Sport | 13:23 / 14.12.2023
60083
23 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» amallab o‘lim guruhidan chiqdi, «Barsa» autsayderga  yutqazishni «uddaladi». YeChLda so‘nggi tur o‘yinlari

Chempionlar ligasida bir davr poyoniga yetdi, so‘nggi marta guruh bosqichi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Keyingi mavsumdan yangi format amal qiladi.

Foto: MICHAEL STEELE/GETTY IMAGES

F kvartetida supertur. Intrigalar oxirigacha saqlanib qoldi

«Borussiya» D — «PSJ» 1:1
Gollar:
Adeyyemi (51) — Zair-Emeri (56). 
«Borussiya» D – Kobel, Hummels, Zyule, Bensebayni, Roys, Brandt, O‘zjan (Zabitser, 69), Volf (Shlotterbek, 69), Adeyyemi (Reyna, 81), Baynu-Gittens (Malen, 60), Fyullkrug (Aller, 81). 
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Shkrinyar, Ernandes, Vitinya, Li Kan In (Ugarte, 68), Zair-Emeri, Mbappe, Kolo-Muani (Soler, 90+6), Barkolya (Asensio, 82). 
Ogohlantirishlar: Markinos (45), Hummels (57).

«Nyukasl» — «Milan» 1:2
Gollar:
Joelinton (33) — Pulishich (59), Chukvueze (84). 
«Nyukasl» – Dubravka, Trippiyer (Bern, 63), Sher, Lassels, Livramento, Gimaraes, Mayli (Longstaff, 71), Almiron, Joelinton, Gordon (Isak, 62), Uilson.
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori, Ernandes, Florensi, Loftus-Chik (Pobega, 73), Pulishich (Yovich, 73), Reynders, Musa (Chukvueze, 83), Leau (Bartesagi, 88), Jiru (Okafor, 83). 
Ogohlantirishlar: Leau (40), Menyan (45), Joelinton (72), Yovich (78), Musa (80), Florensi (90). 

«Borussiya» Dortmund, «PSJ», «Nyukasl» va «Milan» kvartetida so‘nggi daqiqalargacha deyarli hech narsa aniq emasdi.

Barcha F guruhida haqiqiy qirpichoq bo‘lishini kutgandi — va amalda ham shunday bo‘ldi. Har turdan keyin jamoalarning joylashuvi almashib turdi. So‘nggi turdan keyin ham jamoalarning o‘rinlari o‘zgarishi uchun sharoit mavjud edi, jamoalarning har birida vaziyatni o‘zgartirish uchun salohiyat yetarli edi.

Faqat bir masala muddatidan oldin hal bo‘lgandi — «Borussiya» oxirgi tur arafasida 1/8 final yo‘llanmasini hal qilgandi, ammo birinchi o‘rinni emas. Qolgan o‘rinlar bo‘yicha esa — to‘la intriga. Hatto Mbappe boshchiligidagi yulduzlardan iborat «PSJ» Yevropa Ligasiga tushib ketishi mumkin edi, shu tufayli parijliklar Dortmundda faqat g‘alaba uchun maydonga chiqishdi. Parallel uchrashuvda esa «Nyukasl» va «Milan» fransuzlar qoqilishidan umid qilgan holda o‘ynashdi va ularning har biriga raqib ustidan g‘alaba qozonish talab etilardi.

Zyulening aql bovar qilmas qutqarishi — va tanaffusga ikkinchi o‘rinda yo‘l olgan inglizlar

