07:50 / 06.01.2024
10228

Toshkentning ikki tumanida issiq suvda paydo bo‘lgan qora zarrachalar bo‘yicha tushuntirish berildi

Toshkentning ikki tumanida iste’molchilar issiq suvda qora zarralar paydo bo‘lganini bildirdi. Veolia Energy Tashkent bunga 1-IM qozonxonasidagi suvni tozalash filtridan sulfatlangan ko‘mir chiqishi sabab bo‘lganini bildirdi. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

3 va 4 yanvar kunlari Toshkent shahrining ikkita tumanida yashovchi, «Toshkent issiqlik markazi» korxonasiga qarashli 1-IM qozonxonasi ishlayotgan hududlardagi issiq suv iste’molchilarining suvida qora zarrachalar va loyqalik paydo bo‘lgan.

Veolia Energy Tashkent bunga 3 yanvarga o‘tar kechasi 1-IM qozonxonasidagi suvni tozalash filtridan sulfatlangan ko‘mirning chiqishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Qozonxonadan sulfatlangan ko‘mir tushishi oqibatida Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlaridagi iste’molchilarning issiq suvlarida qora fraksiyalar (sulfoko‘mir) paydo bo‘lgan.

Sulfoko‘mir suvni filtrlashda ishlatiladi va iste’molchilar uchun xavf tug‘dirmaydi.

Issiqlik tarmoqlarida sulfatlangan ko‘mir oqimi bartaraf etildi, vaziyat qozonxona va Veolia Energy Tashkent texnik xodimlari nazoratida.

Veolia Energy Tashkent hisoblagichlar tiqilib qolsa, profilaktika ishlarini olib borishga tayyorligini bildirdi. 

Top