22:01 / 25.01.2024
6384

AQSh harbiylari Iroqdan olib chiqilishi mumkin

Tomonlar harbiy ishtirokni hamkorlikka o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralar boshlanganini e’lon qildi. 

Foto: US Army

Pentagon rahbari Lloyd Ostin yaqin kunlarda Iroqdagi koalitsiya harbiy ishtirokini ikki tomonlama hamkorlikka almashtirish bo‘yicha AQSh-Iroq Oliy harbiy komissiyasi (OHK) ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishini tasdiqladi. Shuningdek, Iroq Tashqi ishlar vazirligi ham muzokaralarni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 

Pentagon veb-saytida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, 2023 yil avgust oyida Qo‘shma Shtatlar va Iroq «Islomiy davlat»ga qarshi kurash bo‘yicha koalitsiya missiyasining yangi shartlarini muhokama qilish uchun ushbu jarayonni boshlash majburiyatini olgan. 

Yangi sanalar IShID tahdidi, operatsion va ekologik talablar hamda Iroq xavfsizlik kuchlarining imkoniyatlari darajasidan kelib chiqib belgilanadi. 

Yanvar oyi boshida Iroq rasmiylari chet el qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqish rejasini e’lon qilgan edi. 

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Iroqda xalqaro missiyaning 2,5 mingga yaqin harbiy xizmatchisi bor.

Top