Ikki uchrashuv ham qiziqarli va keskin bo‘lishiga shubha qilmayotgandi. Shu bilan birga, to‘rt jamoa murabbiyi ham birinchi navbatda himoyani o‘ylashi tabiiy edi. Masalan, Stefano Pioli Nyukaslda raqibning barcha futbolchilariga alohida futbolchisini biriktirib qo‘ydi — maydonning deyarli barcha uchastkalarida «Milan» futbolchilari raqibni yaqin masofada qarshi oldi. To‘g‘ri, avvaliga bunday eskicha taktika qizil-qoralarga yordam bermadi va birinchi bo‘limda ular birgina xavfsiz zarba yo‘llashdi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Germaniyada ham, Angliyada ham deyarli bir vaqtda himoyachilar o‘z klublarini goldan saqlab qolishdi. Milanliklar safida Tomori darvoza chizig‘idan bir necha metr masofada «Nyukasl» havbeki Almironga yopishgan holatda uning oyog‘idagi golni maydondan chiqarib yuborgan bo‘lsa, Dortmundda Zyule haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi va shundan keyin «Borussiya» muxlislari Niklasni olqishlarga ko‘mishdi. U bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni shunchaki to‘smasdan, buni chiroyli amalga oshirdi va to‘p raqibga qaytib bormasligini ham ta’minladi. Mbappe esa bu vaziyatda golni qanday tarzda nishonlash haqida o‘ylashni boshlagandi.

Dortmundda o‘yin birinchi bo‘limda qarama-qarshi kurslarda kechdi: Li Kan In, Barkola, Kolo Muani va Lukas Ernandesda ham «Borussiya»ga gol urish uchun juda qulay vaziyatlar bo‘ldi, parijliklar jarima maydonida esa Volf va Roys xavfli zarbalar yo‘llashdi. Ammo jamoalar tanaffusga baribir 0:0 hisobida yo‘l olishdi.

«Sent-Jyeyms Park»da esa barchasi boshqacharoq kechdi: mezbonlar to‘pga egalik qilish bo‘yicha yaqqol ustunlik qilgan bo‘lsa-da, ko‘p vaziyatlar yarata olishmadi. Faqat 33-daqiqada Joelinton uzoqdan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llab, «Nyukasl»ni oldinga boshladi va guruhda ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Angliyaliklarni parallel uchrashuvdagi durang hisob qoniqtirardi, chunki «PSJ» bilan o‘zaro uchrashuvlarda (4:1, 1:1) ustunlikka ega edi.

Hissiyotlarga boy yakun

Tanaffusda parijliklar uchinchi o‘ringa tushib qolganidan xabar topgani aniq. Ammo ular tanaffusdan qaytishi bilan darhol oldinga tashlanmadi, aksincha — Dortmundning kuchli pressingi ostida qolishdi. Hakimi o‘z jamoasi jarima maydoni atrofida to‘p yo‘qotdi, hujum Adeyyemi hisobni ochishi bilan yakunlandi. Bu daqiqalarda «PSJ» dahshatli vaziyatda qoldi — fransuzlar grandi endi vaziyatni o‘nglash uchun ikki gol urishi talab etilardi.

Luis Enrike jamoasi bir golni juda tez urdi — Zair-Emeri jarima maydoniga kiraturib yo‘llagan zarbasi bilan hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirdi. Parijliklar yetakchisiga aylanib borayotgan 17 yoshli futbolchi uchun bu YeChLdagi ilk gol bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay «Sent-Jyeyms Park»dagi o‘yinda ham tabloda shu raqamlar yona boshladi — Pulishich uni unata boshlagan angliyalik muxlislarga salom yo‘lladi. «PSJ» muxlislari esa yengil tin olishdi: ularning sevimli jamoasi yana ikkinchi o‘ringa qaytdi, ammo vaziyat hamon qaltis edi.

Ikki o‘yinda ham har bir jamoa o‘z gollarini urib olganidan keyin guruhda finish shiddatli va asabiy kechishi kafolatlandi. Shunday bo‘ldi ham.

