22:51 / 25.01.2024
2956

AQSh va Britaniya Yamandagi husiylar yetakchilariga qarshi sanksiyalar joriy qildi

Sanksiya qo‘llanilishiga husiy vakillarining «xalqaro terrorchi tashkilot»ga aloqadorligi sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Reuters

AQSh Moliya vazirligi Yamandagi isyonchi «Ansorulloh» (husiylar) harakatining bir qator yetakchilariga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. Harakatning harbiy amaliyotlari uchun mas’ul bo‘lgan husiylarning «asosiy liderlari» Amerika sanksiyalari ostida qoldi. Buyuk Britaniya hukumati ham xuddi shunday sanksiyalarni qo‘llagan. 

AQSh Moliya vazirligi ta’kidlaganidek, sanksiya ro‘yxatiga husiylar Mudofaa vazirligi rahbari Muhammad al-Atifiy, dengiz kuchlari qo‘mondoni Muhammad Fazl Abdunnabiy, qirg‘oq mudofaa kuchlari rahbari Muhammad Ali al-Qodir va husiy qurolli kuchlari uchun xaridlarni boshqaradigan Muhammad Ahmad at-Tolibiy kiritilgan. 

Sanksiya qo‘llanilishiga husiy vakillarining «xalqaro terrorchi tashkilot»ga aloqadorligi sabab bo‘lgan. Ularning Qo‘shma Shtatlardagi barcha aktivlari muzlatiladi, shuningdek, AQSh hududiga kirishiga ruxsat berilmaydi. 

17 yanvar kuni AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati «Ansorulloh»ni global terrorchilar maxsus ro‘yxatiga qayta kiritgan edi. 

2023 yil kuzidan beri Yaman husiylari Qizil dengizdagi kemalarga muntazam hujum qilib keladi. 14 noyabr kuni guruh Isroil bilan bog‘liq bo‘lgan barcha kemalarga hujum qilishini e’lon etdi. Hujumlar tufayli yirik yuk tashish kompaniyalari kemalarning Suvaysh kanali orqali o‘tishini to‘xtatib qo‘ygan yoki ularni boshqa yo‘nalishlar bo‘ylab jo‘natishga majbur bo‘lmoqda.

Mavzuga oid
Top