20:47 / 11.01.2024
4148

BMT Xalqaro sudida Isroilga qarshi da’vo bo‘yicha tinglovlar boshlandi

Isroil davlati G‘azo sektori aholisini genotsid qilishda ayblanmoqda. Isroil rasmiylari bu ayblovlarni rad etib, davlat o‘zini himoya qilishining yagona yo‘li HAMAS harakatini butunlay yo‘q qilish ekanini ta’kidlamoqda.

BMT Xalqaro sudi G‘azo sektoridagi urush usullari tufayli genotsidda ayblangan Isroil davlatiga qarshi da’voni ko‘rib chiqishni boshladi. Yig‘ilish YouTube ijtimoiy tarmog‘ida namoyish etildi.

Sudyalar qasamyod qilgandan so‘ng, bosh sudya Joan Donohyu ayblovlarni o‘qib chiqdi. Janubiy Afrika tomonidan berilgan da’voda Isroil 1948 yilgi «Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risida»gi BMT konvensiyasini buzishda ayblanadi. Dastlabki chora sifatida Janubiy Afrika Isroildan G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishni talab qilmoqda.

Janubiy Afrika manfaatini himoya qilayotgan britaniyalik advokat Voan Louning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarni guruh sifatida yo‘q qilish niyati haqidagi gumon yahudiy xalqi yoki Isroil fuqarolariga emas, faqat Isroil hukumati vakillariga tegishli. «Hujum yoki provokatsiya qanchalik dahshatli yoki nafratli bo‘lmasin, bunga genotsid bilan javob qaytarilishini qabul qilib bo‘lmaydi», dedi u.

Da’voni ko‘rib chiqayotgan hay’at tarkibiga Xalqaro jinoyat sudining 15 nafar doimiy sudyasi, shuningdek, da’vogar va javobgar mamlakatlardan bittadan vakil kirgan: Janubiy Afrika bosh sudyasining sobiq o‘rinbosari Dikgang Moseneke va Isroil Oliy sudining sobiq raisi Aaron Barak.

Isroil rasmiylari bu ayblovlarni rad etib, davlat o‘zini himoya qilishining yagona yo‘li HAMAS harakatini butunlay yo‘q qilish ekanini ta’kidlamoqda. Isroil vakillari sudda 12 yanvar kuni so‘zga chiqadi.

Isroil hukumati vakili Eylon Levi da’voni «qonli tuhmat» bilan qiyosladi – o‘tmishda yahudiylar nasroniy bolalarni o‘ldirishda va ularning qonini diniy marosimlarda ishlatishda ayblangan. Levi, shuningdek, Janubiy Afrikani HAMAS harakatini «qonuniy himoya» bilan ta’minlashga urinishda aybladi.

The Times of Israel nashriga ko‘ra, Isroil va Falastin tarafdorlari bo‘lgan yuzlab namoyishchilar sud binosi oldida yig‘ilib, mahkama boshlanishini kutishgan.

HAMAS nazoratidagi G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, mintaqadagi uch oylik urush 23 mingdan ortiq odamning umriga zomin bo‘lgan va 2,3 million aholining deyarli barchasi uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. BMT G‘azo sektorining qamal qilinishi va oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmonning keskin tanqisligi u yerda gumanitar falokatni yuzaga keltirganini ta’kidlaydi.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top