13:49 / 25.12.2023
13005

“Davlat siyosati ingliz tilini ommalashtirishga qaratilishi kerak” - Botir Qobilov RFning migrantlar orqali bosim qilayotgani haqida

Rossiya mehnat bozoriga bog‘lanib qolmaslik uchun nafaqat siyosiy nuqtayi nazardan, balki o‘zimizning iqtisodiy farovonlik nuqtayi nazaridan ham odamlarimiz jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishi kerak, deya yozadi Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov.

Foto: Botir Qobilovning shaxsiy arxividan

Rossiya hukumatini qariyb ikki million o‘zbekistonlikning RFda mehnat qilayotganini O‘zbekistonga bosim o‘tkazish vositasiga aylantirib olgan. Kuni kecha rossiyalik siyosatchilardan biri Zaxar Prilepin go‘yoki ana shu migrantlar omili O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish uchun asos bo‘lishi haqida gapirdi.

Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan postida vaziyatga yechim sifatida ingliz tilini ommalashtirishni taklif qilib, bu orqali nimalarga erishish mumkinligi haqida so‘z yuritdi. Kun.uz quyida iqtisodchining fikrlarini to‘liq keltirib o‘tadi.

— Oxirgi paytda o‘zbek tilida chiqadigan podkastlar ko‘payib qoldi, bu yaxshi. Yaqinda o‘zimga yangisini kashf qildim: nomi “Lolazor” ekan, tavsiya etaman. So‘nggi podkastning dastlabki 15–20 minutini tinglaganimda, u yerda aytilgan ba’zi gaplar meni o‘ylantirib qo‘ydi va ayrim fikrlari bilan bo‘lishmoqchi edim.

Uzun matn uchun esa oldindan uzr so‘rayman.

Podkastda iqtisodchi Otabek Bakirov “maktablarimizni hozir bitirayotganlar Rossiyaga borib ishlashga majbur bo‘lmasliklarini hohlayman”, degan ma’noda gapirdi. “Anavilarning” shantajidan, “sizlarning odamlaringiz bizda”, degan ko‘zir kartadan qutulish uchun ham shu kerak, deyildi.

Mutlaqo qo‘shilaman. Nafaqat siyosiy nuqtayi nazardan (Rossiya bozoriga bog‘lanib qolmaslik), balki o‘zimizning iqtisodiy farovonlik nuqtayi nazardan bizning ishchilar jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Lekin, bunga qanday amalda erishish mumkinligi haqida o‘ylab qoldim.

Sir emas, millionlab vatandoshlarimiz Rossiyaga doimiy yoki mavsumiy ishlash, ro‘zg‘orni tebratish va munosib hayot kechirish uchun daromadni asosan majburlikdan ketishadi. Agar O‘zbekiston mehnat bozori shu millionlab vatandoshlarimizni ish va daromad bilan ta’minlay olganda, o‘zida singdirib yubora olganida, albatta, ularda hech bo‘lmaganda tanlov mavjud bo‘lar edi.

Demak, millionlab ishchilar Rossiyaga ketishiga majbur bo‘lmasliklari uchun birinchi navbatda O‘zbekiston iqtisodiyoti shiddat bilan o‘sadigan bo‘lsa, iqtisodiy faoliyat oshib ketsa, va ko‘p ish o‘rinlari bozor tomonidan yaratilishi kerak. Albatta, bu qisqa muddatda erishiladigan va yechimi oson bo‘lgan muammo emas, tan olishimiz kerak. Menimcha, bu oldimizda turgan eng katta masalalardan biri.

Lekin, har yili maktablarimizni bir necha yuz minglab bitirayotgan yigit-qizlarni Rossiyaga borib ishlashiga majbur bo‘lmasliklari va ularga o‘zimizda ham va chetda ham boshqa bozorlar mavjud bo‘lishi uchun nima qilish kerak?

Albatta, xayolga keladigan eng oddiy fikr bu o‘sha maktablarda berilayotgan bilim va ko‘nikmalar sifatini shunga yarasha bo‘lishi ta’minlash. Ya’ni, nafaqat xususiy yoki prezident maktabi, balki mamlakatdagi istalgan maktab yoki universitet bitiruvchisi jahon mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lib chiqishi kerak. Meni xavotirga soladigan narsa shundaki, bizdagi maktab va universitetlar bitiruvchilari nafaqat dunyo mehnat bozori, balki O‘zbekiston mehnat bozoriga ham tayyor bo‘lib chiqmayotganlarida. Albatta, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda.

Masala yana ta’lim tizimiga va uning sifati muhimligiga borib taqalmoqda. Rossiyadagi mehnat bozoriga qarab qolmasligimiz uchun ham, o‘zimiz iqtisodiy farovonlikka yetishimiz uchun ham, o‘zimizda ishchi o‘rinlarni yaratish va iqtisodiy faoliyatni oshirish uchun ham ta’lim va unga yondashuv keskin o‘zgarishi kerak. Bolalar zamonaviy iqtisodiyotda kerak bo‘lgan bilim, hunar, til, ko‘nikmalar bilan maktabdan chiqishi kerak. O‘zbekistonda ta’lim shunday bo‘lishi kerakki, undan chiqqan istalgan odam o‘sha Yevropa, Osiyo mamlakatlariga borib raqobatli joylarda ishlarda ishlay olsin, faqat Rossiyada emas.

