14:58 / 14.12.2023
11336

 “Bu faqat Venesuelaning loyihasi emas” - Gayana Essekibo inqiroziga geosiyosiy kontekst

Gayanani anneksiya qilish – faqat Maduroning loyihasi emas. Venesuela prezidenti – Vladimir Putinning eng yaqin ittifoqchilaridan. Rossiya va Xitoy AQSh va kollektiv g‘arbni holsizlantirish uchun yangi urush o‘choqlarini yaratishga urinyapti, deydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Ukrain va G‘azo bo‘lgasidagi harbiy harakatlar fonida Janubiy Amerikada ham yana bir urush vulqoni otilishi mumkin. Venesuela qo‘shni Gayana hududini kuch bilan bosib olishga qaratilgan harakatlarni boshladi. “Geosiyosat” dasturi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning bu mavzu borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Venesuela nima uchun Gayana hududiga da’vo qilyapti?

— Lotin Amerikasi bo‘yicha mutaxassis emasman, ammo so‘nggi 10 kunda bu mintaqadagi voqealarni kuzatib, ma’lumotlarni o‘rganishga harakat qilyapman. 3 dekabr kuni Venesuelada referendum bo‘lib o‘tgan va 93-95 foiz aholi Gayanani qo‘shib olishga ovoz bergan. Ammo G‘arb matbuoti xabarlariga ko‘ra, bu referendumda aholining bor-yo‘g‘i 10 foizi ishtirok etgan. Ya’ni bu referendumning legitimligi unchalik yuqori emas. Aholining ko‘p qismi qatnashganda, ularning haqiqiy xohish-istaklari yaxshi ko‘rinar edi. Ishtirok etmaslik esa hukumat loyihalarini qo‘llamaslik yoki befarqlikni bildiradi.

Referendumda 5 ta savol qo‘yilgan. Ulardan birida xalqaro jinoiy sudga ham munosabat bildirilgan. Ya’ni Venesuela Gayanani anneksiya qilgach, sudga berilishga ham tayyorgarlik ko‘ryapti.

Gayana va Venesuela o‘rtasidagi ziddiyat tarixi juda uzun. Lotin Amerikasi kashf etilgandan buyon Gayana turli davlatlar nazoratida bo‘lgan. Dastlab Gollandiya o‘z nazoratini o‘rnatgan, keyin Angliyaga o‘tgan, Fransiya bilan Angliya bu hudud uchun ziddiyatlarga borgan. 20-asrda Venesuela va Gayana o‘rtasida ko‘plab to‘qnashuvlar bo‘lgan, bular siyosiy va sud darajasida ham bo‘lgan, sudlar Angliya foydasiga hal bo‘lgan. Shu paytga qadar Venesuela Gayanani mustaqil davlat sifatida tan olmagan, bizning hudud degan da’volari bor hali ham. Bu konflikt tarixi uzun va bu yerda Lotin Amerikasi sivilizatsiyasi uchun kurashgan ikki tomon bor: anglosaksonlar va lotin dunyosi (ispan, portugallar). Ispaniya va Portugaliya Lotin Amerikasidagi katolik sivilizatsiyasining asoschilari hisoblanadi.

Gayananing sohil qismida juda katta neft konlari topilgan. Bu yerda Amerika kompaniyalari ish olib boradi. Bu hududda hozirgacha aniqlangan neft hajmi 11 mlrd barreldan oshadi. Ekspertlar fikricha, bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Lotin Amerikasidagi jon boshiga YaIM bo‘yicha eng katta o‘sishga erishgan davlat aynan Gayana. Oxirgi 3 yilda YaIM 300 foizga oshgan – juda katta o‘sish. Qolaversa, 2018 yilda jon boshiga YaIM 7 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib esa 21 ming dollar bo‘lgan. Keskin o‘sish bu. Aholisi ko‘p emas, 700 mingga yaqin. Tug‘ilishlar soni yaxshi, lekin ko‘chib ketish ham juda ko‘p. Davlat hududi O‘zbekistonning uchdan biriga to‘g‘ri keladi.

