12:46 / 06.01.2024
7043

The Telegraph: Rossiya yana Xarkivga hujum qilishi mumkin

Xarkivni o‘qqa tutishda davom etayotgan Rossiya kuchlari yaqin haftalarda shaharga keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar berdi Britaniyaning The Telegraph gazetasi.

Foto: AFP

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Rossiya qo‘shinlari Xarkivga yangi hujum uyushtirishi mumkinligiga hozirlik ko‘rmoqda, deb yozadi Britaniyaning The Telegraph gazetasi 4 yanvar kuni Ukraina qurolli kuchlari bilan aloqador manbaga tayanib. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Rossiya tomoni raketa, artilleriya va minomyotlardan foydalangan holda Xarkivni doimiy ravishda o‘qqa tutmoqda. 4 yanvar kuni shaharning o‘zi va unga yaqin joylashgan kamida 15 ta aholi punkti o‘qqa tutildi, bir kun avval butun mintaqadagi harbiy obektlar nishonga olindi. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari fuqarolik obektlariga ham zarba berayotgani aytiladi

Ukraina Qurolli kuchlari buni yaqin haftalarda keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik sifatida ko‘rmoqda. O‘qqa tutish 7 yanvar kuni kuchayishi kutilmoqda va Rossiya hujumining boshlanishi mumkin bo‘lgan sana 15 yanvar bo‘lishi mumkin, deb yozadi The Telegraph. 

Bundan tashqari, Ukraina Qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general Aleksandr Sirskiy Moskva Limanga yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ogohlantirdi. «Dushman Kupyansk va Baxmut yo‘nalishlarida jadal hujum operatsiyalarini davom ettirmoqda va Liman yo‘nalishida to‘planmoqda», — deb yozdi Sirskiy o‘zining Telegram-kanalida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Liman hududida Rossiya kuchlari hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda, aviatsiyadan faol foydalanmoqda, harbiy texnika miqdorini oshirmoqda, hujumlar uchun «Shtorm Z» va «Shtorm V» bo‘linmalaridan foydalanmoqda, shuningdek, kuchlarni boshqa yo‘nalishlardan bu yerga o‘tkazmoqda. 

2022 yilda Xarkivga hujum 

Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlanganidan so‘ng, Rossiya qo‘shinlari Xarkivga hujum qildi, 2022 yil 27 fevralda ular shaharga kirib, uning markazigacha yetib keldi, ammo javob zarbasi oldi va ortga chekindi. Ukrainaning ikkinchi eng zich shahri va Xarkiv viloyatining ma’muriy markazi egallab olinmadi hamda keyinchalik rus armiyasi tomonidan havodan bir necha bor bombardimon qilindi.

Top