11:18 / 01.01.2024
30484

107 yillik “tilla bahsi” - Rossiya nega Ruminiyaning oltinlarini qaytarmayapti?

Bugun dunyoning aksariyat davlatlarida o‘zaro chegaraga ega bo‘lmagan mamlakatlar o‘rtasida jiddiy muammolar yo‘q. Faqat qo‘shnilar bilan chegara masalasida bahslar bo‘lishi mumkin. Lekin istisnolar ham bor. O‘zaro chegaraga ega bo‘lmagan Ruminiya va Rossiya o‘rtasida ancha yillardan beri katta miqdordagi oltinlar ustida bahs ketyapti. Ruminiya da’vogar, Rossiya esa tan olmayapti.

Barchasi birinchi jahon urushi avj pallasiga chiqqan 1916 yilga borib taqaladi. O‘shanda Rossiya bilan ittifoqchi bo‘lgan Ruminiya Antanta tomonida turib, Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyalariga qarshi urushayotgandi.

Avstriya-Vengriya va Ruminiya juda katta hududda chegaradosh bo‘lgan. Shu sababli ruminlar ancha kuchli Germaniya va Avstriya-Vengriya armiyalari hamlasi ostida qolishadi.

1916 yil dekabr oyi boshida dushman armiyasi poytaxt Buxarestga yaqinlashib qoladi. Shunda qirol oilasi va mamlakat parlamenti mamlakat shimoliy sharqida, Rossiya imperiyasiga yaqin bo‘lgan Yassi shahriga ko‘chishga qaror qiladi.

Dushman yaqinlashar ekan, mamlakatning oltin va boshqa boyliklar zaxirasi ham xavf ostida qoladi. Shunda Ruminiya qirolligi 90 tonnadan oshiq (ba’zi manbaalarda 150 tonna ham deyilgan) oltin va boshqa boyliklarini vaqtincha saqlash uchun yaqin ittifoqchisi Rossiyaga topshiradi.

Oltinlar 40 ta vagonga yuklanib Moskvaga yuboriladi. (O‘sha paytda Boltiq dengizi yoqasida joylashgan Sankt-Peterburgda boyliklarni saqlash xavfli bo‘lgani uchun, Rossiyaning oltinlari ham 1915 yilda Moskvaga yuborilgan edi) Hozirgi kunda bu boylikning qiymati 5 mlrd dollarga baholanmoqda (ruminlar ko‘proq hisoblashmoqda).

Ko‘p o‘tmay Rossiyada oktyabr to‘ntarishi amalga oshiriladi. Hokimiyat tepasiga bolsheviklar keladi. Oradan biroz o‘tib, 1918 yilda ruminlar avvallari Chor Rossiyasi tarkibida bo‘lgan Bessarabiyani bosib olishadi.

Bunga javoban 1918 yil 13 yanvar kuni RSFSR xalq komissarlari soveti Ruminiya bilan diplomatik munosabatlarni uzish, uning Moskvadagi oltin va zargarlik buyumlarini Rossiyada saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

1935 yilda sovetlar Fransiya bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatadi. O‘sha paytda Ruminiya ham Fransiya bilan ittifoqdosh edi. Shunda SSSR Ruminiya bilan diplomatik aloqalarni tiklaydi va Buxarestga 12 tonna oltinni qaytarib beradi.

Buni Ruminiyaning sobiq bosh vaziri Menea Menesku (u 1974-1979 yillarda bosh vazir bo‘lgan) ham tasdiqlagan. Uning aytishicha, SSSR 1934 va 1936 yillarda Ruminiyaga atigi 12 tonna oltinni qaytargan.

Ruuminiya qirolligining oltin tangalari

Ikkinchi jahon urushi boshlangach SSSR va Ruminiya aloqalari yana yomonlashadi. Shundan so‘ng sovetlar oltinning qolgan qismini berishmaydi.

Keyinchalik Sovet hukumati bir necha bor barcha oltin Ruminiya hukumatiga qaytarilganini ta’kidladi. Biroq Ruminiya rasmiylari buni inkor qiladi va mulkning faqat bir qismi qaytarilganini aytadi.

Oltinlar Moskvaga yuborilgandan buyon 107 yil o‘tdi va ruminlar hanuzgacha Rossiyadan o‘sha oltinlarni qaytarib berishni talab qilishadi. Rossiya esa ikkinchi jahon urushida Ruminiya SSSRga bostirib kirganini aytib, oltinlar tovon puli sifatida ushlab qolinganini aytadi.

Ruminiya 1944 yilgacha qirollik bo‘lgan. Nemislar yengilgandan so‘ng bu davlat sovetlar ta’siri ostiga tushib qoladi va sotsialistik respublikaga aylantiriladi.