Venesuela hududi esa O‘zbekistondan 2 barobar katta. Lekin aholisi 28 mln. Ayni paytda Venesuela dunyoda 2-o‘rinda turadigan neft zaxirasiga ega. Lekin shunday bo‘lsa ham, Gayananing bir qismini bosib olmoqchi.

Bu konflikt global hamjamiyat uchun qanday messejlar beradi?

— Dunyo geosiyosatida tektonik o‘zgarishlar ketmoqda. 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng Rossiya va NATO urushi boshlandi, deyish mumkin. Bu urushga 2 yil bo‘lyapti va Putin bu konfliktni kollektiv g‘arb va global janub o‘rtasidagi urushga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Yaqin Sharqdagi vaziyat qo‘shildi, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi kristallashgan to‘qnashuvga tayyorgarlik ketyapti. Endi esa Venesuela. Aytish kerakki, Venesuela prezidenti Maduro – Putinning yaqin ittifoqchisi. Eron, Turkiya kabi davlatlar ham yaxshi munosabatda. Shakllanayotgan global janub davlatlari AQShning geosiyosiy qudrati pasayishidan manfaatdor.

Maduroga hokimiyatini saqlab qolishida Putin yordam bergan edi. Putin kabi katta siyosatchilar yana nima qilsak Vashington va Bryusselni yanada zaiflashtiramiz, degan tafakkur bilan ish ko‘rishadi. Shu ma’noda frontlar ko‘paytirilmoqda. Agar Putinga yoki global janub vakillariga qaysidir joyda konflikt paydo qilish orqali g‘arbga zarba berish mumkin, degan taklif berilsa, ular buni amalga oshiradi. 2021 yilda Afg‘onistondan chiqib ketgan Vashington Putin va global janub tafakkurida global ta’sirni saqlab qolish uchun yetarli harbiy-texnologik kuchga ega emas. Moddiy, iqtisodiy jihatdan kollektiv g‘arb kuchli, ammo urushga nisbatan irodasi zaif, degan xulosaga kelingan. Shu sababli ham Ukraina urushi boshlandi. Yaqin Sharqda urush boshlangach, g‘arbning resurslari o‘sha yerga qaytarildi va Ukraina o‘z holiga tashlandi. Shu fonda Maduro maydonga chiqmoqda.

Venesueladagi referendum, Maduroning bayonotlari avvalo AQSh va Angliyaga chaqiriq hisoblanadi. Chunki Gayana tarixan Angliyaning mustamlakasi bo‘lgan, 1966 yil mustaqil bo‘lgan. Bugungi kunda davlat tili ingliz tili va Angliyaga yaqin davlat. Ammo Angliya ham, g‘arb ham hech narsa qilolmayapti. Umuman, AQSh va g‘arbda izolyatsionizm kuchayib boryapti, ya’ni tashqi dunyoga ko‘p pul sarflayapmiz, shuni o‘zimizga ishlatish kerak, degan tafakkur. AQShdagi ikkala partiyada ham shunday qarashlar kuchaymoqda.

AQSh va Britaniya Gayanani himoya qilishda harbiy jihatdan qo‘llaydimi?

— Harbiy qo‘llov bo‘lishi mumkin. Ammo Maduro ham AQSh va Angliya aralashuvini hisobga olgan deb o‘ylayman. AQShga uchta frontda juda qiyin bo‘ladi, uning uchun asosiy front [hali ochilmagan] – Tayvan atrofidagi Xitoy bilan kurash. Ekspertlar fikricha, sovet ittifoqi qulagach, kollektiv g‘arb mutlaqo liberalizm g‘alaba qildi, degan tafakkur bilan asosiy e’tiborni iqtisodiy tomonlarga qaratib, harbiy sanoat kompleksi rivojiga e’tibor pasaydi. Keyingi yarim yilda Ukrainaga berilayotgan harbiy yordamlar ham kamayib bormoqda. Chunki AQSh va YeIda ishlab chiqarilayotgan o‘q-dorilar miqdori bir nechta frontlarga yetarli emas. Shularni hisobga olgan Maduro ham harakat boshladi.

