20:54 / 30.01.2024
7515

AQSh 2023 yilda qurol eksporti bo‘yicha rekord o‘rnatdi 

Ukrainadagi urush Amerika qurollariga bo‘lgan talabni keskin oshirdi, qurol eksporti 2023-moliyaviy yilda rekord darajadagi 238 milliard dollarga yetdi. 

Foto: Reuters

Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, AQSh hukumatining xorijiy hukumatlar bilan qurol-yarog‘ sotish va harbiy xizmat ko‘rsatish operatsiyalari 2023-moliyaviy yilda (2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 30 sentabrgacha bo‘lgan davr) sezilarli darajada oshgan. Ularning umumiy qiymati 56 foizga oshib, 81 milliard dollarni tashkil etdi. 

Qolgan 157,5 milliard dollar Amerika harbiy-sanoat kompaniyalarining o‘z mijozlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol-yarog‘ sotishidan tushgan. Ularning hajmi ham oshdi, lekin unchalik emas: 2022-moliyaviy yilga nisbatan 2,5 foizga. 

Amerika qurollarining asosiy xaridorlaridan biri Polsha bo‘lib, Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng, o‘z oldiga Yevropadagi eng kuchli armiyani shakllantirishni maqsad qilib qo‘ygan. 

Polsha 12 milliard dollarlik Apache vertolyotlarini, 10 milliard dollarlik HIMARS raketa tizimlarini, 3,75 milliard dollarlik M1A1 Abrams tanklarini, 4 milliard dollarlik havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini sotib oldi. 

Polshada o‘tgan yil oxiridagi saylovdan so‘ng hokimiyat o‘zgardi, ammo Donald Tusk boshchiligidagi yangi hukumat armiyani qayta qurollantirishni davom ettirishga va’da bermoqda. 

Germaniya Qo‘shma Shtatlardan 8,5 milliard dollarga Chinook vertolyotlarini sotib oldi. Chexiya 5,6 milliardlik so‘nggi rusumdagi F-35 qiruvchi samolyotlari va o‘q-dorilarini, Bolgariya 1,5 milliard qiymatidagi «Stryker» zirhli mashinalarini, Norvegiya esa 1 milliard qiymatidagi ko‘p maqsadli vertolyotlarni buyurtma qilgan. 

Amerika qurollari va harbiy texnikalari Yevropadan tashqarida ham sotib olinmoqda. Janubiy Koreya 2023-moliya yilida 5 milliard dollarga F-35 samolyotlarini sotib oldi, Avstraliya 6,3 milliard dollarlik C130J-30 Super Hercules harbiy transport samolyotlariga buyurtma berdi, Yaponiya esa E-2D Hawkeye razvedka samolyotlari uchun 1 milliard dollar to‘laydi. 

Davlat departamentining qurol-yarog‘ transferi byurosi rahbari Mira Resnik Politico nashriga bergan intervyusida Amerika qurollari savdosi oshib borayotganini, qisman ba’zi davlatlar Rossiya qurollaridan voz kechayotgani bilan izohladi. 

Oxirgi 30 yil davomida Rossiya qurol eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi, biroq so‘nggi yillarda u bilan AQSh o‘rtasidagi tafovut oshib bormoqda va uchinchi eksportchi mamlakat Fransiya bilan o‘rtasidagi tafovut esa qisqarmoqda. 2022 yilda Shvetsiyaning SIPRI tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, jahon qurol savdosining 40 foizi Qo‘shma Shtatlar hissasiga, 16 foizi esa Rossiyaga to‘g‘ri kelgan, bu ulush avvalgi to‘rt yil ichida to‘rt foizga kamaydi. 

SIPRI tahlilchisi Saymon Vezeman qariyb bir yil avval «Ukrainaga bostirib kirish Rossiya qurol eksportini yanada cheklashi mumkin», degan edi. «Chunki Rossiya o‘z qurolli kuchlari ta’minotiga ustuvor ahamiyat beradi va Rossiyaga qo‘yilgan savdo sanksiyalari, shuningdek, AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan Rossiya qurollarini sotib olmaslik bo‘yicha bosim kuchayib borayotgani sababli boshqa mamlakatlarning talabi past bo‘lib qoladi». 

Prezident Jo Bayden ma’muriyati respublikachilar bilan Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha tortishuvlarda, bu yordam, boshqa narsalar qatori, AQSh iqtisodiyotining o‘sishiga yordam berishi, chunki harbiy sanoatni yangi buyurtmalar bilan ta’minlashini aytgan. Ushbu buyurtmalarning ba’zilari bevosita Ukrainaga yetkazib berish bilan bog‘liq, ba’zilari esa Rossiya ta’minotidan to‘liq yoki qisman voz kechishga qaror qilgan mamlakatlardan keladi.

Mavzuga oid
Top