Jahon | 11:08 / 04.01.2024
33875
5 daqiqa o‘qiladi

Bortdagi yong‘in: ekipaj yonayotgan samolyotdan yo‘lovchilarni qanday qilib benuqson evakuatsiya qilgani haqida

Japan Airlines aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchilarining Tokio aeroportida benuqson evakuatsiya qilinishi butun dunyoni hayratda qoldirdi. Aviatsiya mutaxassislari va ekipaj a’zolarining BBC nashriga aytishicha, evakuatsiya muvaffaqiyati ekipajning mukammal tayyorgarligi va yo‘lovchilarning namunali xulq-atvori bilan bog‘liq.

Yo‘lovchilar ekipaj ko‘rsatmalariga amal qilgan holda yonayotgan samolyotning avariya chiqish eshiklariga qo‘l yukisiz shoshilishgan. Aviatsiya mutaxassislari fikricha, aynan shu qoidaga amal qilinishi Tokiodagi Haneda aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida yonib ketgan Airbus A350 samolyoti bortidagi barcha 379 kishini muvaffaqiyatli evakuatsiya qilish imkonini bergan asosiy omil bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan.

Japan Airlines aviakompaniyasining 516-reysi qo‘nish chog‘ida qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining kichik samolyoti bilan to‘qnashgan, oqibatda yong‘in chiqqan. Kichik samolyot bortidagi olti kishidan besh nafari halok bo‘lgan.

Qo‘nish chog‘ida samolyotning old shassisi sinib, yerga engashib qolgan, bu esa yo‘lovchilar chiqish eshiklari tomon harakatlanishini qiyinlashtirgan.

Yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish uchun faqat uchta shishiriladigan trapdan foydalanish mumkin edi, ammo samolyot qiyshayib qolgani tufayli ularni to‘g‘ri joylashtirish qiyin edi. Oqibatda traplar katta burchak ostida qolgan, bu esa evakuatsiyani murakkablashtirgan.

Japan Airlines vakili so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya vaqtida samolyotning ovoz bilan murojaat qilish tizimi ham ishlamagan, shuning uchun ekipaj yo‘lovchilarga megafondan foydalanib va shunchaki baland ovozda baqirib ko‘rsatma berishga majbur bo‘lgan.

Aviakompaniya xabariga ko‘ra, bir yo‘lovchi kichik jarohat olgan, yana 13 nafari jismoniy diskomfort tufayli shifokorlarga murojaat qilgan.

Japan Airlines aviakompaniyasi samolyoti Hokkaydo orolidagi Sapporo shahridan havoga ko‘tarilib, 2 soatdan keyin Tokioning Haneda aeroportiga qo‘ngan. Qirg‘oq xavfsizlik xizmatining kichik samolyoti bir kun oldin sodir bo‘lgan kuchli zilzila qurbonlariga yordam yetkazishi kerak edi. Hozir to‘qnashuv yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Japan Airlines aviakompaniyasining ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan sobiq styuardessasi so‘zlariga ko‘ra, 516-reys yo‘lovchilariga «omad juda kulib boqqan».

«Barcha yo‘lovchilar tirik ekanini bilib, yengil tortdim. Ammo favqulodda evakuatsiya tartibi haqida o‘ylay boshlaganimda, asabiylashdim va qo‘rqib ketdim», dedi u. «Ikki samolyot qanday to‘qnashgani va yong‘in qanday tarqalishiga qarab, bundan ham yomonroq bo‘lishi mumkin edi».

Bunday vaziyatlarda yo‘lovchilar orasida vahima tarqalishining oldini olish qiyin bo‘lishi mumkin, dedi sobiq styuardessa.

«Ular erishgan natija oson tuyulishi mumkin, lekin unday emas. Ular barchani qutqara olishdi, demak ekipaj a’zolari o‘rtasidagi harakatlar yaxshi muvofiqlashtirilgan va yo‘lovchilar ko‘rsatmalarga og‘ishmay amal qilgan», dedi u.

Styuardessaning so‘zlariga ko‘ra, ekipajning yangi a’zolari parvozlarga chiqishni boshlashdan oldin uch haftalik evakuatsiya mashg‘ulotlaridan o‘tadi. Mashg‘ulotlar har yili takrorlanadi.

«Biz yozma imtihon topshiramiz, amaliy mashg‘ulotlarni muhokama qilamiz va turli ssenariylarda, masalan, samolyot suvga qo‘nishga majbur bo‘lganda yoki bortda yong‘in chiqqanda qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlardan o‘tamiz. Bunday mashg‘ulotlarda texnik xodimlar ham ishtirok etadi», dedi u.

Aviatsiya xavfsizligi qoidalarga ko‘ra, evakuatsiya qilish talab etiladigan har qanday favqulodda vaziyatda barcha yo‘lovchilar samolyotni 90 soniya ichida tark etishi kerak.

Xalqaro parvoz sertifikatini olish uchun samolyot ishlab chiqaruvchi korxona ushbu talabning bajarilishini ko‘rsatishi shart. Evakuatsiya sinovlarida ba’zan haqiqiy yo‘lovchilar ham ishtirok etadi.

O‘tmishdagi bir qancha baxtsiz hodisalardan so‘ng, aviatsiya xavfsizligi qoidalari ancha kuchaytirildi.

Masalan, 1977 yilda Tenerife orolidagi aeroportda ikkita Boeing 747 samolyoti to‘qnashishi oqibatida 583 kishi halok bo‘lgan edi. Bu hozirgacha aviatsiya tarixidagi eng halokatli avariya hisoblanadi. Ushbu falokatga ekipaj va aeroportning havo harakatini nazorat qiluvchi xodimlari o‘rtasidagi tushunmovchilik sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng, ekipaj va aeroport xodimlari o‘rtasidagi muloqot qoidalari o‘zgartirilgan.

Japan Airlines aviakompaniyasi tarixida ham fojia yuz bergan: 1985 yil avgust oyida Osakaga yo‘l olgan samolyot Tokioning Haneda aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay tog‘ga uriladi. Falokatga samolyot ishlab chiqaruvchi Boeing kompaniyasining ta’mirlashdagi xatolari sabab bo‘lgan. Bortdagi 524 kishidan faqat to‘rt nafari tirik qolgan.

Mavzuga oid