10:04 / 13.12.2023
4884

Xitoy va Turkiya firmalari Rossiyaga yordam uchun AQSh sanksiyalariga duchor bo‘ldi

AQSh Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan qora ro‘yxatga Rossiya, Xitoy, Turkiya, BAA va boshqa mamlakatlarning kompaniyalari va jismoniy shaxslari kiritilgan.

Foto: Colourbox

Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurash doirasida Qo‘shma Shtatlar turli mamlakatlardan 250 dan ortiq kompaniya va jismoniy shaxslarni qora ro‘yxatga kiritdi, deyiladi AQSh Moliya vazirligi 12 dekabr, seshanba kuni tarqatgan bayonotida. Gap Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirgan va qo‘llab-quvvatlayotgan barcha shaxslarni javobgarlikka tortish haqida boryapti, dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken. Ro‘yxatga Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Tojikiston kompaniyalari kiritilgan. Ular Rossiyaga AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berganlikda ayblanmoqda.

«Urush mashinasi faqat mahalliy ishlab chiqarish hisobiga yashay olmaydi. Bizning sanksiyalarimiz bugungi kunda Rossiyaga harbiy-sanoat majmuasini qurish va qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan resurslar bilan ta’minlashga tayyor bo‘lgan uchinchi tomon yetkazib beruvchilari ustidan nazoratni kuchaytirishda davom etmoqda», - dedi AQSh moliya vaziri Janet Yyellen.

AQSh Ekspobank va «Megafon» sobiq bosh direktoriga qarshi sanksiyalar kiritdi

Rossiyalik yuridik shaxslar va fuqarolardan «Megafon»ning sobiq bosh direktori Ivan Tavrin va u bilan bog‘liq kompaniyalar Amerika sanksiyalari ostida qoldi. Bundan tashqari, tadbirkor Vladislav Sviblov hamda uning oltin qazib oluvchi Highland Gold holdingi va Fortiana Holdings Limited kompaniyasiga ham sanksiya qo‘yilgan. Ulardan tashqari, AQSh hukumati «Kiyevskaya ploshchad» developerlik guruhi va Ekspobankka cheklovlar qo‘ydi.

Shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalari, masalan, «Zavod imeni Degtyareva», «Kupol» Ijyevsk elektromexanika zavodi, Perm porox zavodi va Novosibirsk patron zavodi ham sanksiyalarga duchor bo‘ldi.

Kanada rasmiylari, shuningdek, 12 dekabr kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxati kengaytirilganini, jumladan, unga yana 30 nafar shaxs qo‘shilganini e’lon qildi.

Top