12:39 / 15.02.2024
9369

Antikorrupsiya agentligi xodimlari 2023 yilda qanday sovg‘alar olgani ma’lum qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tomonidan 2023 yilda xizmat safarlari, xalqaro va rasmiy tadbirlarda jami 33,7 mln so‘mlik 26 ta hadya olingan. Qiymati 4 BHMdan ortiq sovg‘alar kirim qilinib, agentlik muzeyiga qo‘yilgan.

Foto: Getty Images

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023 yilda xodimlari tomonidan qanday sovg‘alar qabul qilgani haqida ma’lumot berdi. Bu haqda agentlik saytida e’lon qilingan sovg‘alar reyestrida ko‘rsatib o‘tildi.

Ma’lum qilinishicha, agentlikka 2023 yilda 33 mln 736 ming so‘mlik 26 ta sovg‘a hadya qilingan. Ularning aksariyati – ramziy suvenir va turli buyumlar.

Sovg‘alar ichidan eng qimmati narxi 4,8 mln so‘m bo‘lgan ikkita suvenir hisoblanadi. Ulardan biri Qatar davlati Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash markazi, ikkinchisi esa Qatar davlati Bosh prokuraturasi tomonidan hadya qilingan. Qatarning davlat audit byurosi sovg‘a qilgan lagan esa 2,4 mln so‘mga baholangan. Shuningdek, sovg‘alar orasida Qatar davlati Mamuriy nazorat va shaffoflik idorasi tomonidan berilgan, Qatar hamda O‘zbekiston davlatlari bayrog‘i aks ettirilgan, metalldan yasalgan kema shaklidagi 2,5 mln so‘mlik suvenir ham bor. Ularning barchasi agentlik rahbari Akmal Burxonovga hadya qilingan.

Bundan taqshari, Tojikiston davlat Moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan 2,8 mln so‘mlik yashil oniks vaza, Singapur Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosidan 1 mln 350 ming so‘mlik rasm, Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan 1 mln 350 ming so‘mlik suvenir, Tojikiston davlat Moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan 1,6 mln hamda 1,9 mln so‘mlik ikkita kumush tanga qabul qilib olingan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat xizmatchilarining sovg‘a olishi masalasi huquqiy tartibga solingan. Shu asosda “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilingan.

Nizomga ko‘ra, qiymati 4 BHMgacha deb topilgan sovg‘alar davlat xizmatchisida qoldiriladi. Undan yuqori qiymatga ega sovg‘alar davlat organi balansiga kirim qilinib, shu organ ehtiyojlari uchun ishlatiladi.

Top