O‘zbekiston | 22:06 / 12.01.2024
6040
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridi qonunchiligini buzgan 500 ga yaqin mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi

Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov (tender) savdolarida aniqlangan qonunbuzarliklar haqida ma’lumot berdi. 

Davlat xaridlarida «Raqobat to‘g‘risida»gi hamda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunlarni buzgan 500 ga yaqin mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, 2023 yilda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 62 mingdan ortiq tanlov (tender) savdolarida buyurtmachilar tomonidan 19 mingga yaqin (30%) savdolar jarayonida 27 mingdan ortiq raqobatga zid harakatlar aniqlangan. 

70 foiz holat savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish (baholash mezonlarini belgilamaslik, affillanganlik holatlari, noto‘g‘ri baholash, shartnoma tuzishni rad etish, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olmaslik va b.) bilan bog‘liq bo‘lsa, 30 foizida savdo ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish, ayrim ishtirokchilarga imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, haddan ziyod yuqori texnik talablar belgilash, yetkazib berish muddatlarini qisqa belgilash, savdolarning predmetiga texnologik va funksional jihatdan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha xizmatlarni kiritish kabilar tashkil etgan. 

Jumladan, Milliy Bank tomonidan boshlang‘ich qiymati 20,4 mlrd so‘mga teng bo‘lgan Andijon viloyatidagi bank filialining yangi binosini qurish uchun o‘tkazilgan tenderda ishtirokchilarni asossiz xarid tartib taomillaridan chetlatilgani aniqlangan. 

Xorazm viloyati, Bog‘ot tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 5 ta lotda qiymati 5,6 mlrd so‘mga teng bo‘lgan maxsus texnikalarni xarid qilish uchun o‘tkazilgan tanlov savdolarida ishtirokchilarning taklif hujjatlarini baholashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan va bu holat xarid natijasiga ta’sir ko‘rsatgan. 

Farg‘ona viloyati, 2-son tumanlararo ftiziatriya dispanseri tomonidan boshlang‘ich qiymati 969,9 mln so‘m bo‘lgan raqamli rentgen apparati flyuorografiya xaridlarida raqobatni cheklashga olib keladigan talablar kiritilgan. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YHXB tomonidan 44 ta maktabda yo‘l harakati xavfsizligi xonalarini tashkil qilish va uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 1,5 mlrd so‘m bo‘lgan tanlovda ayrim tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozli shart-sharoit yaratilgani aniqlangan.

Mavzuga oid