Zamonaviy global bozorda esa raqobatbardosh ishchi albatta ingliz tilini bilishi kerak. Bu eng elementar ko‘nikma bo‘lib qolgan.

Mening amaliy fikrim shundaki, davlat siyosati ikki narsaga qaratilishi kerak. Birinchisi bu ingliz tilini ommalashtirish. Maktabdan boshlab. Xohlaymizmi-yo‘qmi, hozir va kelajak bozori asosan ingliz tilida. Ish ham, ilm olish ham, yangi innovatsiya ham, hamkorlik ham, istalgan kontent ham — barchasi ingliz tilida.

Ta’kidlab o‘tay, men ingliz tili ona tili — o‘zbek tili o‘rnini zarracha egallashi kerak demoqchi emasman, mening orzuim istalgan o‘rta o‘zbekistonlik ingliz tilini shunchalik yaxshi bilsinki, u Dubayga, Jiddaga, Polshaga, Koreyaga yoki AQShga borganda o‘sha yerdagi bozorda raqobatbardosh bo‘lishi uchun kerak bo‘lgan eng oddiy ko‘nikmasi bo‘lsin. Chunki yuqoridagi tilga olingan bozorlarda ingliz tilini biladigan bangladeshlik, pokistonlik, ukrainalik yoki filippinliklarda ingliz tilini bilmaydigan o‘zbekistonlikdan ustunlik bor.

Agar misol izlaydigan bo‘lsak, ingliz tilini davlat siyosati darajasida ta’limda tadbiq etgan mamlakatlar misoli ko‘p. Xayolga keladiganlaridan biri Singapur. Yoki, Malayziya, Kenya, Viyetnam. Hindlarda ham shunday ustunlik bir. Aytishingiz mumkin, ba’zi bu mamlakatlar Britaniya koloniyasi bo‘lgani uchun ularda ingliz tiliga moyillik va o‘zlashtirishda yengillik bor deb. Unda boshqa misollar ham bor, masalan Janubiy Koreya, Braziliya, Yaponiya…

Mening hohishlarimdan biri bu O‘zbekiston mana bu ingliz tili malakasini o‘lchaydigan reytingda, yoki umuman olganda, hozirdagi “juda past malakali” mamlakatdan kamida “o‘rtacha malakali” mamlakatga aylanishini hohlayman.

O‘rtacha tasodifiy tanlab olinadigan o‘zbekistonlik ingliz tili muhim bo‘lgan mamlakatda qanday ishlay/yashay oladi degan savolga javob topish uchun “grinkarta” lotereyasi g‘oliblariga qarasak bo‘ladi.

Mening shaxsiy kuzatuvim shundan iboratki, AQShga tasodifan tanlab olingan o‘zbekistonlik (yoshidan qat’i nazar) ingliz tilini bilmaydi. Buning natijasida, hayotga, ish bozoriga ko‘nikish ancha qiyin kechadi.

Tabiiyki, o‘zlarini til orqali muloqot qiladigan kasblardan, faoliyatlardan olib qochishadi. Tilni bilmagani uchun qiynalib qolmay, o‘rganishga vaqt ketqazmay, deb, masalan, trak haydash, pitssa tashish jozibaliroq bo‘lib qoladi. Yoki magazinda kassirlar bilan ingliz tilida muloqot qilmay, deb asosan rusiyzabon mahallalarda ishlash/yashashga majbur bo‘lishadi.

Ya’ni, bular asosan tanlov emas, balki majburlikdan. Ingliz tilini puxta bilib kelgan o‘zbekistonlikda mehnat bozorida imkoniyatlar va shartlarga talab qo‘ya olishi (bargaining power) ko‘proq bo‘ladi.

Yana bir kuzatuvim bu o‘tgan yili Rossiya Ukrainaga bosqin uyushtirganda boshlaganda men AQSh televideniyesi tomonidan ayrim ukrain shahar va qishloqlar hokimlarining ingliz tilidagi intervyulariga ko‘zim tushgandi. Ukrainadagi qandaydir chekka shahar/qishloq hokimi ham ingliz tilida gapira olar ekan-da, deb qoyil qolgan edim.

Men xohlar edimki, yaqin kelajakda, O‘zbekistondagi istalgan shahar/qishloq hokimi ham, istalgan maktabda “o‘rningizdan turing” deyilgan o‘quvchi ham ingliz tilida zo‘r gapira/yoza oladigan darajaga chiqish kerak.

E’tibor bering, men hozir faqat ingliz tili ko‘nikmasi haqida gapiryapman. Maktab o‘rgatishi kerak bo‘lgan boshqa ko‘nikmalar, yoki sarlavhada yozilgan muammoni yechish uchun qilish kerak bo‘lgan narsalarning soni mingta. Mavzudan chiqmaslik uchun ularni tilga olmayman. Bundan tashqari ingliz tili bu qaysidir mamlakatga qaramlik emas — bu dunyo tili.