Shundan so‘ng uzoq yillar davomida ruminlar “katta og‘a” Moskvadan 1916 yilda topshirilgan oltinlarni qaytarish bo‘yicha keskin talab qo‘ya olmaydi.

1960-yillarda Ruminiyaga Nikolay Chaushesku rahbarlik qila boshlaydi. Turli manbalarda yozilishicha, u Brejnev bilan uchrashgan kezlarda bir necha marta oltinlar haqida so‘ragan. Sovet rahabri unga yumshoqqina qilib oltinlar tovon sifatida ushlab qolinganini “tushuntirgan”.

1991 yilda SSSR parchalanib ketdi. Ungacha 1989 yilda Ruminiyada Nikolay Chaushesku ham hokimiyatdan chetlatildi. Mamlakat sotsialistik tuzumdan voz kechdi va Yevroittifoq tomon yuz burdi. Keyinroq NATOga qo‘shildi.

Shundan so‘ng mamlakat markaziy banki Rossiyaga omonatga berilgan oltin masalasini yana qayta ko‘tara boshladi. Biroq oltin topshirilgan 1916 yildan buyon uch marta tuzum o‘zgargan Rossiya endi Ruminiyaning da’volarini tan olmayapti.

Aksincha, rus siyosatchilari, OAV xodimlari va blogerlari Ruminiyaning o‘zini qarz qilib qo‘yishayapti. Ularning fikricha, ikkinchi jahon urushida Ruminiya Germaniya bilan ittifoqchi bo‘lgan. SSSRga bostirib kirib mamlakatga zarar yetkazgan. Shu sababli ruminlar Rossiyaga tovon puli to‘lashi kerak.

Bundan tashqari, Rossiya ikkinchi jahon urushida ruminlarni fashizm balosidan qutqarib juda katta ish qilgan. Bu uchun rumin xalqi bir umr ruslardan minnatdor bo‘lib yurishi kerak.

Ruuminiya qirolligining oltin tangalari

So‘nggi yillardagi da’volar2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. Shundan so‘ng G‘arb Rossiyaga qarshi sanksilar joriy qilib kelyapti. Bundan tashqari, Rossiyaning Yevropa va Amerika banklarida bo‘lgan pullari muzlatildi.

Oxirgi paytlarda Rossiyaning muzlatilgan pullarini Ukrainani tiklash uchun berish masalasi ko‘tarilyapti va katta ehtimol bilan qachonlardir shu holat yuz beradi.

Rossiyaning aktivlari muzlatilgandan so‘ng Ruminiyada o‘sha pullar hisobidan 1916 yilda topshirilgan oltinlarning haqini ajratib olish masalasi kun tartibiga chiqdi.

Bunda Ruminiya hukumati bilan birga OAV ham jonbozlik ko‘rsatyapti va oltinlarni qaytarish mavzusida ko‘plab maqolalar e’lon qilindi.

Ularda Ruminiya hukumati G‘arb davlatlari, jumladan AQSh va Yevroittiffoq muzlatilgan Rossiya aktivlaridan bir qismini 1916 yilda omonatga topshirilgan oltinlar uchun berishi kerak degan talab ilgari surilyapti.

Qolaversa, 2023 yil 20 noyabr kuni o‘tkazilgan tadbirda Ruminiya Milliy banki Rossiyaga topshirilgan oltinlarning statusini o‘zgartirdi. Endi u “Rossiyaning debitorlik qarzi” deb atalmoqda.

2023 yil aprel oyida Ruminiya hukumati Yevropa Ittifoqiga murojaat qilib, 1916 yilda Rossiyaga topshirilgan oltinlarni qaytarib olishda yordam so‘radi.

Shuningdek, ruminiyalik deputat Yeujyen Tomak Yevroparlamentda chiqish qilib, Rossiya Ruminiyaning boyliklaridan oz qismini qaytarganini, uning asosiy qismi qaytarilmagani va hozirda uning qiymati 40 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qilgan.

Yevroparlamentda Rumin oltini masalasini ko‘targan Yeujyen Tomak

Deputat Rossiya hukumati Ruminiya oltin zaxiralarini qaytarish bo‘yicha muzokaralardan qochayotganini aytgan. U bunga qarshi chora sifatida Yevroparlamentdan Rossiyani Ruminiyaga oltin zaxiralarini qaytarishga majbur qiladigan normativ hujjat ishlab chiqishni talab qilmoqda.

Bundan tashqari, Ruminiyada shu mavzu bo‘yicha tadbirlar uyushtirilyapti, ingliz tilida chop etilgan turli tadqiqotlar va maqolalarning taqdimoti o‘tkazilyapti.

Ana shunday tadbirlardan biri Ruminiya markaziy banki tomonidan 2023 yil 20 noyabr kuni “Moskvaga evakuatsiya qilingan Ruminiya xazinalari – bir asrdan ortiq davom etayotgan debitorlik qarzlari” nomi ostida o‘tkazildi.