Dortmundda Mbappe 76-daqiqada darvozani ishg‘ol etdi va «PSJ»ni birinchi o‘ringa olib chiqdi, ammo ko‘p o‘tmay VAR barchasini bekor qildi — Kiliyan kichik ofsayd holatida qolgani ma’lum bo‘ldi. Nyukaslda esa mezbonlar ustunlikni boy bera boshladi va «Milan»ga oldinga chiqishga imkon berdi: avvaliga Leauning zarbasi ustunga tegdi, keyin esa zaxiradan tushgan Chukvueze to‘pga birinchi teginishidayoq darvozani ishg‘ol etdi. Bu hujum italiyaliklar safida ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Yovich va Okafor tomonidan uyushtirilgandi — Pioli futbolchi almashtirishda topqirlik qildi. Ammo qizil-qoralarga guruhdan chiqish uchun yetarli emasdi — ular ochkolar bo‘yicha «PSJ»ga yetib olgan bo‘lsa-da, o‘zaro uchrashuvlarga ko‘ra ortda qolardi (0:3, 2:1), shunday ekan, ularga parijliklar mag‘lubiyati kerak edi.

Fransuzlar jamoasi ham Nyukaslda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lib turgandi. Bu ularning so‘nggi daqiqalardagi harakatlari va Hakimining jyestidan ham ma’lum edi: marokashlik futbolchi sobiq jamoadoshlarini shu hisobni saqlab qolishga undadi. Aftidan, ular ham bunga ko‘nishdi. Qo‘shimcha daqiqalarda raqiblar to‘pni shunchaki olib yurishdi va hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagini kutishdi. Dortmund birinchi, «PSJ» — ikkinchi o‘rinda qoldi,a «Milan» esa Yevropa Ligasiga yo‘l oldi. Tanaffusni ham qo‘shib hisoblaganda 47 daqiqa davomida pley-off yo‘llanmasiga ega bo‘lib turgan «Nyukasl» esa Angliyaning bu mavsumda YeChL guruh bosqichida so‘nggi o‘rinni egallagan ikkinchi jamoasi («MYu»dan keyin)ga aylandi.

O‘lim guruhi barcha kutilmalarni oqladi.

H guruhi

Pepe rekordlarni yangiladi

«Antverpen» — «Barselona» 3:2
Gollar:
Vermeren (2), Yanssen (56), Ilenikhena (90+2) — Torres (35), Giu (90+1). 
Antverpen – Byute, de Lat (van den Bosh, 90+4), Alderveyreld, Kulibali, Veyndal, Yusuf, Keyta, Vermeren, Kerk (Batay, 69), Yanssen (Ilenikhena, 79), Ejuke (Korbani, 80).
Barselona – Penya, Fort (Kanselu, 60), Kristensen, Kunde, Balde, Roberto (Kasado, 76), Romeu (Gundo‘g‘an, 60), Fermin (Pedri, 60), Torres, Yamal, Levandovski (Giu, 72). 
Ogohlantirishlar: Veyndal (23), Yamal (42), Roberto (54), de Lat (90), Torres (90+6).

«Barselona»ning bu safargi o‘yini diqqat markazida emasdi. Kataloniyaliklar birinchi o‘rinni kafolatlagan va autsayder maydonidagi o‘yinda ulardan alohida jonbozlik ko‘rsatish talab etilmasdi. Ammo baribir ilk daqiqalardan o‘yin qiziy boshladi. Birinchidan, Xavi navbatdagi yosh iste’dodni tanishtirib, 17 yoshli Fortni ilk daqiqadan maydonga tushirdi. Ikkinchidan, mezbonlarning ilk hujumidayoq Vermeren hisobni ochdi, u esa «Barsa»ga kelishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida sanalmoqda.

Mehmonlar bo‘lim davomida Yamalning ajoyib pasidan keyin muvozanatni tiklashdi. U anchadan beri yangi natija qayd etmayotgandi, ammo chorshanba oqshomida forvard bu ishni yana bir bor uddaladi, chunki Chempionlar ligasida bungacha 16 yoshli futbolchilar golli uzatma berishi kuzatilmagandi. Lekin bu mehmonlarning birinchi bo‘limdagi yagona zarbasi bo‘lib qoldi. «Antverpen» nisbatan faolroq harakat qildi va ikkinchi bo‘lim boshida Oriol Romeuni ikkinchi bor xato qilishga majburlab, hisobdagi ustunlikni o‘ziga qaytardi. Ko‘p o‘tmay «Barsa» bir kishi kam bo‘lib qolishi mumkin edi, ammo VAR tavsiyasiga ko‘ra monitorga borgan arbitr Serji Robertoga ko‘rsatilgan qizil kartochkani bekor qildi.

