16:50 / 29.01.2024
15013

Uzoqroq yomg‘ir Toshkentni havosi eng toza shaharlar ro‘yxatiga kiritdi

28 yanvar kechasi boshlanib, hamon davom etayotgan yomg‘ir Toshkent havosini yanvar oyidagi eng toza darajaga olib chiqdi. 29 yanvar soat 17:00 holatiga, shahar havosidagi PM2,5 zarralari miqdori 1 kubometr havoda atigi 23 mikrogrammni tashkil etmoqda.

Foto: Kun.uz

Bu bilan O‘zbekiston poytaxti AQAir reytingidagi dunyo shaharlari ichida havosining tozaligi bo‘yicha 12-o‘ringa chiqdi.

Portaldagi reytingga ko‘ra, PM2,5 konsentratsiyasining 50 mkg/m3 gacha bo‘lgan darajasi yashil kategoriya – eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.

Oxirgi vaqtlarda poytaxt havosi turli omillar sababli o‘ta ifloslanib ketgan, PM2,5 zarralari miqdori ba’zan 20 mikrogrammdan oshib ketayotgan, natijada Toshkent tez-tez havosi eng iflos dunyo shaharlari reytingida yuqori o‘rinlardan joy olayotgan edi.

Isitish mavsumi boshlanganidan beri bir necha marta yomg‘ir yog‘gan bo‘lsa ham, yog‘ingarchiliklar uzoq davom etmagan, natijada havo sifatida 29 yanvar kungichalik yaxshilanish kuzatilmagan edi.

O‘zgidromet saytida ko‘rsatilishicha, Toshkentda PM2,5 miqdori 22,5 mkg/m3 ni tashkil etmoqda. O‘zbekistonning havosi eng iflos shaharlardan yana biri Termizda ham havo yaxshilanib, PM2,5 konsentratsiyasi 28,6 mkg/m3 ga tushgan.

Bu ko‘rsatkichda Urganchda 2,55, Jizzaxda 3,61 ni tashkil etyapti. Boshqa shaharlardagi havo sifati borasidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.

O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, yog‘ingarchilik seshanba kuni ham davom etishi kutilyapti.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti PM2,5 dispers zarralari uchun me’yorni 5 mkg/m3 deb belgilagan. Avvalroq Ekologiya vazirligi O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitlari va geografik joylashuvi sababli bu ko‘rsatkichga erishish imkonsiz ekani, shu bois boshqa davlatlar qatori O‘zbekiston ham PM2,5 bo‘yicha o‘z milliy standartlarini ishlab chiqayotganini ma’lum qilgandi.

Top