Tadbirda Kristian Pauneskuning “Moskvaga olib ketilgan va hech qachon qaytib kelmagan Ruminiya Milliy banki xazinasi” va Ilya Skiporning “Ruminiya g‘aznachiligi taqdiri – Rossiya arxivlaridan argumentlar” nomli ilmiy tadqiqotlari taqdim etildi.

Tadqiqotlar e’lon qilingach rossiyaliklar ham darhol qarshi hujumga o‘tishdi. Turli ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va blogerlar o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Bu munosabatlarning aksariyati aniq faktlardan ko‘ra ko‘proq shovinistik ruhda umumiy gaplardan va haqoratlardan iborat bo‘lgan. Rossiyaliklar ruminlarning da’volariga quyidagicha javob qaytargan:

  • Ruminiya Rossiyaga topshirgan oltin hajmi 93 tonna emas, 64 tonna bo‘lgan va u allaqachon qaytarilgan;
  • Mabodo qaytarilmagan bo‘lsa, u ikkinchi jahon urushi paytida Ruminiya armiyasi tomonidan SSSR hududiga yetkazilgan zarar uchun tovon sifatida ushlab qolingan;
  • Rossiya Ruminiyadan qarzdor Rossiya emas. Balki Varshava shartnomasi tashkiloti mavjud bo‘lgan yillarda qilingan “barcha yaxshiliklar uchun” Ruminiya Rossiyadan qarzdor bo‘lib qolmoqda.

Rossiyaliklar bu bilan cheklanib qolishmadi. Ular qaytargan javobning kulminatsion nuqtasi yolg‘on ma’lumotlar bilan boyitilgan hujjatli film bo‘ldi.

Zvezda telekanalida efirga uzatilgan hujjatli filmning banneri

Film Sergey Medvedevning “Zvezda” telekanalidagi studiyasi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, unda faqat Rossiya tomonining vajlari keltirilgan.

Film namoyish qilingandan so‘ng ayrim rus jurnalistlari Ruminiya oltinlari haqidagi haqiqatni bilmoqchi bo‘lganlar ikkinchi tomonning vajlarini ham eshitib ko‘rishi kerakligi, ruslar tayyorlagan film bir tomonlama yolg‘on targ‘ibotdan iborat bo‘lib qolganini yozib chiqishdi.

Jumladan, rossiyalik taniqli yozuvchi va jurnalist Sergey Golubitskiy Ruminiyaning oltin da’vosi haqida bir nechta maqola e’lon qilgan.

Uning yozishicha, 1916 yilda Ruminiya oltinlarining Rossiyada saqlanishi haqidagi taklif Buxarestdan emas, Sankt-Peturburgdan chiqqan va ruslar ruminlarga “o‘zlarining xolis xizmatlarini” taklif etishgan.

Qolaversa, 1917 yilda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishigacha Ruminiya oltinlari haqida hech qanday muammo bo‘lmagan va Rossiya o‘zini omonatdor deb bilgan.

Sergeyning yozishicha, 1916 yilda ruminlarning oldida ikkita yo‘l bo‘lgan. Oltinlarni saqlash uchun Britaniya g‘aznasiga yoki Rossiyaga topshirish. O‘shanda Rossiya varianti tanlanadi (hozirda Britaniya g‘aznasida ham Ruminiya oltinlari bor va ular bilan muammo yo‘q).

Sergey Golubitskiy Foto: datab.us

Sergey Golubitskiy rumin oltinlari haqida shunday yozadi:

Ruminiya o‘zining milliy xazinasini Rossiyaga vaqtincha saqlash uchun topshirganda, bu davlatga ishondi. Rossiyada hokimiyatni bir to‘da qaroqchilar va terrorchilar egallab olgandan so‘ng, bu ishonch yanchib tashlandi. Dastlab Trotskiy oltin, zargarlik buyumlari, qimmatbaho qo‘lyozmalar va rasmlar burjuaziya emas, balki faqat “rumin xalqi”ga qaytarilishini e’lon qildi. Keyinchalik, Lenin Ruminiya Milliy banki muhrlarini yo‘q qilish uchun oltinlarni eritib yuborishni buyurdi. Stalin oltin quymalarini davlat g‘aznasiga (Goxran) qo‘shtirib yubordi. Ikkinchi jahon urushi boshlangach avvaliga Ruminiyaning bir qismi sovetlar tomonidan bosib olindi. Urush tugagach bu davlat Moskvaning “kommunistik qopqoni”ga tushdi. Shu tariqa yarim asr Sharqiy Yevropaning boshqa “baxtsiz” davlatlari qatori siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini yo‘qotdi. SSSR parchalangach sovetlar Ruminiyadan chiqib ketayotib “Biz sizdan emas, aksincha siz bizdan qarzsiz” deb chiqib ketishdi”.

