09:06 / 12.12.2023
7372

Zelenskiy AQShni harbiy yordamni to‘xtatmaslik haqida ogohlantirdi

Ukrainaga yordam berishning kechikishi Putin va uning doiralari uchun orzuning ushalishi bo‘ladi, dedi Zelenskiy Vashingtonda. Respublikachilar Baydendan qator masalalarda yon berishni talab qilib, Kiyevga yordamni bloklashda davom etmoqda.

Foto: Chad Mcneeley/Dod/Planet Pix/picture alliance

Prezident Volodimir Zelenskiy Vashingtonga rasmiy tashrifi chog‘ida Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatmaslik haqida ogohlantirdi. Zelenskiy 11 dekabr, dushanba kuni AQSh Milliy mudofaa universitetida so‘zlagan nutqida bu yordamning kechikishi Rossiyaning orzusi ushalishi bo‘lishini aytdi.

«Ular kechikishlar va janjallarni ko‘rganlarida orzulari ro‘yobga chiqadi. Ular erkinlik uchun kurashayotganlarni qo‘llab-quvvatlovchilar kamayganda erkinlik qanday pasayib borayotganini ko‘rishadi. Ular ozodlikni yengishlariga umid ham qilmasliklari kerak», dedi Zelenskiy.

«Ular mag‘lub bo‘lishi kerak. Siz Ukrainaga ishonishingiz mumkin, biz xuddi shunday umiddamiz», - dedi u.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden respublikachilarni Ukrainada g‘alaba qozonsa, RF tajovuzni to‘xtatmasligini, balki uni NATO davlatlaridan biriga qarshi davom ettirishi haqida ogohlantirgandi. Shuning uchun Ukrainaga yordamni kechiktirib bo‘lmaydi, deya ta’kidladi u.

Respublikachilar Baydendan yon berishni talab qilmoqda

Respublikachilar Senatda Bayden oktyabr oyida qonun chiqaruvchilarga taqdim etgan 106 milliard dollarlik moliyaviy paketni bloklashda davom etmoqda. Unda Ukrainaga 61,4 milliard dollar, Isroilga HAMAS guruhiga qarshi kurashda yordam berish uchun 14,3 milliard dollar, shuningdek, Tayvan va Amerikaning Meksika bilan chegarasini yaxshilash uchun mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Respublikachilar Isroilga yordam berishni qo‘llab-quvvatlayapti, biroq ularning bir qismi Ukrainaga mablag‘ ajratilishiga qarshi. Bundan tashqari, ular Baydendan immigratsiya siyosati va Meksika chegarasida xavfsizlik bo‘yicha yon berishini talab qilmoqdalar.

Mavzuga oid
Top