19:53 / 20.12.2023
17146

Qirg‘izistonda bayroqni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi 

Prezident tashabbusi bilan davlat bayrog‘idagi quyosh nurlari shakli o‘zgartiriladigan bo‘ldi. 

Foto: 24.kg

20 dekabr kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) ikkinchi va uchinchi o‘qishda mamlakat bayrog‘ini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. 

Deputatlar «Qirg‘iziston Respublikasining davlat ramzlari to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar va qabul qildilar. 

Qonun loyihasini 59 deputat yoqlab ovoz berdi, 5 nafari qarshi bo‘ldi. 

Qonun loyihasi mamlakatning asosiy davlat ramzlaridan biri – Qirg‘iziston Respublikasi bayrog‘ini takomillashtirishga qaratilgan. Jumladan, quyosh nurlari shaklini to‘lqinsimon shakldan to‘g‘ri chiziq shakliga o‘zgartirish taklif qilinmoqda. 

Deputatlar Qirg‘iziston bayrog‘i markazidagi quyosh nurlari to‘lqinsimon bo‘lgani sababli odamlarni chalg‘itayotgani, jumladan, kungaboqar guliga o‘xshab qolganini ta’kidlamoqda. 

Avvalroq, prezident Sadir Japarov mamlakat bayrog‘ini o‘zgartirish taklifini o‘zi berganini aytgan edi. 

Qirg‘izistonning amaldagi bayrog‘i mamlakat Oliy Kengashining 1992 yil 3 martdagi qarori bilan tasdiqlangan. Unga muvofiq, bayroq rangi qizil ekani, markazida tasvirlangan quyoshning oltinrang nurlari bilan o‘ralgan o‘tovning tuynugi milliy ramz ekani belgilab qo‘yilgan. 

2004 yil 17 iyulda «Qirg‘iziston Respublikasining davlat ramzlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Uning 3-moddasida davlat bayrog‘ining tavsifi, rangli va sxematik tasviri berilgan.

Top