17:58 / 24.01.2024
5501

Pekinda Mirziyoyev va Si Jinpingning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari ko‘p qirrali va har tomonlama strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

24 yanvar kuni Pekin shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi «»Si Jinpingning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston prezidenti Xitoy yetakchisiga tashrif bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan iliq mehmondo‘stlik hamda Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning yuksak e’tirofi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli sur’atga erishilganini ta’kidladilar.

Barcha darajalarda aloqalar faollashib, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz muhim masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘tgan yil noyabr oyida Pekin shahrida Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Parlamentlararo hamkorlik faollashdi.

Prezident XXR raisiga kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikka shaxsan e’tibor qarayotgani va qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tashakkur bildirdi.

Tomonlar O‘zbekistonda Xitoyning «Lu Ban ustaxonasi» professional ta’lim tizimini joriy qilish bo‘yicha pilot loyiha boshlanganini olqishladi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin istiqbolda buni 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirildi.

Keyingi yillarda Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar oshdi.

Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va «yashil» energetikada texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlik dasturlarini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

Shu ma’noda, o‘tgan yil oxirida O‘zbekistonda Xitoy kompaniyalari ishtirokida quvvati 1000 megavattlik ikkita yangi quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xitoyning yetakchi banklari, «Ipak yo‘li» fondi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuqori baholandi.

Davlat rahbari investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy vositalarini kengaytirish, jumladan, qo‘shma platforma yaratish borasida kelishuvlarga erishilganini, shuningdek, Xitoy Eksimbankining Toshkent shahrida Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochish qarorini olqishladi.

O‘zbekiston prezidenti xitoylik sheriklarni O‘zbekistondagi davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Yetakchilar hududlararo almashinuvlar faollashganiga mamnuniyat bildirdi. Bu boradagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston va Xitoy hududlari kengashini tuzishga kelishib oldi.

«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida Transmintaqaviy transport va tranzit ko‘prigining muhim tarkibiy qismi bo‘ladigan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhim ekani ta’kidlandi.

Kuni kecha Pekinda birinchi ta’lim forumi, Shanxayda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tgani qayd etildi. Shu kunlarda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar Xitoy poytaxti aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ta’lim va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro madaniyat kunlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Qo‘shma Yoshlar innovatsiya forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Rejalashtirilgan barcha tadbirlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida tomonlar Hukumatlararo qo‘mita va uning barcha kichik qo‘mitalari yig‘ilishlarini joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazishga ahdlashib oldi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

«Yagona Xitoy» siyosati hamda «uch yovuz kuch»ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi XXR rahbarini tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif qildi hamda do‘st Xitoy xalqining yaqinlashib kelayotgan xitoycha Yangi yil – «Chun Tsze» bayrami bilan tabrikladi.

Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.

Mavzuga oid
Top