Tarkiblar teng holatda favorit futbolchi almashtirishlar evaziga o‘yinni qutqargandek ko‘ringandi. Tajribali Gundo‘g‘an jarima nuqtasidan to‘pi 17 yoshli Giuning boshiga uzatib berdi. Lekin bu yakuniy gol bo‘lmadi. Bir kun oldin turnir motivatsiyasisiz ham o‘yin oxirida irodali g‘alabaga erishgan «Real»dan farqli o‘laroq, kataloniyaliklar uchinchi bor gol o‘tkazib yuborib, o‘yinni maydon markazidan qayta boshlashni uddalashdi. Antverpenda endi 13 dekabrni YeChLdagi g‘alaba kuni sifatida bayram qilish mumkin. Xavida esa hali o‘yin bo‘yicha muammolar bor. Birinchi o‘rin egallandi, ammo bir necha kun ichida ikkinchi mag‘lubiyat muxlislar tomonidan og‘riqli qabul qilingani aniq.

«Portu» — «Shaxtyor» 5:3
Gollar:
Galeno (9, 43), Torimiy (62), Pepe (76), Konseysau (82) — Sikan (29), Eushtakiu (73, avtogol), Eginaldo (88). 
«Portu» – Koshta, Sanches (Mariu, 78), Pepe, Kardozu, Sanusi, Eushtakiu (Gruyich, 83), Varela, Pepe (Franku, 83), Torimiy, Evanilson (Konseysau, 81), Galeno (Xayme, 88). 
«Shaxtyor» – Riznik, Gocholeyshvili, Rakitskiy (Kelsi, 73), Bondar, Matviyenko, Zubkov (Eginaldo, 86), Kriskiv (Neverton, 59), Stepanenko, Sudakov, Bondarenko (Nazarina, 85), Sikan.
Ogohlantirishlar: Konseysau (30), Sudakov (54), Nazarina (90+1), Bondar (90+1). 

«Dragau»dagi parallel uchrashuv esa syurprizlarsiz boshlandi — Pepening uzun pasi bilan uyushtirilgan hujumda «Portu» hisobni ochdi, Evanilson Galenoni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi. Lekin shundan keyin o‘yinda qiziqarli voqealar boshlandi, ukrainlar hisobni tenglashtirgan gol urilganda laynsmen ofsayd qayd etib bayrog‘ini ko‘rsatdi va bu mezbon himoyachilarning harakatiga ta’sir qilmay qo‘ymadi, yakunda esa bosh hakam videotakrordan keyin golni inobatga oldi. Bu epizodda bosh hakam o‘yinni to‘xtatish haqidagi hushtagini chalmagan va himoyachilar oxirigacha o‘ynashi kerak edi.

Durang hisob «Shaxtyor»ni qoniqtirmasdi. Ukrainlar bahorda Yevropa Ligasida emas, YeChLda kurashni davom ettirishi uchun faqat g‘alaba kerak edi, mehmonlarning goli urilgan vaziyat esa «Portu» futbolchilariga faqat qo‘shimcha motivatsiya berdi. Tanaffus arafasida Galeno uzoq masofadan ham aniq zarba yo‘llab jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi, ikkinchi bo‘limda esa u Torimiyga gol urishda yordam berdi. Shundan keyin jamoalar butkul ochiq futbol namoyish etishga kirishib ketdi va Pepe o‘z rekordini yangiladi. Endi asosiy yevrokubokda gol urgan eng yoshi katta futbolchining yoshi 40 yoshu 290 kunlik etib belgilanadi.