Men O‘zbekistonda ta’limga bo‘lgan yondashuvni va umuman ta’lim tizimida keskin o‘zgarishlarni hohlayman. Bu o‘zgarishlarning negizida men ingliz tilining o‘rnini ko‘raman, shak-shubhasiz. Albatta, har kim istalgan narsa o‘rganishga haqli, lekin men hohlaydigan narsa bu ingliz tili davlat siyosati darajasida ta’limda muhimligi tan olinishi va amaliy ishlar qilinishi.

Shaxsan men uchun, hozir o‘zbek lotin alifbosidagi “o‘“ harfini qaysi tarafga qaragan belgi bilan yozish kerak, yoki “sh” va “ch” harflarini dumi bo‘lishi kerakmi-yo‘qmi, degan jamiyatdagi bahslarga ham vaqt ham pul ketkazgan ko‘ra qanday qilib biz ingliz tilini ommalashtiramiz, qanday qilib shuni maktabdan boshlaymiz, degan bahslar bo‘lishi maqsadga muvofiqroq tuyuladi.

Ingliz tilini biladigan o‘zbekistonlik bu nafaqat shartli Polshada yoki Malayziyada ishlay oladigan o‘zbekistonlik degani, balki bu O‘zbekiston bozorida barcha ingliz tilini biladi, degani. Natijada, O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar kelishi, xorijiy korxonalar bizning bozordagi mehnat kuchini yuqori baholashiga olib keladi.

Bilasizmi, eng muhimi — O‘zbekistonga chetdan kadrlarni, iste’dodlarni, talabalarni jalb qilishga va iqtisodiy faollikni yanada oshishga erishishimiz mumkin. Bu haqda biz hali o‘ylamaymiz, chunki rivojlanish darajamiz, tabiiyki, bunga imkon bermaydi, lekin mening orzuimdagi O‘zbekiston bu nafaqat o‘z aholisi to‘q va farovon yashaydigan, chet elga borib u yerda raqobatni yenga oladigan, balki o‘sha chet eldagi iqtidorli kadrlarni ham jalb qila oladigan jozibali mamlakat bo‘ladi. Ya’ni, nafaqat o‘zbekistonliklar shartli Dubaydagi bangladeshlik yoki Yevropadagi ukrainalik, balki O‘zbekiston bozoridagi xorijiy iqtidorlar bilan ham raqobatlasha oladi.

Bu mavzuda davlatning ikkinchi siyosati bu o‘zbekistonliklarning chet elga chiqishlari uchun boshqa mamlakatlar so‘raydigan viza talablarini yengillashtirishda faollik.

“Lolazor” podkastida ham aytilganidek, Rossiyada ishlaydigan vatandoshlarimiz boshqa bozorlarga (masalan, Yevropaga) bora olishlari uchun o‘sha mamlakatlardagi viza siyosati ham bir to‘sqin. Umuman olganda, ishga emas istalgan viza kategoriyasi bo‘yicha O‘zbekistonliklarda nisbiy zaiflik bor. Masalan, qo‘shni Qozog‘istonga solishtirganda.

Qozog‘istonliklar AQShga turistik vizani 10 yilga, talabalik vizasini esa 5 yilga oladilar. O‘zbekistonliklar esa ikkalasini uzog‘i bilan faqat bir yilga oladilar. Buning asosiy sababi sifatida AQSh hukumatining viza berish masalasida o‘sha mamlakatning AQSh fuqarolariga vizani qancha muddatga berishiga qaraydigan siyosati aytiladi (resiprocity). Ya’ni, shartli amerikalik yoki shartli yevropalikka O‘zbekistonga viza olish qanchalik maksimal darajada yengi bo‘lsa o‘zbekistonliklarga ham o‘sha mamlakatlarga borish talablari yengillashishi mumkin. Davlatimizdan mana shu masalada ham faollikni umid qilgan bo‘lar edim.

Xulosa qiladigan bo‘lsam, men istar edimki, davlat maktablaridan chiqayotgan o‘zbekistonliklar dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lsinlar, aynan O‘zbekistonda “oddiy” maktab va universitet bitiruvchisi ingliz tilini mukammal bilib chiqsin; zamonaviy iqtisodiyot va mehnat bozorida ustunlik beradigan boshqa ko‘niklamarni ham egallab chiqsin.

Buning uchun davlat siyosati ingliz tilini ommalashtirishga qaratilishi kerak. Ingliz tili hozirgi zamonda deyarli hayot-mamot masalasi. Ingliz tilini bilmaydigan inson pichog‘i yo‘q qassob kabi. Nafaqat siyosiy nuqtayi nazardan ba’zi mamlakatlarga qarab qolmaslik uchun, balki o‘zimizning iqtisodiy rivojlanishimiz uchun maktabdagi ta’lim sifatini, unda beriladigan ko‘nikmalarni va eng muhimi ingliz tiliga juda katta urg‘u berishimiz kerak.

Axir vaqt ketmoqda, qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlar va avlodlar o‘tmoqda…

Top