13:06 / 30.12.2023
23035

Kuniga 2 mingta, bir yilda million parvoz – dunyodagi eng ko‘p yo‘lovchi o‘tkazayotgan aeroportlar

Bugun dunyoning gavjum aeroportlari bir yilda 60-80 mln atrofida yo‘lovchi o‘tkazmoqda. Eng gavjum aeroportdan qariyb 100 mln nafar yo‘lovchi foydalanadi. Bu aeroportlardan har kuni minglab samolyot uchib-qo‘nadi. Terminallarda yuzlab kirib-chiqish joylari bor. 2020 yilda pandemiya tufayli ko‘rsatkichlar biroz pasaydi. Biroq 2021 yildan boshlab barchasi yana o‘z o‘rniga tushdi va hatto ko‘rsatkichlar osha boshladi.

Xalqaro aeroportlar kengashi (Airports Council International) 2022 yilda eng ko‘p yo‘lovchi o‘tkazgan aeroportlar reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra 1-o‘rinni Atlanta shahridagi Xarstfild-Jyekson nomidagi xalqaro aeroport egallagan. Bu aeroport 2022 yilda 93,7 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazgan.

Agar Top-10 dan o‘rin olgan aeroportlarni 2021 yildagi ro‘yxat bilan solishtirib ko‘rilganda reytingda ancha o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Masalan, 2022 yilda 66 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazib, 5-o‘ringa joylashgan Dubay xalqaro aeroporti 2021 yilda 29,1 mln yo‘lovchi o‘tkazgan va reytingda 27-o‘rinni olgan.

London xalqaro aeroporti 2022 yilda 61,6 mln yo‘lovchi o‘tkazib, 8-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2021 yilda 19,4 mln yo‘lovchi o‘tkazib, 54-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, AQShdagi Orlando xalqaro aeroporti 2021 yilda 40,3 mln yo‘lovchi o‘tkazib, Top-10 da 7-o‘rinni egallagan. 2022 yilda 50 mln yo‘lovchi o‘tkazgan bo‘lsa ham, 17-o‘ringa tushib ketgan.

2022 yilda yo‘lovchilarni o‘tkazish bo‘yicha Top-10 ga kirgan aeroportlar ro‘yxati quyidagicha bo‘lgan:

Atalanta shahridagi Xarstfild-Jyekson xalqaro aeroporti
commons.wikimedia.org

1. Xarstfild-Jyekson xalqaro aeroporti (Atlanta shahri, AQSh)

Jorjiya shtatidagi Atlanta shahrida joylashgan Xarstfild-Jyekson nomidagi xalqaro aeroport yo‘lovchini o‘tkazish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. U 2022 yilda 93,7 mln nafar yo‘lovchini o‘tkazgan.

Xarstfild-Jyekson xalqaro aeroporti 1926 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, uni Atlanta shahar ma’muriyati boshqaradi. U Delta Connection bayrog‘i ostida parvoz qiladigan Delta Air Lines, AirTran Airways, Shuttle America va u bilan hamkorlik qiladigan Atlantic Southeast Airlines aviakompaniyalari uchun markaz hisoblanadi.

Aeroport binosida jami 196 ta chiqish joyi bor. Bu yerdan ichki parvozlar bo‘yicha 150 ta shaharga, dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlariga qatnovlar amalga oshiriladi.

Atalanta aeroportidan kuniga o‘rtacha 250 mingdan oshiq yo‘lovchi foydalanadi va bir yilda jami millionga yaqin uchish-qo‘nish amalga oshiriladi.

Aeroportda beshta uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘lib, har kuni 2 500 ta qatnov amalga oshiriladi. Mazkur aeroport 2021 yilda 75,7 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazgan va reytingda 1-o‘rinni egallagan.

Dallasdagi Fort-Uert aeroporti
www.airliners.net

2. Fort-Uert aeroporti (Dallas, AQSh)

Texas shtatida joylashgan Dallas shahridagi Fort-Uert aeroporti (xalqaro qisqartmasi DFW) 1974 yilda ochilgan. 2022 yilda u qariyb 73,4 million nafar yo‘lovchi o‘tkazgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Mazkur aeroport American Airlines aviakompaniyasining asosiy markazi hisoblanadi va barcha parvozlarning 80 foizdan oshig‘i unga tegishli.

Bundan tashqari Fort-Uert aeroporti American Eagle Airlines aviakompaniyasining esa yirik markazlaridan biri sanaladi.

Aeroport binosi dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblanib, uning yettita uchish-qo‘nish yo‘lagi bor. Aeroportdan bir yilda millionga yaqin uchish va qo‘nish amalga oshiriladi.