G guruhi

Gvardiola o‘rinbosarlar bilan natijaga erishdi

«Tsrvena Zvezda» — «Manchester Siti» 2:3
Gollar:
Hvar In Bom (76), Katay (90+1) — Hemilton (19), Bobb (62), Fillips (85).
«Tsrvena Zvezda» – Glazer, Nedelkovich (Kabich, 78), Dragovich, Spayich (Rodich, 65), Jiga, Olayinka (Luchich, 57), Miyaylovich, Kanga (Katay, 57), Hvan In Bom, Bukari, Ndiayye (Miyatovich, 57).
«Manchester Siti» – Ortega, Lyuis, Stounz (Ake, 86), Akanji, Gomes, Kovachich (Susoxo, 76), Grilish (Foden, 46), Fillips, Nunesh (Silva, 82), Hemilton, Bobb.
Ogohlantirishlar:  Spayich (45), Fillips (52), Miyaylovich (65), Jiga (84).

Barcha jamoalar so‘nggi tur arafasida o‘z o‘rinlarini aniq qilib bo‘lgan yagona guruhda o‘yinlar kuni tajribalar maydoniga aylandi. «Manchester Siti» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga yo‘l olishga tayyorlanayotgani tufayli, Xosep Gvardiola katta rotatsiya amalga oshirdi. Belgradda faqat Angliya ichki kuboklarining ilk bosqichida o‘ynashi mumkin bo‘lgan tarkib tushirildi. Tarbiyalanuvchilar esa bildirilgan ishonchni oqlab, Angliya chempionlariga guruh bosqichini yuz foizlik natija bilan yakunlash imkonini berishdi.

Ayniqsa 20 yoshli Hemilton sidqidildan harakat qildi, u asosiy jamoadagi debyutini bir umrga eslab qoladigan bo‘ldi. Aynan u himoyachilarni birin-ketin aldab o‘tgan holda, to‘pni o‘tkir burchakdan turib darvoza to‘riga to‘sin ostidan yo‘llab hisobni ochdi. Va Hvang In Bom hisobni qisqartirganida aynan u penalti ishlab, Fillips jamoadagi ilk golini urishiga yordam berdi.

Bu uning «Siti»dagi so‘nggi goli bo‘lib qolishi ham mumkin, u qishki transferlar vaqtida jamoasini almashtirishi kutilmoqda. Lekin Hemilton va ikkinchi golda yorqin solo ijro etgan Bobbning kelajagi hali oldinda.

«Leypsig» — «Yang Boyz» 2:1
Gollar:
Sheshko (51), Forsberg (56) — Kolli (53).
«Leypsig» – Gulachi, Henriks, Lukeba (Shlager, 80), Simakan (Klostermann, 59), Lens, Kampl, Forsberg (Simons, 74), Zayvald, Karvalyu, Poulsen (Openda, 74), Sheshko (Verner, 74).
«Yang Boyz» – fon Ballmos, Janko, Lustenberger, Amenda, Garsiya, Ugrinich (Males, 70), Lauper (Lakomi, 70), Niyasse, Kolli (Rudani, 82), Elia (Monteyru, 62), Nsame (Ganvula, 62).
Ogohlantirishlar: Garsiya (33), Poulsen (70), Lens (77), Kolli (81), Monteyru (85).

Ye guruhi

«Atletiko»ning superseriyasi

«Atletiko» — «Latsio» 2:0
Gollar:
Grizmann (6), Lino (51). 
«Atletiko» – Oblak, Molina, Savich (Aspilikueta, 68), Ximenes (Suyunchi, 46), Ermoso, Vitsel (Koke, 63), Saul, De Paul, Korrea (Morata, 63), Grizmann (Depay, 46), Lino.
«Latsio» – Provedel, Marushich (Ladzari, 58), Kazale, Xila, Hyusay (Pellegrini, 70), Alberto (Kamada, 64), Vesino, Genduzi, Dzakkani, Pedro (Felipe Anderson, 58), Immobile (Kastelyanos, 63).
Ogohlantirishlar: Pedro (8), Ximenes (45), Marushich (47), Genduzi (72).

