kuni besh-sakkiz mingta snaryad ishlatiladi, bu hech bir mamlakat ishlab chiqara olmaydigan hajm», dedi RND’ga Yevropa tashqi aloqalar kengashining harbiy eksperti Gustav Gressel. 

Ukraina askarlari xabar berishicha, frontning eng qaynoq nuqtasi - Avdiyivkada Rossiya har kuni 20-30 barobar ko‘proq snaryadlardan foydalanmoqda. Yana bir harbiy ekspert Niklas Mazur Rossiya yaqin haftalarda qisman bo‘lsa ham muvaffaqiyatga erisha olsa, 2024 yilda urushning keyingi bosqichida tashabbusni qo‘lga olishi mumkinligini istisno etmadi. Har ikki ekspert sulh bo‘yicha chaqiriqlarga shubha bilan qarayapti.  

Yevropa yordami 

Nemis siyosatchilari yuz berayotgan holatdan xavotirda. «Putin jang maydonida uzoq muddatli muvaffaqiyatga pul tikmoqda», dedi «yashillar» partiyasi vakili Anton Xofrayter va Amerika yordami kamayib borayotgan bir paytda Yevropaning roli ortib borayotganini qo‘shimcha qildi. U Germaniyani yevropalik hamkorlari bilan birgalikda Yevropa va Ukraina o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qurol tizimlarini ishlab chiqaruvchilardan zudlik bilan buyurtma qilishga chaqirdi. 

Germaniya Bundestagi mudofaa qo‘mitasi raisi Mariye-Agnes Shtrak-Tsimmerman ham G‘arbning Ukrainaga yordami hajmini oshirishga chaqirdi. «Ba’zilar davom etayotgan urushdan charchaganini tushunaman. Ammo Rossiya G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlovning doimiy ravishda zaiflashishiga umid qilmoqda. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni zaiflashtirishga haqimiz yo‘q», - deya ogohlantirdi u. 
 
IfW ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari va Yevropa institutlari birgalikda urush boshlanganidan beri Ukrainaga AQShdan ko‘ra ko‘proq yordam va’da qilgan, biroq gap asosan moliyaviy yordamning uzoq muddatli kafolatlari haqida bo‘lgan. Germaniya, Norvegiya, Daniya va Buyuk Britaniya, shu jumladan, shunday kafolatlarni taqdim etdi, ammo boshqa ko‘plab davlatlar bunga amal qilmadi. 

Top