15:01 / 02.02.2024
7967

Migratsiya siyosatida Texas–Vashington qarama-qarshiligi: vaziyat qanaqa?

AQShning demokratlar qo‘lidagi federal hukumati va mudom respublikachilar boshqaradigan Texas shtati rahbariyati o‘rtasida noqonuniy muhojirlar masalasidagi ziddiyat chuqurlashib bormoqda. Kun.uz muxbiri bu haqdagi savollarga javob olish uchun “Amerika ovozi” muharriri Navbahor Imomova bilan suhbatlashdi.

Texas va AQSh hukumati o‘rtasidagi kelishmovchilik asosi nimada?

— Bu mavzularning birortasi yangi emas aslida. Biz inqiroz deb qarayotgan vaziyat yetilib kelayotgan edi anchadan beri. Oxirgi 2-3 yilda Meksika chegarasidan AQShga kirib kelayotganlar, boshpana so‘rayotganlar misli ko‘rilmagan darajada oshgan. Obama davrida ham bu holat kuchaygan edi va vahima darajasi yuqori edi, chegaradagi shtatlarda federal hukumatga norozilik bo‘lgan. Tramp hokimiyatga kelgach, keskin siyosat olib bordi, chegarada devor qurishni aytdi, kamroq odamga boshpana berilishi kerak, degan talab qo‘ydi va vaziyat og‘irlashdi. Bayden prezidentlikka kelgach, vaziyat yumshadi, ammo u yerdagi ahvol yaxshilanmadi. Texas, Arizona, Nyu-Meksika, Kaliforniya shtatlari doimiy ravishda migrantlar muammosi bilan yuzlashadi. Lekin Texas migrantlar bilan kurashishni ham istayapti, migrantlarni nazorat qiluvchi federal tizim bor, shu bilan birga shtatda ham vakolatlar bor, o‘ziga yarasha kuchga ega.

Kaliforniya liberal shtat bo‘lgani uchun federal hukumat bilan hamohanglik bor. Kaliforniya shtati va Bayden ma’muriyatiga ko‘ra, AQSh migrantlar masalasida insonparvarlik bilan yondashishi kerak. Lekin Texas va Arizonada norozilik hissi yuqori, u yerdagi konservatorlar, ayniqsa, Texas gubernatori Greg Abbott bu masalani o‘zimiz hal qilamiz, federal tizimga qarab o‘tirmaymiz, eplay olishmayapti, deyapti.

Texas shtatida hatto ko‘chada hujjatsiz yurgan har qanday odamni hibsga olish mumkin, degan qonun chiqarilgan. Federal tizim, adliya tizimi aytishicha, bu qonun AQSh tizimiga qarshi bo‘lgan qonun. Federal hukumat va Texas shtatining migrantlar masalasidagi choralari bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Konstitutsiyaga ko‘ra, bunday holatda federal hukumat ustun bo‘ladi, Oliy sud ham shuni ta’kidlayapti. Texas shtati ma’muriyati ham buni inkor etmayapti, faqat siz buni eplay olmayapsiz, degan iddao qilyapti federal hukumatga. Greg Abbott men gubernator sifatida aholi xavfsizligini ta’minlashim kerak, ammo federal hukumat migrantlar muammosini hal etolmayapti, jinoyatlar bo‘lyapti, shuning uchun bu masalani o‘zimizga qo‘yib bering, deyapti. Endi o‘zimiz hal etamiz, Texasning yeri bu yerlar, degan da’vo bilan federal chegarachilar shtat chegara hududlariga yaqinlashtirilmayapti. Oq uyning kuchsizligi esa Texas ma’muriyatini ishontirib, murosaga kela olmayapti. Federal tizim shtatlarga kirib borganda uning vazifalari aniq bo‘lishi, shtat ma’muriyati nimalar qilishi aniq bo‘lishi kerak, ammo hozir shu narsa mavhumlashib qolyapti.

Hozirgi masala faqat chegara hududlari haqida ketyapti. Chegaradan o‘tish bilan Texasning gavjum shaharlariga to‘g‘ri kelinadi, bu esa birdan aholiga aralashib ketish imkonini beradi migrantlarga. Texas ma’muriyati shunday hududlarda o‘zimiz nazorat olib boramiz, deyapti. O‘sha hududlarda jinoyatlar bo‘lgan, ammo federal tizim va Texas shtati ikki xil talqin beryapti bu voqealar bo‘yicha. Federal hukumat sifatida yechimni Oq uy taklif etishi kerak.

Hozirgi vaziyatda Texasning mustaqillik uchun intilish elementlari bormi?

