17:00 / 12.12.2023
5046
Reklama

O‘zbekiston yoshlari Dubaydagi COP-28'da

3-8 dekabr kunlari o‘zbekistonlik talabalar “Dubai Expo City”dagi COP-28 “Green Zone”ga tashrif buyurdi, barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun raqamli iste’dodlarni birlashtirishga mo‘ljallangan Seeds Tour va “Talent & Green Summit”da qatnashdi.

BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan COP-28 iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiya doirasida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlaridan sakkiz nafar talaba “Seeds Tour” ta’lim turida qatnashish uchun taklif etildi. Joriy yilning sentabr oyida Qatar poytaxti Doha va BAAning Dubay shaharlarida “Seeds for the future” ta’lim dasturi doirasida o‘tkazilgan Tech4Good mintaqaviy tanlovida g‘olib bo‘lgan “Techno Mind” jamoasi vakillari sayohatga yo‘l oldi. “Techno Mind” jamoasi tarkibi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkentdagi Kimyo xalqaro universiteti va Yangi O‘zbekiston universiteti talabalaridan iborat.

Turning asosiy tadbirlaridan biri 5 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan “Seeds for the future 2.0” ta’lim dasturining 22 davlatdan 36 nafar ishtirokchini birlashtirgan “Talent & Green Summit” bo‘ldi. Sammitda iqtidorli yoshlar bilan bir qatorda xalqaro tashkilotlar olimlari, ta’lim muassasalari professorlari, Huawei kompaniyasi ekspertlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar yoshlar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish zarurligini muhokama qildi.

Sammitda “Techno Mind” jamoasi yetakchisi, Toshkent shahridagi Inha universiteti talabasi Nodira Otabekova so‘zga chiqib, Tech4Good tanlovida eng yaxshi g‘oya deb topilgan “Aquatibia” loyihasini taqdim etdi. Loyiha chiqindilarning minimal darajasiga erishish, ocharchilikni bartaraf etish (BRM2), toza suv va sanitariya (BRM6) kabi muhim barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga qaratilgan. Loyihani amalga oshirish atrof-muhitga, qishloq xo‘jaligiga, tuproq sifatiga va hududlarda turmush sharoitini yaxshilashga katta ta’sir ko‘rsatishi, bir vaqtning o‘zida ikkita asosiy muammoni: biologik chiqindilarni qayta ishlatish va sug‘orish suvlarini tuzlar va og‘ir metallardan filtrlash ishlarini hal etishi mumkin.

“Jamoamizning yutuqlari faqat texnologik innovatsiyalar tufayli emas. Biz umumiy qarash va do‘stlik tuyg‘usini rivojlantirish juda muhimligini tushundik. Texnologik taraqqiyot davrida biz yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish va hamkorlikni mustahkamlash uchun turli innovatsiyalardan foydalanishimiz kerak. Biz dunyoning bir burchagidan boshqasiga birlashib, fikr almashishimiz va yaxshiroq kelajak uchun hamkorlik qilishimiz mumkin”, – dedi Nodira o‘z nutqida.

“Hozirgi kunda yer yuzi ko‘plab iqlim muammolariga uchramoqda. Bu muammolarni yechishda nafaqat tashkilotlar, balki har bir inson mas’uldir. Biz ham BAAda bo‘lib o‘tgan COP-28 sammitida yoshlar nomidan o‘z jamoamiz bilan loyihamiz orqali shu muammolarga yechim topa oldik degan umiddamiz”, – dedi Toshkentdagi Amiti universiteti talabasi Ixtiyor Sodiqov.

“Seeds Tour” doirasida ishtirokchilar “Dubai Expo City”dagi COP-28 Yashil zonasiga ham tashrif buyurdi va dunyoning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashi, uglerod neytralligiga erishishni tezlashtirishi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun iqlim harakatlarini rag‘batlantirishi mumkin bo‘lgan innovatsiyalar bilan tanishdi.

“COP-28 doirasidagi Yashil hududga tashrif men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. U yerda qatnashgan yoshlar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan yashil hududlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha taklif etilgan g‘oya va yechimlar menda katta taassurot qoldirdi. Huawei kompaniyasi tomonidan menga bunday imkoniyat berilgani uchun minnatdorman va kelajakda munosabatlarni davom ettirishga umid qilaman”, – dedi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti talabasi Bobur Jo‘rabekov.

Top