11:27 / 20.02.2024
3628

NBC: AQSh Kiyevga yangi ATACMS raketalarini yetkazib berishga tayyorlanmoqda

Agar Kongressdagi respublikachilar Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilishda davom etsa, Oq uy Kiyevni ATACMS raketalari bilan ta’minlash uchun ittifoqchilaridan biriga murojaat qilishi mumkin, deb xabar bermoqda telekanal. 

Foto: John Hamilton / White Sands Missile Range Public Affairs file

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi zamonaviy raketalar bilan ta’minlash ustida ishlamoqda, deb yozdi Amerikaning NBC News telekanali 19 fevral, dushanba kuni o‘z saytida nomi oshkor etilmagan ikki amerikalik rasmiyga tayanib. 

2023 yilning kuzida Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga ATACMS raketa tizimlarini yetkazib berishni boshladi, ammo hozirgacha bular o‘rta masofaga ega bo‘lgan nisbatan zamonaviy bo‘lmagan modellar edi, deya eslaydi jurnalistlar. Endilikda, telekanal suhbatdoshlari aytganidek, Vashington Ukrainaga «Rossiya nazoratidagi Qrim yarimorolida uzoq masofali zarbalar berish» imkonini yaratadigan uzoq masofali raketalarni yetkazib berishi mumkin.

13 fevral kuni AQSh Senati Ukraina, Isroil va Tayvanga 95,3 milliard dollarlik yordam paketini ma’qulladi. Shu bilan birga, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson uning deputatlari katta ehtimol bilan ushbu qonun loyihasini rad etishini aytdi, chunki hujjatning amaldagi tahririda AQSh Kongressi quyi palatasida hukmronlik qiladigan Respublikachilar partiyasi so‘ragan narsa - AQSh janubiy chegarasida nazoratni kuchaytirish xarajatlari mavjud emas.

ATACMS tizimlari Ukrainaga keyingi yordam paketiga kiritilishi mumkin 

Mudofaa rasmiylarining NBC News telekanaliga aytishicha, Qo‘shma Shtatlarda ATACMS tizimlari cheklangan va u o‘z zaxirasini to‘ldirmasdan turib ularni Ukrainaga beg‘araz yuborishi dargumon. Shu bilan birga, agar Kongress Ukrainaga yordam berish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullasa, uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalari ushbu mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan birinchi harbiy yordam paketlaridan biriga kiritilishi mumkin, dedi manbalar telekanalga. Agar mablag‘ ma’qullansa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga zudlik bilan jo‘natish uchun ham artilleriya, ham o‘q-dorilarga ega, deya qo‘shimcha qildi rasmiylar. 

Ular Vashington o‘z ittifoqchilaridan Ukrainaga raketalarni o‘tkazish va zaxiralarini to‘ldirishni so‘rashi mumkinligini istisno qilmadi. Oq uy bu bo‘yicha izoh bermadi. Pentagon matbuot kotibi bu boradagi bayonotida shunday dedi: «Qo‘shimcha qonun loyihasi (moliyalashtirish to‘g‘risida) qabul qilinmasdan turib, bizda hozirda Ukraina uchun xavfsizlik bo‘yicha yordam paketi yo‘q. Shu bilan birga, men kelajakdagi paketlarning mazmuni borasida taxmin qila olmayman».

Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba jurnalistlarga 17 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuv chog‘ida «ATACMS foydasiga bahslashishga ko‘p vaqt sarflaganini» aytgandi. Kulebaning aniqlik kiritishicha, Ukrainaga 300 km masofaga ega ushbu kompleksning modeli kerak, uning yordami bilan Ukraina qurolli kuchlari front chizig‘idan ancha orqada joylashgan Rossiya armiyasining logistika va ta’minot zanjirlarini yo‘q qilishi mumkin. 

Top