23:13 / 30.01.2024
11816

Davlat xaridlarida sun’iy intellektdan foydalanilishi mumkin

O‘zbekistonda davlat xaridlarini amalga oshirishda namunaviy texnik shartlarni ishlab chiqish va bu sohaga sun’iy intellektni joriy qilgan holda, xarid komissiyalari faoliyatini tugatish taklif etilmoqda.

Bunda, xarid ishtirokchilari kiritgan ma’lumotlar boshqa integratsiyalashgan bazalar ma’lumotlari asosida sun’iy intellekt tomonidan avtomatik baholanadi.

Bu – 2024 yilgi davlat dasturi loyihasida keltirilgan. Yuqorida qayd etilgan tizimni 2024 yil dekabrgacha ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

2024 yil sentabrga qadar esa:

  • xarid hujjatlarining namunaviy raqamli shakllarini ishlab chiqish;
  • xarid hujjatlarini elektron tarzda shakllantirish va kelishish amaliyotini bosqichma-bosqich joriy qilish;
  • ishtirokchilarning takliflarini baholashda inson omilini bosqichma-bosqich qisqartirishni nazarda tutish taklif etilmoqda.

Davlat xaridlari sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni tuzishdan oldin mazkur shartnomalarni majburiy tartibda jamoatchilikka ochiqlash tizimini joriy qilish ham ko‘zda tutilgan.

Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilgan sub’yektlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqilishi va ularni qisqartirish choralarini ko‘rilishi mumkin.

Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 14 fevralgacha davom etadi.

Top