— Bu masala ham bor avvaldan. Vaqti-vaqti bilan ba’zi texasliklar tomonidan biz ajralib chiqishimiz kerak, mustaqil bo‘lolamiz, degan arizalar berib kelinadi. Ammo bu hali real harakatlarga aylangani yo‘q. Bunday vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatadigan rus propagandasi bor. Ayni paytda umuman mustaqillik talabi bilan muammo bo‘layotgani yo‘q, faqat migrantlar masalasi bor. Texas ma’muriyati chegaralar mustahkam emas, federal hukumat nazorat qilolmayapti, endi buni o‘zimizga qo‘yib bering, choralar ko‘ramiz, deyapti.

Greg Abbott Federal tizim shtatlar ittifoqi kelishuviga ko‘ra, ma’lum bir xizmatlarni qilishi kerak, lekin buni eplay olmayapti, degan gapni aytdi. Bunday fikrlar 1860 yillar boshida ham shtatlarda yangragan edi va keyinchalik fuqarolar urushi boshlangan. Shu kontekstdan kelib chiqib xavotirlar ham bor.

Texas 40 mlnlik aholiga ega. Iqtisodiyoti juda katta, iqtisodiyot va boshqa tarmoqlari rang-barang. Shuning uchun ham o‘ziga nisbatan ishonchi baland shtat. Greg Abbott ham oddiy siyosatchi emas, u bir paytlar xalq tomonidan saylanib, shtat bosh prokurori bo‘lgan, 2015 yildan beri esa gubernator. Uning bunday chaqiriqlari hukumatni sergak torttirgan. Abbottning fikrlariga o‘nlab shtatlar qo‘shilib, federal hukumat vazifasini, va’dalarini bajarmayapti degan iddaolar bilan chiqa boshladi. Lekin fuqarolik urushi davrida ham Linkolin Vashington va shtatlar o‘rtasida hech qanday kelishuv yo‘q, AQSh xalq irodasi bilan vujudga kelgan davlat deb ta’kidlagan. Ya’ni Vashington va shtatlar o‘rtasida shartnoma yo‘q, fuqarolar bilan bor. AQSh huquqshunoslari ham AQSh xalq irodasi bilan birlashgan, shtatlar kelishuvi bilan emas, degan fikrni aytadi.

Yuqorida aytganimdek, Texas shtati mustaqillik haqida gapirmayapti, balki chegara mustahkamligi masalasini ko‘taryapti. Gubernator federal tizimni chegara hududlariga yaqinlashtirmayapti va qachonki eplay oladigan bo‘lsa, shunda federal tizimga topshirishini aytyapti.

Oliy sud Texas shtatiga federal tizim ustun ekanini eslatib o‘tyapti. Gubernator esa shtat aholisi xavf bilan yuzlashayotganini, chora ko‘rish kerakligini aytyapti. Dekabr oyining o‘zida AQShga Meksika chegarasi orqali 300 ming migrant kirib kelgan, ularning ko‘pchiligi noqonuniy yo‘l bilan kirgan.

Texasdagi migrantlar masalasi saylov jarayonlariga ham ta’sir qiladimi?

— Demokratlar saylov oldi bu ishlar bilan Baydenni ojiz rahbar sifatida ko‘rsatish ekanini aytyapti. Oxirgi 3 ta prezident davrida deportatsiya kuchaygan, ammo kirib keluvchilar oqimi juda ham ko‘paygan. Jorj Bush davrida ham chegarada inqiroz deb yoritar edik, ammo hozir bu inqiroz yuqori darajaga chiqqan. Prezident ayblanishi tabiiy, ammo bu bir imkoniyat ham.

Demokratlar ta’kidlaydiki, xalqaro qonun ham, AQSh qonunlari ham migrantlarni tinglashni, ularga yordam berishni yuklaydi. Migrantlar qaysi davlatlardan kelayotgani, u yerdagi vaziyatni ham o‘rganish, yaxshilashga yordam berish kerak, deyishadi. Respublikachilar esa birinchi navbatda AQSh xalqini himoya qilish kerak, deydi. Umuman, bunday bahslar hech qachon tinmagan, hozir esa keskinlashgan davri. Respublikachilarga saylov oldi tarafdorlarini ko‘paytirishga imkon ham beryapti. Tramp chiqishlarida ham buni ta’kidlayapti.

Umumiy vaziyatda rus matbuotida ko‘rsatilayotgandek Texas mustaqillik masalasini ko‘tarayotgani yo‘q. Migrantlarni Texasdan ketkazishyapti, ular ko‘proq Nyu-York kabi shtatlarga borishyapti. Ammo migrantlar soni ko‘payib ketgani uchun yaqinda Nyu-York meri ham federal tizimni vaziyatni nazorat qilishi, keskin choralar ko‘rishi kerak, deyapti. Avval biz migrantlar uchun ochiqmiz, bag‘rikengmiz, degan edi mer, ammo vaziyat izdan chiqyapti. Bundan tashqari, Chikagoda ham ahvol og‘ir, xayriya fondlari ham eplay olmayapti. Muammoga qanday chora ko‘rish borasida federal hukumat, shtatlar, demokratlar va respublikachilar turli pozitsiyada, masala ham shunda.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top