12:39 / 15.12.2023
2659

O‘zbekiston va Tailand hududlararo hamkorlikni rivojlantirmoqchi 

O‘zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultonov Tailandning Krabi provinsiyasida bo‘ldi va gubernator Somchai Harnpakdeyepatima bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va hududlararo munosabatlarni o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Tailand tomoniga mamlakatda xorijiy investorlar va xalqaro savdo uchun yanada qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston va Tailand o‘rtasida o‘zaro savdoni rivojlantirish, sayyohlarni jalb etish maqsadida ularga turli imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha rejalar ta’kidlandi.

Krabi provinsiyasi gubernatori provinsiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida barcha sohalarda, birinchi navbatda turizm va savdo yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Farg‘ona  va Krabi o‘rtasida birodarlashgan viloyatlar to‘g‘risidagi memorandumni ishlab chiqish va imzolash, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, provinsiya mutasaddilari va ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish va boshqa jabhalarda o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib olindi.

Mavzuga oid
Top