09:03 / 10.02.2024
37425

AQSh prokurori Baydenni «xotirasi cheklangan qariya» deb atadi

Prezidentning bundan jahli chiqdi va o‘zida hammasi joyida ekanini aytdi - ammo yana «qovun tushira» boshladi.

AQSh Adliya vazirligi prezident Jo Bayden 2017 yilda vitse-prezident lavozimini tark etayotganda o‘zi bilan olib ketgan maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasligini ma’lum qildi. Ish bilan shug‘ullangan maxsus prokuror Robert Hur hisobotida Bayden tergov bilan hamkorlik qilayotgani va ehtimoliy sud jarayonida hakamlar hay’atini hujjatlarga ega bo‘lish noqonuniy ekanligiga ishontirish qiyin bo‘lishi ta’kidlangan.

«Biz sud jarayonida Bayden o‘zini, xuddi suhbatimiz paytida bo‘lgani kabi, yaxshi niyatli, ammo xotirasi yomon keksa odam sifatida ko‘rsatishi mumkinligini hisobga oldik», deb prokurorning so‘zlarini keltirdi Reuters. Maxsus prokuror hisobotida Baydenning xotirasi «sezilarli darajada cheklangan», deb yozilgan. Masalan, prezident o‘g‘lining vafot etgan sanasini eslay olmagan.

Hisobot e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Oq uy Hurga prezident xotirasiga «noo‘rin tanqid» qilish «noto‘g‘ri, asossiz va xato» ekanini uqtirdi. Oq uyning ta’kidlashicha, guvohlarga xos bo‘lgan xislat – «ko‘p yillar oldin bo‘lgan voqealarni eslay olmasligi»ni tasvirlash uchun «o‘ta noxolis til» ishlatilgan. Qayd etilishicha, Bayden 8 va 9 oktyabr kunlari, ya’ni HAMAS va Isroil mojarosi boshlanganidan bir kun o‘tgach, tergovchilarga besh soatlik ikkita intervyu bergan. Vaholanki, bir kun oldin Amerika yetakchisi ko‘plab davlatlar rahbarlari bilan telefon suhbatlari o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan.

Shundan so‘ng, Jo Baydenning o‘zi ham matbuotga murojaat qildi. Uning ta’kidlashicha, tergovda ba’zan 40 yil oldin bo‘lgan voqealarga to‘xtalib o‘tilgan, bu esa «tushkunlikka solgan». Bundan tashqari, o‘g‘lining vafoti sanasi haqidagi savoldan keskin norozi bo‘lgan.

«Qanday qilib u bunday savolni berishga jur’at etdi? Mendan bu haqda so‘rashganda, «ularning nima ishi bor», deb o‘yladim. Uning vafot etgan sanasida har doim xotira tadbiri o‘tkazamiz. Bu haqda menga eslatish shart emas», dedi Bayden qisqa nutqi davomida.

Jurnalistlar prezidentdan maxsus prokurorning «xotirasi yomon, yaxshi niyatli qariya» deb ta’riflashiga izoh berishni so‘radi.

«Men eng yaxshi niyatlar bilan harakat qilaman. Men keksa odamman va nima qilayotganimni bilaman. Men prezident sifatida bu mamlakatni oyoqqa turg‘azdim. Menga uning tavsiyalari kerak emas. Xotiram yaxshi», deb javob berdi Bayden.

Prokurorlarning Baydenga qarshi da’volari maxfiy hujjatlar bilan bog‘liq. Jumladan, 2022 yil noyabr oyida uning Vashingtondagi sobiq ofisida va Uilmington shahridagi uyi garajida 2009-2017 yillarga aloqador o‘nlab maxfiy hujjatlar topildi. Bayden shu davrda AQSh vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan. Prezident advokatlari topilgan barcha hujjatlarni darhol Milliy arxivga topshirishdi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Bayden ularni o‘z lavozimini tark etgan paytda arxivga topshirishi shart edi.

Reuters agentligi yozishicha, bu hujjatlarda Afg‘onistondagi urush haqidagi maxfiy ma’lumotlar, jumladan, 2009 yilda Bayden prezident Barak Obamaga murojaat qilib, Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari sonini ko‘paytirishga qarshi chiqqan eslatma ham bor edi.