Mazkur aeroport 2021 yilda 62,4 mln yo‘lovchi o‘tkazgan va reytingda 2-o‘rinni band qilgan.

Denver xalqaro aeroporti
otadumygi.mezoka.com

3. Denver xalqaro aeroporti (AQSh)

Kolorado shtatida joylashgan Denver aeroporti 2022 yilda qariyb 69,3 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazdi va dunyo reytingida uchinchi o‘rinni oldi.

Denver aeroporti hududi bo‘yicha ham dunyoning yirik aeroportlaridan biri hisoblanadi va Saudiyadagi Qirol Xolid aeroportidan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Denver aeroportining hozirgi binosi 1995 yilda foydalanishga topshirilgan. Uni qurishga qariyb 5 mlrd dollar sarflangan. U Frontier Airlines uchun asosiy, United Airlines uchun ikkinchi muhim markaz hisoblanadi.

Mazkur aeroport 2021 yilda 58,8 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazgan va reytingda 3-o‘rinni egallagan.

Chikagodagi xalqaro aeroport
abc7chicago.com

4. O’Xara xalqaro aeroporti (Chikago, AQSh

Illinoys shtatidagi Chikago shahrida O’Xara aeroporti 2022 yilda 68,3 mln nafardan oshiq yo‘lovchi o‘tkazgan va bu ko‘rsatkich bilan xalqaro reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

Aeroport 1944 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, unda hozir to‘rtta terminal va qariyb 200 ta chiqish joyi bor. O’Xara xalqaro aeroporti United Airlines, United Express, American Airlines va American Eagle aviakompaniyalari uchun asosiy markaz hisoblanadi.

Mazkur aeroportdan bir yilda 900 ming–1 mln bir kunda esa 2 500-2600 ta uchish va qo‘nish amalga oshiriladi. Bu yerdan ko‘plab mahalliy qatnovlar bilan birga dunyoning 60 dan oshiq shaharlariga parvozlar amalga oshiriladi.

O’Xara aeroporti 2021 yilda 54 mln yo‘lovchi o‘tkazgan va reytingda 4-o‘rinni olgan.

Dubay xalqaro aeroporti
www.hespress.com

 5. Dubay xalqaro aeroporti (BAA, xalqaro kodi DXB)

Dubay aeroporti 2022 yilda 66 mln nafar yo‘lovchi tashigan va bu ko‘rsatkich bilan dunyo aeroportlari reytingida beshinchi o‘rinni egallagan.

Mazkur aeroport 1960 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, u 1990-yillardan boshlab kengaya boshlagan. 2001 yilda yangi yo‘lovchi va yuk terminallari qurildi, bu esa aeroport imkoniyatlarini keskin oshirib yubordi. Aeroportga Dubay amirligi hukumati egalik qiladi.

Dubay aeroporti Emirates Airline aviakompaniyasining asosiy markazi bo‘lib, bu yerdan amalga oshirilayotgan parvozlarning 60 foizi shu aviakompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, bu aeroport Jazeera Airways, Iran Aseman Airlines, Airblue, Royal Jordanian aviakompaniyalari uchun ikkinchi markaz hisoblanadi.

Dubay aeroporti 2021 yilda juda past natija ko‘rsatgan va 29 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazib, reytingda 27-o‘rinni egallagan.

Los-Anjyeles aeroporti
stock.adobe.com

6.  Los-Anjyeles xalqaro aeroporti (AQSh, xalqaro kodi LAX)

Los-Anjyeles aeroporti 2022 yilda 65,9 mln nafar yo‘lovchi tashigan va xalqaro reytingda oltinchi o‘rinni egallagan. U Air New Zealand, Alaska Airlines, Allegiant Air, American Airlines, Delta Air Lines va United Airlines uchun muhim markazlardan biri hisoblanadi.

Mazkur aeroport 1928 yilda ishga tushirishgan va o‘tgan qariyb 100 yil davomida talabga qarab kengaytirib kelingan. Hozirda unda to‘rtta uchish-qo‘nish yo‘lagi, to‘qqizta terminal bor.

Los-Anjyeles aeroporti 2021 yilda 48 mln yo‘lovchi o‘tkazgan va jahon reytingida 5-o‘rinni band qilgan.

Istanbul xalqaro aeroporti
www.yenisafak.com

7.  Istanbul xalqaro aeroporti (Turkiya)

Istanbul xalqaro aeroporti 2018 yil oktyabr oyida ishga tushdi. 2019 yilda Mustafo Otaturk nomidagi aeroport yopilgach yangi aeroport Istanbuldagi asosiy havo qo‘nalg‘asi bo‘lib qoldi.

