09:10 / 13.01.2024
4988

BMT: 2024 yil rekord harorat kuzatilgan 2023 yildan ham issiqroq bo‘lishi mumkin

O‘tgan yili iyundan dekabrgacha har oy yangi harorat rekordlari o‘rnatildi. El-Nino iqlim fenomeni fonida bu tendensiya 2024 yilda ham davom etadi, deydi ekspertlar.

Foto: ZDF

2023 yil tarixdagi eng issiq yil bo‘ldi – o‘tgan yili iyundan dekabrgacha har oyda yangi harorat rekordlari o‘rnatildi, biroq 2024 yil yanada issiq bo‘lishi mumkin. Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) 12 yanvar, juma kuni e’lon qilingan 2023 yil yakunlari bo‘yicha hisobotida xabar berishicha, El-Nino iqlim hodisasi tufayli bu tendensiya 2024 yilda ham davom etishi mumkin

Shu tariqa, JMT Yevropaning Copernicus meteoxizmati ma’lumotlarini tasdiqladi, unga ko‘ra 2023 yil kuzatuvlar olib borilayotgan 1850 yildan beri rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ldi. JMT rahbari Seleste Saulo El-Nino tufayli 2024 yilda yangi harorat rekordlari kutilayotgani haqida ogohlantirdi. «El-Nino odatda global haroratga eng katta ta’sir ko‘rsatishi va 2023 yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqqani uchun 2024 yil yanada issiqroq bo‘lishi mumkin», deb tushuntirdi u. 

Bir qator tan olingan institutlar tomonidan olingan ma’lumotlarga asoslangan JMT hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili o‘rtacha global harorat sanoatdan oldingi davrga (1850 yildan 1900 yilgacha) nisbatan 1,45 darajaga yuqori edi. Ayni paytda, 9 yanvar kuni e’lon qilingan Copernicus ma’lumotlariga qaraganda, o‘rtacha global harorat 1,48 darajaga yuqori bo‘lgan. 

Parij iqlim kelishuvi

Iqlim o‘zgarishining falokatli oqibatlari oldini olish uchun jahon hamjamiyati 2015 yilda Parij kelishuvini tuzdi, unga ko‘ra global isish ikki darajadan, eng yaxshi holatda - sanoatdan oldingi davrga nisbatan 1,5 darajadan oshmasligi kerak. 

Amerikaning okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi (NOAA) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda Yer yuzasidagi o‘rtacha global harorat butun yigirmanchi asrdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,18 darajaga yuqori bo‘lgan. JMT rahbari Saulo iqlim o‘zgarishini insoniyat uchun eng katta muammo deb atadi. 

Mavzuga oid
Top