12:04 / 02.02.2024
3192

Fuqarolarni Angliya va Polshaga ishga yuborishini aytib pul olgan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Prokuratura departamenti

Samarqand va Jizzax viloyatlarida fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborishini aytib pul olgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar beryapti.

Departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro L.S. yetti nafar fuqaroning ishonchiga kirib, Angliyaga ishga yuborishini aytib ulardan 13 800 dollar, 510 yevro va 6,8 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Departament hamda DXX Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.I. uch nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Polsha davlatiga ishga yuborishi evaziga 900 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top