23:40 / 03.01.2024
9438

Argentina prezidenti Buyuk Britaniyani Folklend orollarini qaytarishga chaqirdi 

Yangi hukumat bu masala bo‘yicha muzokara boshlashni taklif qilmoqda. 

Foto: EPA

Prezident Xaviyer Miley boshchiligidagi Argentinaning yangi hukumati Londonni Folklend orollarini (Malvin orollari) qaytarishga va bu masala bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi. 

«Bugun Buyuk Britaniya tomonidan Malvin orollarining ishg‘ol etilganiga 191 yil to‘ldi. Argentina hukumati va jamiyati Malvin orollari ustidan suverenitet huquqimizni talab qiladi», dedi hukumat vakili Manuel Adorni matbuot anjumanida. 

«Argentina hukumati BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyalari qoidalariga muvofiq, suverenitet masalasiga yechim topish imkonini beradigan ikki tomonlama muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi», deyiladi Argentina Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. 

«Argentina hukumati Buyuk Britaniya bilan muzokaralarni qayta boshlash uchun qulay ishonch muhitini yaratish maqsadida o‘zaro manfaatli barcha masalalar bo‘yicha mazmunli va konstruktiv muloqotni o‘z ichiga olgan munosabatlarni saqlab qolishni istaydi», deb qo‘shimcha qildi mamlakat TIV. 

Buyuk Britaniya va Argentina o‘rtasidagi Malvin orollari (Buyuk Britaniyada Folklend orollari deb ataladi), shuningdek, Britaniyaning Janubiy Jorjiya bilan Janubiy Sandvich orollari uchun urush 1982 yil 2 aprelda boshlandi va 14 iyunda Argentina mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Shunday bo‘lsa-da, Argentina ushbu hududlarni o‘ziniki deb hisoblaydi.

Top