09:32 / 08.12.2023
15058

Xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan 443 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

10 oy davomida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning 1,2 mln dollar miqdoridagi pullari undirib berildi. Xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan 443 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgan.

Joriy yilning 10 oyi davomida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 85 634 ta murojaat kelib tushgan

Agentlik xabariga ko‘ra, murojaatlar asosida xorijda ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklarning 35 381 nafariga tashkiliy va manzilli tarzda ishga joylashishga ko‘maklashilgan, xorijda ishlayotgan 8667 nafar fuqaroga huquqiy, 7141 nafariga ijtimoiy va 2474 nafariga jami 71 400 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Xorijda qiyin ahvolda qolgan 76 nafar o‘zbekistonlik vaqtinchalik hostellarga joylashtirilgan bo‘lsa, og‘ir ahvolga tushib qolgan 443 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgan.

Fuqarolarning 1710 nafarini ish beruvchi tomonidan to‘lanmayotgan ish haqi, 98 nafarini esa kompensatsiya to‘lovlari shaklidagi jami 1 mln 200 ming AQSh dollari miqdoridagi pullari undirib berilgan.

Top