12:23 / 25.01.2024
1931

Ozarboyjon yil oxirigacha Yevrokengash parlament assambleyasida qatnashmaydi

Yevrokengash parlament assambleyasi deputatlari Ozarboyjon delegatsiyasining vakolatlarini mamlakat Yevropa kengashi oldidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun ratifikatsiya qilishdan bosh tortdi.

Foto: Sputnik / Dominik Buten

Yevropa kengashi parlament assambleyasi (YeKPA) deputatlari Ozarboyjon delegatsiyasi vakolatlarini ratifikatsiya qilishdan bosh tortdi. Bunday qarorga davom etayotgan inson huquqlari buzilishi, muxolif siyosatchilar va mustaqil ommaviy axborot vositalari ta’qib etilishi, Tog‘li Qorabog‘da rasmiylar harakatlari va Bokuning Yevropa kengashi kuzatuvchilarini prezidentlik saylovlariga taklif qilishdan bosh tortgani sabab bo‘lgani aytiladi. «Assambleya Ozarboyjon delegatsiyasining vakolatlarini tasdiqlamaslikka qaror qildi», deyiladi YeKPAning 24 yanvar, chorshanba kuni Strasburgda qabul qilingan rezolyutsiyasida. Zalda hozir bo‘lgan 90 nafar deputatdan 76 nafari qarorni qo‘llab-quvvatladi, 10 nafari qarshi ovoz berdi, yana to‘rt nafari betaraf qoldi.

Inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi

Ikki kun oldin, barcha milliy delegatsiyalar vakolatlarini tasdiqlash tartibi bo‘lib o‘tadigan YeKPAning qishki sessiyasi ochilishida sotsialistlar guruhi rahbari, Germaniyadan deputat Frank Shvabe Boku vakillarini ratifikatsiya qilishdan bosh tortishni taklif qildi. U bu taklifni Ozarboyjon harakatlari Yevropa kengashining hamkorlik tamoyillarini buzayotgani bilan izohladi. Shvabe tashabbusi zarur miqdordagi YeKPA a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Assambleyaning kuzatuv qo‘mitasi Bokuga qo‘yilgan barcha da’volarni o‘rganib chiqib, Ozarboyjon delegatsiyasining vakolatlarini ratifikatsiya qilmaslikni tavsiya qildi. YeKPA bu tavsiyani inobatga oldi. 

«Assambleya Ozarboyjon Yevropa kengashiga qo‘shilganidan keyin 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tib, tashkilotga a’zoligidan kelib chiqadigan asosiy majburiyatlarini bajarmaganidan afsusda», - deyiladi rezolyutsiyada. YeKPA a’zolari erkin va adolatli saylovlar o‘tkazilmasligi, qonun chiqaruvchi hokimiyat zaifligi, mustaqil sud tizimi yo‘qligi va inson huquqlari buzilishidan «jiddiy xavotirda», deyiladi ma’lumotda. Siyosiy mahbuslar, ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligi buzilishi haqidagi ko‘plab xabarlar ham YeKPA deputatlarining qaroriga ta’sir qilgani aytiladi.

Alohida rezolyutsiyada Lochin yo‘lagining blokadasi va Ozarboyjon hukumatining 2023 yil sentabr oyida Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlari, bu hududdan «butun arman aholisining chiqib ketishiga» olib kelgani haqida so‘z boradi. Bundan tashqari, hujjatda Bokuning YeKPA bilan monitoring tartibi doirasida hamkorlik qilishdan bosh tortgani, «xususan, bo‘lajak prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun taklifning yo‘qligi, shuningdek, assambleya ma’ruzachilari bilan hamkorlik kuzatilmayotgani» qayd etilgan. 

Ozarboyjonning o‘zi YeKPA bilan hamkorlikdan bosh tortdi 

Bu qarordan so‘ng, protsessual qoidalarga ko‘ra, Boku kamida bir yil davomida – keyingi qishki sessiyaga qadar YeKPA ishida qatnasha olmaydi. Shu bilan birga, rezolyutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishda Ozarboyjon delegatsiyasi «reglamentda nazarda tutilgan shartlar bajarilgandan keyin o‘z faoliyatini davom ettirishi» ko‘zda tutilgan. Gap, birinchi navbatda, a’zo davlatlar monitoring missiyalari va YeKPA kuzatuvchilar missiyalarining ishlashiga ruxsat berish majburiyatlari haqida bormoqda. 

Ozarboyjon delegatsiyasi ushbu rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish natijalarini kutmadi va munozara boshlanishidan bir necha soat oldin YeKPA bilan hamkorlikni to‘xtatayotganini rasman e’lon qildi. Uning rahbari Samad Seyidovning aytishicha, Boku delegatsiyasi vakolati bo‘yicha e’tiroz qilish tashabbusi Ozarboyjonga qarshi «yomon kampaniyaning bir qismidir». Shu bilan birga, Seyidov g‘arb davlatlarini Ozarboyjondagi saylovlarga aralashish va «korrupsiya»da aybladi. 

Germaniyaning vakolatlari tasdiqlandi 

Nemis delegatsiyasining vakolatlarini tasdiqlash bo‘yicha vaziyat esa muvaffaqiyatli yakunlandi, unga ham sessiya ochilishida e’tiroz bildirildi, ammo bu protsessual asoslarga taalluqli edi. Deputatlarning Berlinga da’volariga delegatsiya tarkibida siyosiy muvozanat yo‘qligi sabab bo‘lgan: uning tarkibiga so‘llar guruhi - o‘tgan yil dekabrida bundestagda faoliyatini to‘xtatgan fraksiyadan ikki vakil kirdi.

Biroq, YeKPA reglament qo‘mitasi Germaniya delegatsiyasida assambleya qoidalari yoki Yevrokengash nizomi buzilishini aniqlamadi hamda shuning uchun uning vakolatlarini to‘liq va hech qanday izohlarsiz ratifikatsiya qildi. 

Mavzuga oid
Top