08:21 / 27.12.2023
4914

Eron boyitilgan uran ishlab chiqarish hajmini oshirdi

AEXA ma’lumotlariga ko‘ra, Eron boyitilgan uran ishlab chiqarish sur’atini yana 60 foizga oshirib, oyiga to‘qqiz kilogramm darajasiga yetgan.

Foto: atomic-energy.ru

Eron boyitilgan uran ishlab chiqarish sur’atini yana oshirib, oyiga to‘qqiz kilogramm darajasiga yetdi, deb xabar berdi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) 26 dekabr, seshanba kuni. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Islom Respublikasida 60 foizgacha boyitilgan uran mavjud bo‘lib, uning asosida uchta atom bombasi yaratish uchun boyitish darajasi 90 foizga yetkazilishi mumkin.

O‘z navbatida, Tehron maqsadi - atom bombasi yaratish ekani haqidagi da’volarni rad etadi. 

Eronda AEXA inspektorlarining akkreditatsiyasi bekor qilindi 

2023 yil 16 sentabrda Eron AEXAga mamlakatdagi bir nechta agentlik inspektorlarining akkreditatsiyasini bekor qilayotgani haqida xabar berdi. Tashkilot rahbari Rafael Grossining so‘zlariga ko‘ra, Erondagi AEXA inspektorlarining taxminan uchdan bir qismi ishdan chetlashtirilgan. 

18 sentabr kuni Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSh Eronni o‘z qarorini «zudlik bilan bekor qilishga» chaqirdi. To‘rt davlatning qo‘shma bayonotida aytilishicha, AEXAda haligacha «deklaratsiya qilinmagan yadroviy materiallar va Eronda olib borilgan faoliyat bo‘yicha jiddiy va hal etilmagan savollar» bor, Islom Respublikasi ularga «to‘rt yildan beri javob bermayapti».

Eronning QKHR bo‘yicha majburiyatlarini buzishi 

2015 yilda Eron AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyani o‘z ichiga olgan «oltilik guruhi» bilan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (QKHR)ni tuzdi. Reja Eronning yadroviy dasturini cheklash evaziga unga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlashni nazarda tutgan edi. 

QKHR Eronga uranni atigi 3,67 foizgacha boyitishga ruxsat beradi. Atom energiyasidan harbiy foydalanish uchun uranni boyitish chegarasi 90 foizni tashkil etadi. 

2018 yilda Donald Tramp AQSh prezidenti bo‘lganida Vashington kelishuvdan chiqishi va Eronga nisbatan cheklov choralari qayta tiklanishini e’lon qilgan edi. Tehron, o‘z navbatida, kelishuvni bajarishdan bosh torta boshladi. Boshqa narsalar qatorida, Eron tomoni uranni yuqori darajaga boyitish, uran metallini ishlab chiqarish, tezroq ishlaydigan sentrifugalarni joriy etish va kelishuvda tasdiqlanganidan sezilarli darajada ko‘proq uran zaxirasini to‘plashni boshladi. 

2021 yil aprelida Venada boshlangan QKHRni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar G‘arb bilan qat’iy siyosat tarafdori bo‘lgan Ibrohim Raisiy Eron prezidenti etib saylanganidan keyin to‘xtab qoldi. 

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’lum shartlar ostida yadroviy kelishuvga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid
Top