09:35 / 02.01.2024
5394

Norvegiya Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol sotishga ruxsat berdi

Norvegiyada urishayotgan davlatga qurol sotish taqiqlangan. Biroq, Oslo hukumati Ukraina uchun istisno qildi.

Foto: Reuters

Norvegiya hukumati Norvegiyada ishlab chiqarilgan qurol va mudofaa mahsulotlarini Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat berishga qaror qildi. Hukumat saytida shu kuni chop etilgan press-relizga ko‘ra, ushbu o‘zgartirish 1 yanvar, dushanba kunidan kuchga kirdi.

Xabarda qayd etilishicha, 1959 yildagi Storting (Norvegiya parlamenti) qaroriga ko‘ra, urush ketayotgan yoki urush xavfi mavjud bo‘lgan hududlarga qurol va o‘q-dorilar sotish taqiqlangan. Shu tariqa, Oslo hukumati ushbu taqiqdan istisno qildi.

Eksport litsenziyalari - individual asosda 

Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi qurol va mudofaa mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish faqat Ukraina rasmiylariga amalga oshirilishi mumkinligini va Tashqi ishlar vazirligi kompaniyalarga faqat individual asosda tegishli eksport litsenziyalarini berishini ta’kidladi. 

Oslodagi hukumat Rossiya hujumi Ukrainaga davlat va millat sifatida tahdid solayotganiga ishora qildi. «Rossiya urushi natijasida yuzaga kelgan favqulodda xavfsizlik vaziyatida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishimiz shart. Ukrainaga yordam Norvegiya va Yevropa xavfsizligi uchun muhim. Noqonuniy urush uzoq vaqt davom etishi ehtimolini hisobga olishimiz kerak», dedi Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde. 

2023 yilda Oslo Kiyevga 11 milliard Norvegiya kronasi (taxminan 980 million yevro) miqdorida harbiy yordam ko‘rsatdi. 

Top