18:10 / 12.12.2023
32665

Toshkentda ushlangan shaxslarning ayrimlari internetda o‘zining dabdabali hayotini ko‘z-ko‘z qilgani aytildi

“Atrofiga sporsmenlarni yig‘ib olib, har xil chiroyli-chiroyli mashinalarda yurib... Bir tomondan internetda ko‘rinishlari – chiroyli bir hayot, lekin ichiga kirganda umuman boshqa narsani ko‘rish mumkin”, – dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

Doniyor Toshxo‘jayev / Foto: Kun.uz

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev poytaxtda jinoyatchilikka qarshi o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida qo‘lga olinganlarning ayrimlari ijtimoiy tarmoqlarda faol ekani haqida gapirib o‘tdi.

“Hozir ijtimoiy tarmoqlarni, yoshlarni kuzatadigan bo‘lsak, ular akademik bo‘laman, injyener bo‘laman, yoki sizlarga o‘xshagan jurnalist bo‘laman, yoki bizga o‘xshab ichki ishlar xodimi bo‘laman, jinoyatchilikka qarshi kurashaman deb emas, aynan shu internet tarmoqlarida o‘zini qonundan ustuvor, jazosiz qoladigan, yoki qanaqadir boshqa qonun-qoidalar bilan – bilmadim, “Soyuz” vaqtidan qolib ketgan qoidalarmi – shular bilan yashaydigan, o‘ziga qanaqadir bir obro‘ yasab olgan...

Atrofiga sporsmenlarni yig‘ib olib, har xil chiroyli-chiroyli mashinalarda yurib... Bir tomondan internetda ko‘rinishlari – chiroyli bir hayot, lekin ichiga kirganda umuman boshqa narsani ko‘rish mumkin. Shu [ularni kuzatayotgan / ularga havas qilayotgan] yoshlarimizdan bittasi ham o‘ziga savol bermaydi: qani shu, internetda ko‘rinayotgan shaxs, nimaning hisobiga daromad ko‘ryapti?

Agar hozirgi jinoyat ishlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, bular – boshqalarni qiynoqqa solib, tovlamachilik yo‘llari bilan pul undirish orqali o‘zini va bola-chaqasini yedirib-kiydirib, mana shunaqa qilib chiroylikkina bo‘lib yurishibdi. Qonunga xilof ravishda”, – dedi IIBB rasmiysi.

Toshxo‘jayevga ko‘ra, “Dolzarb 40 kunlik” 21 noyabr kuni boshlangan bo‘lib, uning doirasidagi tadbirlarda kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop va giyohvand vositalariga oid jinoyatlar ham aniqlanmoqda.

“O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, bu juda achinarli raqam: 135 ta giyohvandlik moddasi, 19 ta psixotrop vositalarining noqonuniy aylanmalariga chek qo‘yildi. 3 kg 895 gr, ya’ni to‘rt kiloga yaqin giyohvand moddalari va 11 mingtaga yaqin kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop vositalari hujjatlashtirib olindi. Natijada 116 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qonun ustuvorligi ta’minlandi.

Lekin bu – bir qismchasi. Bunaqa psixotroplar aylanmasining hozir yangi yo‘llari topilgan. Internet tarmoqlarida ko‘ryapsizlar, biz ularga ham qarshi kurashib, bitta-ikkita holatlarda ushlash choralari ko‘rib, natijaga erishdik. “Zakladchik” deymiz, kartaga puli tushganidan keyin internet orqali joyini, lokatsiyasini ko‘rsatadi, xaridor borib o‘zi olib ketadi. Bu bizga qiyinchilik tug‘diradigan narsa, lekin albatta kurashishimiz kerak”, – dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

Mavzu
Jinoyatchilikka qarshi tadbirlar
2023 yil noyabr oyining oxirida O‘zbekistonda, rasmiylar ta’rifiga ko‘ra, “kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar” boshlandi.
Barchasi
Top