Rossiya raketa hujumidan keyin G‘arb Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
AQSh elchisi ta’kidlashicha, Ukraina Rossiyaning so‘nggi yirik raketa hujumi kabi dahshatlardan xalos bo‘lish uchun kurashni davom ettirishda moliyalashtirishga muhtoj.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiyaning Ukraina shaharlariga raketa hujumlarini keskin qoraladi. «Bu maktablar, metro bekatlari va kasalxonaga qilingan navbatdagi pala-partish hujum bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydi», deb yozdi u 29 dekabr, juma kuni X ijtimoiy tarmog‘ida.
Yana bir qator g‘arb davlatlarining vakillari ham xuddi shunday fikr bildirdi. «Ukrainaga 2024 yilda bunday dahshatdan xalos bo‘lish uchun kurashni davom ettirishga hozirdan mablag‘ kerak», - dedi AQShning Ukrainadagi elchisi Brijit Brink. U Rossiyaning Ukraina shaharlariga bergan yirik zarbasi oqibatlarini shunday izohladi.
Shu bilan birga, diplomat X ijtimoiy tarmog‘ida Kiyevdagi havo hujumi to‘g‘risida trevoga bo‘yicha bildirishnomalar skrinshotini joylashtirib, bu «ukrainaliklar ertalab telefon ekranida ko‘rgan narsa» ekani, «Rossiya butun mamlakatni raketa bilan o‘qqa tutayotganida, millionlab erkaklar, ayollar va bolalar bomba boshpanalarida qolayotganini» bildirdi.
O‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning Ukrainadagi elchisi Martin Xerris Rossiyaning mamlakat fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarini jinoyat deb atadi. «Bugun ertalab Rossiyaning Ukrainaga yangi hujumlari. Ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘uruqxona, turar joy binolari, savdo markazlari va vokzallar hujum ostida qolgan - va bu dam olish kunlari arafasida. Fuqarolik infratuzilmasiga hujum jinoyatdir», - deb ta’kidladi u.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. «Ukraina shaharlariga qilingan bu keng ko‘lamli hujumlar Rossiya erkinlik va demokratiyani yo‘q qilish maqsadiga erishish uchun hech narsadan to‘xtamasligini ko‘rsatadi, - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. - Biz uning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz Ukraina tomonida qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt qolishimiz kerak».
Litva prezidenti Edgars Rinkevichs ham ittifoqchilarni Ukrainaga «hozir barcha zaruriy harbiy va moliyaviy yordam» berishga chaqirdi. «Bu - urush va tinch aholi nishonlariga hujumlarni to‘xtatishning yagona yo‘li. Bu - og‘ir davrda Ukraina bilan to‘liq birdamlik!» - deya ma’lum qildi u.
O‘z navbatida, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiyaning Ukrainaga raketa hujumlariga jamoaviy javob «barqaror va uzoq muddatli harbiy va moliyaviy yordamni davom ettirish bo‘lishi kerak», dedi.
Ayni paytda, Ukraina TIV saytida quyidagi bayonot e’lon qilindi: «Rossiya qo‘shinlari ukrainalik ayollar, bolalar, qariyalar va tinch aholiga qarshi kurashmoqda. Rossiyaning Ukrainada bugungi kunda sodir etgan jinoyatlari - uning Ukraina mudofaa kuchlari bilan jang maydonida vaziyatni o‘zgartirishga qodir emasligi uchun qasos. Biz xalqaro hamjamiyatni Ukraina xalqiga qarshi genotsidni to‘xtatish uchun barcha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiramiz. «Sulh», «hududlardan vaqtincha voz kechish», «charchoq», «muzokaralar» Rossiyani to‘xtata olmaydi, faqat uning ko‘lamini oshirib yuboradi. Rossiya Ukrainani to‘liq yo‘q qilishdan boshqa ssenariyni ko‘rib chiqayotgani yo‘q».
BMT Rossiyani o‘qqa tutishni to‘xtatishga chaqirdi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalarini qoraladi va Moskvani hujumlarni «zudlik bilan» to‘xtatishga chaqirdi. Tyurkning ta’kidlashicha, otishma natijasida fuqarolik infratuzilmasi, jumladan turar joy binolari, maktablar, bolalar bog‘chalari, tug‘uruqxona, parklar, metro stansiyalari va savdo markazlari, shuningdek, energiya infratuzilmasi zarar ko‘rgan. «Xalqaro gumanitar huquq fuqarolik obektlariga atayin qaratilgan hujumlarni, shuningdek, har qanday sharoitda pala-partish hujumlarni aniq taqiqlaydi», dedi Tyurk.
«Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlar va raketalardan foydalangan holda, yana bir to‘liq miqyosli, muvofiqlashtirilgan hujumi natijasida Ukraina hududida kamida 23 nafar tinch aholi halok bo‘lgani va 134 kishi yaralanganidan dahshatga tushdim», — deb yozdi BMT oliy komissari X ijtimoiy tarmog‘ida.
Rossiyaning Ukraina shaharlariga yirik raketa hujumi
29 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaning qator shaharlariga turli turdagi raketalar, dronlar va boshqa qurollardan foydalangan holda yirik havo hujumini amalga oshirdi. Shu bilan birga, Kiyev, Odessa, Lviv, Xarkiv va mamlakatning boshqa shaharlaridagi obektlar nishonga aylandi. Ushbu hujum natijasida fuqarolik obektlari, jumladan, turar joy binolari, tug‘uruqxona va metro bekati ham zarar ko‘rgan. 29 dekabr kuni 17 kishi halok bo‘lgani va 100 dan ortiq fuqaro jarohat olgani ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024