Konvertatsiyani davom ettirish uchun eksportni importga nisbatan barqaror ushlab turishimiz kerak - prezident
Shavkat Mirziyoyev eksport O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalasi ekanini aytdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda eksport-import, konvertatsiya masalasiga to‘xtaldi.
Jumladan, davlat rahbari konvertatsiyani davom ettirish uchun eksport juda muhim ekanini ta’kidladi.
«Eksport bu hayot-mamotimiz. Agar valuta balansi, investitsiya yoki konvertatsiyani davom ettiramiz desak, importga nisbatan eksportni barqaror ushlab turishimiz kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, prezident bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va hokimlarning 2024 yilda 18 milliard dollarlik eksport rejasi mutlaqo ma’qul emasligini ta’kidladi.
«Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borishimiz zarur. Odamlarning jon boshiga daromadini oshiramiz desak, investitsiya kerak bizga, eksport kerak bizga», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarining qayd qilishicha, 2023 yilda eksport hajmi kamaygani bois, 560 million dollar yo‘qotilgan.
«O‘tgan yili ikki drayver tarmoq, to‘rtta hudud 2022 yilga nisbatan eksport hajmlarini kamaytirgani uchun 560 million dollar yo‘qotildi. Shuningdek, 10 ta tuman va shaharda eksport avvalgi yil ko‘rsatkichlarining yarmiga ham yetmagan», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
20:18 / 27.12.2024
Kungaboqar urug‘i eksportiga taqiq bekor qilindi
13:52 / 21.12.2024
O‘zbekiston eksportida xususiy sektor ulushi 60 foizga yetkaziladi
12:56 / 19.12.2024
AQSh O‘zbekiston za’faroni eksporti uchun berilgan ruxsatnoma muddatini uzaytirdi
20:50 / 17.12.2024