15:30 / 03.01.2024
17170

Toshkent ekologiya boshqarmasi boshlig‘i ishdan chetlatilib, boshqarmaning vakolatlari cheklandi

Ekologiya vaziri Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘ini bir oyga ishdan chetlashtirib, uning oxirgi 2 yildagi faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinladi. Bu – poytaxtda moratoriyga qaramay daraxtkesarliklar to‘xtamayotgani bilan bog‘liq. Boshqarmaning daraxt kesish yoki ko‘chirib o‘tqazishga ruxsatnoma berish vakolatlari vaqtincha vazirlikning o‘ziga o‘tkazildi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning buyrug‘i bilan, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonovning faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, shu munosabat bilan Dehqonov 2023 yilning 30 dekabridan 2024 yilning 1 fevraligacha ishdan chetlashtirilgan.

Tekshiruv davomida Toshkent shahar ekologiya boshqarmasining barcha tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, xodimlarining faoliyati hamda 2021–2023 yillar davomida boshqarma tomonidan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni kesishga berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi va asoslari o‘rganiladi.

“Ta’kidlash joizki, poytaxtda moratoriy talablariga to‘liq rioya etilmayotgani, aholi tomonidan daraxtlarning kesilishi borasida ko‘plab e’tirozlar bildirilayotgani, qonunchilikka amal qilinmasdan daraxtlarni kesishga yoki ko‘chirishga qayta-qayta ruxsatnoma berilayotgani sababli Ekologiya vazirligi shu yilning 1 fevraliga qadar Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi vakolatlarini cheklashiga to‘g‘ri keldi.

Xususan, endi daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tqazishga ruxsatnoma berish faqatgina vazirlikning tegishli boshqarmasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ushbu bayonoti bilan Yunusobod tumanida quruvchilar eman daraxtiga shikast yetkazayotgani haqida tarqalgan xabarlarni ham tasdiqladi.

Poytaxt ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganida “Max-Proceccing” MChJ mansabdor shaxslari tomonidan 1 dona eman daraxti tegishli agrotexnik talablarga amal qilinmasdan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumaniga ko‘chirib o‘tqazilgani aniqlangan. Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan MChJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 198-moddasi 3-qismi va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top