18:36 / 30.12.2023
13527

Xitoy poraxo‘rlik uchun jazoni kuchaytirdi

Asosan, pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo kuchaytirildi.

Foto: AFP

Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasining navbatdagi majlisida Xitoy Xalq Respublikasi Jinoyat Kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qaror qabul qilindi.

O‘zgartirishlar poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlar to‘g‘risidagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish, shuningdek, poraxo‘rlik uchun yanada qattiqroq jazolarni nazarda tutadi.

Jumladan, quyidagi moddalar bo‘yicha jazo choralari kuchaytiriladi:

- davlat mansabdor shaxslariga pora berish;

- milliy muhim loyihalar yoki yirik loyihalar doirasida pora berish;

- mansabda ko‘tarilish uchun pora berish;

- nazorat, ma’muriy huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari xodimlariga pora berish;

- ekologiya, moliya, sanoat xavfsizligi, oziq-ovqat va tibbiyot, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularga barham berish, ijtimoiy ta’minot, ta’lim, tibbiy yordam va boshqalarda pora berish.

Tuzatishlar 2024 yil 1 martdan kuchga kiradi.

Xitoyda pora berish og‘ir jinoyat hisoblanib, jazo bir necha omillarga bog‘liq. Masalan, pora miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, jazo shunchalik qattiqroq bo‘ladi. Pora oluvchining lavozimi qanchalik baland bo‘lsa, jazo shunchalik qattiqroq bo‘ladi.

Xitoy Jinoyat Kodeksining 390-moddasida pora berish uchun quyidagi jazolar belgilangan: Kichik miqdorda pora berish, davlat amaldori bo‘lmagan shaxsga pora berish - 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Katta miqdorda pora berish, yuqori mansabni egallagan davlat amaldoriga pora berish - 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Juda katta miqdorda pora berish, bu og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa - 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish.

Shu bilan birga, ozodlikdan mahrum qilishdan tashqari quyidagi qo‘shimcha jazolar qo‘llanilishi mumkin: pora miqdorining bir necha baravarida jarimaga tortish, mulkni musodara qilish, siyosiy huquqlardan mahrum qilish, muayyan lavozimlarni egallash yoki saylovda qatnashish huquqidan mahrum etish.

Mavzuga oid
Top