Maxsus prokuror hisoboti e’lon qilinganidan keyin, Bayden Obamaga yo‘llagan eslatma «shaxsiy» ekani va maxfiy emasligini ta’kidladi. Prezident maxfiy hujjatlarni qasddan saqlagani haqidagi har qanday ayblovlarni «butunlay xato» deb atadi.

Brifing so‘ngida jurnalistlar Baydenga G‘azo sektoridagi vaziyat haqida bir qancha savollar berishdi. Ularga javoban Oq uy rahbari Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyni yanglishib Meksika yetakchisi deb atadi. Atigi bir necha daqiqa oldin Bayden o‘zining xotirasi yaxshi ekanini aytgan edi.

2023 yil noyabr oyida Jo Bayden 81 yoshga to‘ldi. Qo‘shma Shtatlarda yangi saylov kampaniyasi boshlanishi bilan hozirgi prezidentning yoshi respublikachilar tomonidan tanqidning asosiy mavzularidan biriga aylandi. CNN yozganidek, ular «imkon topildi deguncha bu masalani ko‘tarmoqda».

Amerikadagi ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, Baydenning jismoniy harakatlari ishonchli emas, u zinapoyalar va samolyotlarda qoqiladi, shuningdek, ismlarda muntazam ravishda xato qiladi. Masalan, saylovoldi tadbirlaridan birida Bayden ikki marta Germaniya kansleri bilan suhbatiga ishora qilib, uni yanglishib Helmut Kol deb atagan, yana birida esa qo‘shiqchilar Britni Spirs va Teylor Sviftni adashtirib yuborgan.

The New York Times gazetasi yozishicha, jinoiy ayblovlar yo‘qligiga qaramay, Hur hisoboti Baydenga «siyosiy zarar» yetkazishi mumkin.

Shu bilan birga, Baydenning saylovdagi asosiy raqibi Donald Tramp undan atigi to‘rt yosh kichik. U ham Oq uyning amaldagi rahbari singari, maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlashda ayblangan. Maxsus prokuror hisoboti chop etilgandan so‘ng, ko‘plab nashrlar bu ikki ishni taqqoslab ko‘rdi. Biroq Tramp, Baydendan farqli o‘laroq, maxfiy hujjatlarni o‘z ixtiyori bilan qaytarmagan va bundan tashqari, ayblov xulosasida aytilganidek, o‘zi ham intervyularidan birida ularni jurnalistga ko‘rsatgan.

Tramp hujjatlarni noto‘g‘ri saqlash bo‘yicha o‘z aybini tan olmaydi va siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib etilayotganini da’vo qiladi.

«Ayniqsa, mening ishim bilan Tramp ishi o‘rtasidagi farqni ko‘rib xursand bo‘ldim. U ko‘p oylar davomida hujjatlarni qaytarishdan bosh tortgan, ularni yo‘q qilishga uringan va bu haqda yolg‘on gapirgan», dedi Bayden matbuotga murojaati chog‘ida.

Baydenning yoshi nafaqat respublikachilarni, balki demokrat saylovchilarni ham xavotirga solmoqda. CNN bilan anonim tarzda gaplashgan Oq uy rasmiylari bu «nozik masala» ekanini tan olgan, ammo «bu borada ishlayapmiz» degan. Masalan, Baydenga yurish qulay bo‘lishi uchun maxsus ortopedik tagliklar buyurilgan. Parvoz paytida esa qisqaroq traplardan foydalana boshlagan.

Bayden yordamchilari prezident shaxsiy munozaralarda va chet el yetakchilari bilan uchrashuvlarda o‘tkirligini ta’kidlamoqda. Biroq, maxsus prokuror tomonidan e’lon qilingan hisobot bunga shubha tug‘diradi, deb ta’kidlamoqda The New York Times. Chunki, ushbu hisobot ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa statuslar yoki ommaviy tadbirlardagi bayonotlarga emas, balki ko‘p soatlik muloqotga asoslangan.

Bayden o‘z yoshini donolik va tajriba manbayi deb ataydi. «Men AQSh tarixidagi barcha prezidentlardan ko‘ra ko‘proq tajribaga egaman», dedi u saylovoldi mablag‘ yig‘ish tadbirlaridan birida.

Top