Yevroittifoq Ukrainaga berilgan harbiy yordam bo‘yicha audit o‘tkazmoqda
Ukrainaga topshirilgan qurollarni tekshirish Yevropa Ittifoqi ayrim davlatlarining texnika yetarlicha yetkazib berilmagani haqidagi bayonotlariga javoban Bryussel tomonidan tashkil etildi.
Yevropa tashqi harakatlar xizmati (EEAS) Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan so‘ng Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan Kiyevga berilgan qurollar auditini o‘tkazmoqda. Bu haqda Financial Times gazetasi 16 yanvar, seshanba kuni yevropalik uch diplomatga asoslanib xabar qildi.
Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, tekshirish «EEAS so‘rovlariga javoban a’zo davlatlar tomonidan taqdim etilgan materiallar» asosida amalga oshiriladi. Bryusselning bunday talabi to‘liq ma’lumot berishni istamaydigan ba’zi davlatlar tomonidan qarshilikka uchragan, dedi diplomat. Xizmat o‘z xulosalarini 1 fevral kuni bo‘ladigan YeI sammiti oldidan taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Shols YeI davlatlarining harbiy ta’minotini solishtirishni talab qildi
Audit o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror Germaniya kansleri Olaf Sholsning o‘tgan hafta Yevropa davlatlari Kiyevga yetkazib berayotgan harbiy yuklarini sanash va solishtirishni talab qilgan bayonotidan keyin qabul qilingan.
«Hozirda Yevropa Ittifoqiga a’zo aksariyat davlatlar tomonidan Ukrainaga yetkazib berish rejalashtirilayotgan qurol hajmi har qanday holatda ham juda kichik», dedi Shols 8 yanvar kuni Berlinda Lyuksemburg bosh vaziri Lyuk Friden bilan uchrashuvdan so‘ng. Eng kechi bilan 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan YeI sammitiga qadar «yevropalik hamkorlarimiz bu yil Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qanday hissa qo‘shishi haqida iloji boricha aniq tasavvurga ega bo‘lishimiz kerak», dedi Germaniya hukumati rahbari.
Uning izohlari Yevropa Ittifoqi boshqa mamlakatlari rasmiylarining ittifoqchilar tomonidan Ukrainaga va’da qilingan harbiy yuklar ko‘lami haqidagi shunga o‘xshash so‘zlariga mos keladi, deb ta’kidlaydi FT.
Germaniyaning Ukrainaga yordami 17 mlrd yevrodan oshdi
Germaniya Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Kil jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabr oxirigacha Berlin Kiyevga 17 milliard yevrodan ortiq harbiy yordam bergan. Bu Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida ikkinchi yirik donor bo‘lgan Daniyadan besh barobar ko‘pdir.
Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshidan beri Vashingtonning Kiyevga harbiy yordami deyarli 44 milliard yevroni tashkil etdi.
Mavzuga oid
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
15:13 / 21.12.2024