«Atletiko»ning 19 fevral kuni boshlangan uy o‘yinlaridagi g‘alabali seriyasi 20 o‘yinga yetdi va Diyego Simeone shogirdlari guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunladi. Pragmatizm va yorqin hujumkor o‘yin qorishig‘idagi o‘ziga xos uslubda. Grizmann raqib mudofaasini tang ahvolga solib faoliyatida ilk bor ushbu turnirning guruh bosqichida besh gol urdi. Samuel Linoni ham uchrashuvning yana bir qahramoni sifatida e’tirof etish mumkin. Aynan u raqib jarima maydonidan uzoqlashtirilgan to‘pni egallab olib, fransuzga hisobni ochishda yordam berdi. Keyin esa, ushbu braziliyalik ofsaydda qolib ketgani va raqib darvozaboniga xalaqit qilgani tufayli Ermosoning goli bekor qilindi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida Lino Depay bilan devor uslubida o‘ynab, «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olgan holda xatosini tuzatdi.

Eski formatdagi so‘nggi o‘yin

«Seltik» — «Feyyenoord» 2:1
Gollar:
Palma (33, penalti), Lagerbilke (90+1) — Minte (82). 
«Seltik» – Hart, Jonston, Skeylz, Uelsh (Lagerbilke, 75), Teylor, Makgregor, Ivata (Bernardu, 19), O`Rayli, Jonston (Forrest, 68), Palma (Freym, 75), Furuhasi (O Hyon Gyu, 68).
«Feyyenoord» – Beylo, Gertryuyda, Gansko, Belen (Dilrosun, 79), Hartman, Ivanushets (Ueda, 67), Stengs (Viffer, 55), Timber (van den Belt, 55), Zerruki, Payshao (Minte, 54), Ximenes.
Ogohlantirishlar: Jonston (22), Zerruki (31), Timber (44), Teylor (45), Minte (61).

13 dekabr kungi o‘yinlar orasida «Seltik» va «Feyyenoord» uchrashuvi oxirgi bo‘lib yakunlandi. Fransiyalik arbitr Benua Basten olti daqiqa qo‘shib berdi, ammo 90+1-daqiqada, hisob 1:1 ekanida shotlandlar safida Gustaf Lagerbilke gol urdi. Natijada o‘yin 90+8-daqiqaga qadar cho‘zildi — bu parallel uchrashuvlar orasida eng uzoq davom etgani bo‘ldi.

Bu o‘yin Chempionlar ligasining eski formati bilan xayrlashuv o‘yiniga aylandi. Shu o‘yin bilan butun bir davr yakunlandi. Kelgusida qanday bo‘ladi? Chempionlar ligasi 2024/2025 yillar mavsumida qanday ko‘rinish oladi?

2021 yilda UYeFA Chempionlar ligasida islohot o‘tkazishni ma’qullagandi. Ikkita asosiy yangilik bor – shveysarcha tizim va jamoalar sonini 32 tadan 36 taga oshirish. Shveytsarcha tizim grand jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar sonini oshirishga xizmat qiladi: har bir turdan keyin eng kuchli jamoalar o‘zaro to‘qnashuvi ehtimoli ortadi va bu klublarning daromadlarini ham oshiradi.

36 jamoa har biri 9 ta klubdan iborat 4 ta savatga bo‘linadi. Birinchi savatga Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibi, hamda so‘nggi besh yildagi natijalar bo‘yicha hosil bo‘lgan klublar reytingi bo‘yicha eng yuqori koeffitsiyentga ega bo‘lgan 8 jamoa (YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritganlar ichidan, albatta) o‘rin oladi. Keyingi savatlar ham xuddi shu tartibda to‘ldiriladi.