U hududi jihatdan Yevropadagi eng yirik aeroport hisoblanadi. 2022 yilda mazkur aeroport 64,3 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazgan. Istanbul aeroporti dunyodagi eng yirik aviakompaniyalardan biri bo‘lgan Turkish Airlines uchun asosiy qo‘nalg‘a hisoblanadi.

Istanbul aeroportidan 350 ta yo‘nalishga parvoz qilish mumkin. Hozir uning yo‘lovchi o‘tkazish quvvati yiliga 70 million kishini tashkil etadi. Yaqin kelajakda aeroportni yiliga 150-200 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan qilish rejalashtirilgan.

Istanbul aeroporti 2021 yilda 37 mln yo‘lovchi tashigan va o‘sha yili reytingda 14-o‘rinni egallagan.

Hitrou aeroporti
www.airliners.net

8. Hitrou aeroporti (London, Buyuk Britaniya)

Hitrou 1929 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, u nafaqat Britaniyadagi, balki dunyodagi yirik aeroportlardan biri hisoblanadi. Mazkur aeroport 2022 yilda 61,6 mln nafar yo‘lovchini o‘tkazgan.

Aeroportda oltita terminal bo‘lib, beshinchisi 2008 yilda ishga tushirilgan va uni o‘sha paytda qirolicha Yelizaveta 2 ochib bergan edi. Oltinchi terminal 2014 foydalanishga topshirilgan. Terminallarning beshtasi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Bittasi yuk terminali hisoblanadi.

Hitrou aeroporti British Airways va Iberia aviakompaniyalari uchun asosiy markaz hisoblanadi. Bu yerdan 90 dan oshiq aviakompaniya dunyoning turli burchaklariga 190 ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi.

Hitrou birinchi jahon urushida Britaniya harbiy-havo kuchlariga qarashli aerodrom o‘rnida qurilgan. Shundan so‘ng u uchish-qo‘nish yo‘lakchasini qurish paytida buzib tashlangan Heath Row qishlog‘i nomi bilan atalgan.

2021 yilda Hitrou 19,4 mln nafar yo‘lovchini o‘tkazgan va umumiy reytingda 54-o‘rinni olgan.

Indira Gandi nomidagi aeroport
www.lenta.ru

9. Indira Gandi xalqaro aeroporti (Dehli, Hindiston)

Dehlidagi aeroport o‘rnida bir paytlar Hindiston harbiy-havo kuchlariga qarashli aerodrom bo‘lgan. 1962 yilda undan fuqaro aviatsiyasida foydalana boshlashgan.

1986 yilda Dehli aeroporti yana kengaytiriladi va yangi terminal foydalanishga topshiriladi. O‘sha yili unga 1984 yilda suiqasd bilan o‘ldirilgan Hindiston sobiq bosh vaziri Indira Gandi nomi beriladi.

2022 yilda bu aeroport 59,5 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazgan. U Indian Airlines va Kingfisher Airlines aviakompaniyalari uchun asosiy qo‘nalg‘a hisoblanadi.

Dehlidagi aeroportdagi terminallar mahalliy va xorijiy qatnovlar uchun alohida, Indian Airlines va Kingfisher Airlines aviakompaniyalari uchun alohida xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, bu aeroportda Hindistondan Saudiya Arabistoniga Umra va Haj ziyoratiga boradiganlar uchun alohida terminal xizmat ko‘rsatadi.

Sharl de Goll aeroporti
www.travel365.md

10. Sharl de Goll xalqaro aeroporti (Parij, Fransiya)

Parijdagi aeroport 1974 yilda ishga tushirilgan. U 2022 yilda 57,4 mln nafar yo‘lovchi o‘tkazgan. U Air France aviakompaniyasi uchun asosiy qo‘nalg‘a hisoblanadi.

Shuningdek, bu aeroport XL Airways France, Amerikaning Delta Air Lines va asosan yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi FedEx Express aviakompaniyalari uchun muhim qo‘nalg‘a sanaladi.

Bundan tashqari, YeasyJet va Vueling loukosterlari Parij aeroportidan muhim operatsion baza sifatida foydalanishadi. Aeroport Parijdan 25 km uzoqlikda joylashgan.

Parij aeroportiga dunyoning 100 dan oshiq aviakompaniyalari parvozlarni amalga oshirishadi. Bu yerda har kuni 150 ming atrofida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi. 

Mavzuga oid
Top