Axloqiy imperativ (sharsiz talab – falsafiy termin) mantig‘iga ko‘ra, Rossiya tomonidan vaqtincha saqlash uchun olingan hamma narsa hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz va so‘zsiz egasiga qaytarilishi kerak. Shundan keyingina ikkinchi jahon urushi paytida Ruminiya armiyasi yetkazgan zarar uchun da’vo qilish mumkin.

Biroq Rossiya hech qachon bunday qilmaydi, qila olmaydi ham. Chunki ikkinchi jahon urushigacha SSSR Polsha, Finlandiya, Ruminiya, Chexoslovakiya va Vengriyaga bostirib kirgan va fashistlar Germaniyasi bilan ularning hududlarini o‘zaro taqsimlab olgan edi. Ya’ni ruminlar SSSRga zarar yetkazishidan avval SSSR ularga zarar yetkazib bo‘lgan edi.

Ana shunday sharoitda Rossiyaning Ruminiyaga tegishli oltinlarni ikkinchi jahon urushidagi bosqinchilik uchun tovon puli sifatida ushlab qolindi deyishi Sergey Golubitskiyga ko‘ra mantiqsizlik.

Chunki ikkinchi jahon urushi boshlangan kezda avval SSSR Ruminiyaga bostirib kirgan va hatto hududining bir qismini tortib olgandi. Shu sababli agar “barchasi taroziga qo‘yilsa” tosh Ruminiya tomonga bosib ketishi turgan gap.

Sergey Golubitskiy Ruminiyaning Rossiyaga da’vosi haqida yozar ekan, hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan o‘xshash holatni misol tariqasida keltiradi.

Ya’ni Rossiya Yevropa Ittifoqi va AQShga o‘z aktivlarini saqlashni ishonib topshirdi va keyin Ukrainaga hujum qilib, uning infratuzilmasiga juda katta zarar yetkazdi.

Yevropa Ittifoqi va AQSh qanday yo‘l tutdi? Avvaliga ular Rossiya markaziy bankining G‘arbdagi aktivlarini muzlatib qo‘yishdi. Endi o‘sha aktivlarni hatto harbiy harakatlar tugashini kutmasdan Ukrainaga topshirish uchun qonuniy asoslarni o‘ylab topishmoqda.

Bugun Rossiya G‘arbdagi aktivlar bo‘yicha muammolarga duch kelayotgani sizga hech narsani eslatmayaptimi? Aslida, bu yerda eslaydigan hech narsa yo‘q. Shunchaki, Rossiya omonatga olingan Ruminiya oltini bo‘yicha qanday pozitsiyada bo‘lsa, G‘arb ham Rossiya pullari masalasida shunday pozitsiyada bo‘lmoqda. Bu yerda bahslashadigan holat yo‘q – agar kimdir sizga ishongan bo‘lsa, siz o‘z majburiyatlaringizni bajarishingiz va ishonchni oqlashingiz kerak, tamom vassalom. Shundan keyin siz ham o‘z da’volaringizni ilgari suring”, deydi Sergey Golubitskiy.

Ruminiyada 107 yil avval topshirilgan oltinni Rossiyadan olish imkoniyati bormi? Sergeyga ko‘ra, albatta, bor. Agar Rossiya Ukrainadagi urushda mag‘lubiyatga uchrasa va uning iqtisodiyoti qulasa yoki hokimiyat tubdan o‘zgarsa buning iloji bo‘lishi mumkin.

Qachonlardir Rossiyaning Ukrainaga muqarrar tovon to‘lashi to‘g‘risida kelishuv qilinsa, bu Ruminiyaning foydasiga ham ishlab ketishi mumkin.

Ruminiya tomoni shuni bilishi kerakki, bunday ssenariyda “Rumin oltini” masalasini hal qilish birgina Rossiyaning Ukrainadagi mag‘lubiyati yoki Rossiyada hokimiyat almashuvi bilan hal bo‘lmasligi ham mumkin. Chunki har ikki holatda ham Rossiya AQSh bilan qandaydir kelishuvlarga erishsa Ruminiya o‘z oltinlarini qaytarib ololmasligi aniq. Shu sababli Ruminiyaning Rossiyadan o‘z oltinini undirishi hammadan ko‘proq ikki yirik davlat o‘rtasidagi munosabat va kelishuvlarga bog‘liq”, deydi Sergey Golubitskiy.

Bugun Rossiya va Ukraina o‘rtasida kechayotgan urushning natijasi hozircha juda mavhum. Shu sababli Ruminiya o‘z oltinlarini bu yaqin orada ololmasligi kunday ravshan. Qisqasi, Rossiyadan oltinlarini undirish hozircha aniq imkonsiz. Bu kelajakda ham sodir bo‘lmasligi ehtimoli yuqori.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top