36 jamoa yagona jadvalni shakllantiradi, har bir klub sakkiztadan o‘yin o‘tkazadi (to‘rttasi — uyda, to‘rttasi — safarda). Taqvim oldindan ma’lum bo‘lmaydi: o‘tgan o‘yinlar g‘oliblari g‘oliblar bilan uchrashadi, yutqazganlar – yutqazganlar bilan (durang o‘ynaganlar durang o‘ynaganlar bilan). Sodda qilib aytganda, avvaliga eng yaxshi jamoa yomonlar orasidagi yaxshisi bilan uchrashadi, keyin esa ochkolari teng bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkaziladi. Taqvim oldingi tur natijalariga qarab tuziladi, ammo takroriy raqiblar bo‘lmaydi. Bir mamlakat vakillari bu bosqichda o‘zaro duch kelishmaydi. Raqiblar qur’a asosida aniqlanadi.

Shveytsarcha tizimda jamoalar jami bo‘lib 144 o‘yin o‘tkazishadi. Taqqoslash uchun, hozir o‘yinlar soni 96 ta.

Yangi formatda turnir jadvalining eng yuqori sakkiz o‘rnini band etgan jamoalar 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqadi, to‘qqizinchidan 24-o‘ringacha bo‘lgan jamoalar qo‘shimcha ikkitadan o‘yin o‘tkazib, keyingi sakkiztalikni aniqlab olishadi. Keyin – barchasi klassika bo‘yicha: 1/8 final, chorakfinal, yarimfinal (ikkitadan o‘yinlar) va final (bir o‘yin).

Kun statistikasi

  • «Milan» tarixida 1-bor YeChL guruhida uchinchi o‘rinni egallash orqali Yevropa Ligasiga o‘tdi.
  • «Feyyenoord» YeChLning so‘nggi to‘rt o‘yinida penaltidan 2 gol o‘tkazdi. Niderlandiya chempionatida so‘nggi 59 o‘yinda faqat bir shunday gol o‘tkazilgan.
  • «Manchester Siti» YeChLda qatorasiga 8-o‘yinda g‘alaba qozondi. Bu — ingliz klublari uchun rekord. 
  • Xavi «Barselona» boshqaruvida yevrokuboklardagi 22 o‘yinning faqat 8 tasida g‘alaba qozongan. 
  • «PSJ» qatorasiga 12 mavsumda pley-offga chiqmoqda. Bundan yaxshiroq seriya faqat «Real» (21) va «Bavariya» (16) tomonidan qayd etilgan.
  • Grizmann «Atletiko»dagi 171-golini urdi. Klub rekordchisi Aragonesga (173) yetib olishga 2 ta gol qoldi. 

Shu tariqa 1/8 finalga yo‘l olgan barcha 16 jamoa nomi ma’lum bo‘ldi. 

1-o‘rin bilan chiqqan klublar: 
1. «Bavariya» (Germaniya) 
2. «Arsenal» (Angliya) 
3. «Real» (Ispaniya) 
4. «Real Sosiyedad» (Ispaniya) 
5. «Atletiko» (Ispaniya) 
6. «Borussiya D» (Germaniya) 
7. «Manchester Siti» (Angliya) 
8. «Barselona» (Ispaniya) 

2-o‘rin egalari: 
1. «Kopenhagen» (Daniya) 
2. PSV (Niderlandiya) 
3. «Napoli» (Italiya) 
4. «Inter» (Italiya) 
5. «Latsio» (Italiya) 
6. «PSJ» (Fransiya) 
7. «Leypsig» (Germaniya) 
8. «Portu» (Portugaliya)

18 dekabr kuni pley-offga qur’a tashlanadi. Unga ko‘ra, 2-o‘rin egalari 1-o‘rin sohiblariga duch keladi. Bir guruhdan chiqqan yoki bir mamlakatdan bo‘lgan jamoalar o‘zaro to‘qnash kelmaydi.

 

Mavzuga oid