10:15 / 29.01.2024
4417

Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganlarga jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

 Jami yetkazilgan zarar qariyb 700 mln so‘mni tashkil etgan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy bo‘limlari tomonidan Toshkent va Sirdaryo viloyatining bir nechta hududida elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganlar aniqlangan.

Jumladan, departamentning Guliston, Sayxunobod tumani hamda Guliston shahar bo‘limlari tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” va ETK xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Tekshiruvlarda “E.O.” xususiy korxonasi, “M.S.”, “S.U.” MChJ mas’ul shaxslari umumiy ovqatlanish shoxobchasi va savdo do‘konini hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, elektr transformatoriga o‘rnatilgan elektr energiyasini hisoblash uskunasiga qasddan tashqi ta’sir o‘tkazib, jami 335,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Bo‘stonliq va Bekobod tumani bo‘limlari tomonidan IIB va ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda fuqarolar J.A., Sh.U. yashash xonadonlaridagi issiqxona, chilangarlik ustaxonasi va dala hovlini hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, jami 166 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Mirzaobod tuman bo‘limi tomonidan tuman “O‘zenergoinspeksiya” Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “T.G.” MChJ mas’ul shaxslari anor sharbati ishlab chiqarish korxonasini tijorat maqsadida hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga ulab, jami 167,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatli o‘tkazilmoqda.

Top