Bu yerda siyosiy manipulyatsiyaga moyillik ham bor. Bekorga bu vaqt tanlanmadi, chunki AQSh kelasi yil saylovlar bilan band bo‘ladi. Izolyatsionistlar yoki Tramp hokimiyatga kelsa, ular tashqi dunyoga yordamni kamaytiradi, AQSh va kollektiv g‘arbning global maydonga e’tibori va yordam borgan sari pasayib borishi davom etaveradi.

Hozirgi ishlar faqatgina Maduroning loyihasi emas. Rossiya, Xitoy, umuman, global janub davlatlari bamaslahat ish qilyapti, deyish mumkin.

Maduro AQSh bilan neft borasida savdolashgan bo‘lishi mumkinmi?

— Maduro va AQSh o‘rtasidagi savdolashuv haqida bir necha oydan beri ma’lumotlar kelyapti. Yaqin Sharqda konflikt boshlanishidan oldin AQSh Venesuela bilan yopiq eshiklar ortida kelishib boshlagan edi. Sababi dekabr oyida Rossiyaga qarshi (neft va gazga nisbatan) yangi sanksiyalar paketi e’lon qilinishi kerak edi. Ammo kutilmaganda Yaqin Sharqda konflikt boshlandi. AQSh Rossiyaga sanksiyalar ortidan neft narxi oshmasligi uchun Venesuela bilan kelishmoqchi edi.

Ammo Putinning BAA va Saudiyada qanday kutib olinganini ko‘rdik. Shunday bir fonda Putin o‘z geosiyosiy o‘yinini global maydonga chiqardi. Frontlar kengayib, g‘arb va janubning kristallashgan ziddiyati yuzaga chiqdi.

Avvaldan muammolar, konfliktlar bor bo‘lgan shunday nuqtalarda urush boshlanishi xavfi bormi endi?

— Albatta, shunday xavf bor deb o‘ylayman. Ekspertlar nazarida, hozirgi kunda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi dunyo hokimiyati uchun bo‘ladigan to‘qnashuv aniq yuz beradigan voqelikka aylandi. Xalqimiz tilida aytsak, bitta qozonda ikki qo‘chqor kallasi qaynamaydi. Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy urushlar Obama davridayoq boshlangan edi, Tramp davrida yanada kristallashdi, Bayden davrida ham davom etmoqda. Xitoyning o‘sishini to‘xtatish AQShning strategik vazifasi ekani hammaga ma’lum. Shu fonda Xitoy ham harbiy urushga tayyorlanmoqda.

Rossiya va Xitoy AQSh va kollektiv g‘arbni holsizlantirish uchun bir qancha urush o‘choqlarini yaratishga urinyapti. Venesuela va Gayana o‘rtasidagi konflikt ham shular jumlasidan.

Gayananing qo‘shnisi bo‘lgan Braziliya Venesuela tarafda. Umuman, Lotin Amerikasi davlatlarida aksilamerika kayfiyati kuchli. Bu kayfiyat so‘nggi 30-40 yildan beri bor. 50-80-yillarda AQShning bu mintaqaga aralashuvi natijasida unga nisbatan ishonchsizlik yuqori. Asli argentinalik bo‘lgan Rim papasi shu omil tufayli Ukrainani to‘liq qo‘llamadi. Hozirgi Braziliyaning AQShga nisbatan munosabati ikkita omilda shakllangan: biri butun dunyodagi aksilamerika kayfiyati bo‘lsa, ikkinchisi Lotin Amerikasidagi aksilamerika kayfiyati.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Top