10:50 / 22.02.2024
5465

Shols hali ham Kiyevga TAURUS'ni yetkazib berishga qarshi chiqmoqda

Germaniya kansleri Ukrainaga TAURUS qanotli raketalarini emas, balki uzoq masofali qurol tizimlarini yetkazib berish taklifini qo‘llab-quvvatladi. 

Foto: Johannes Simon/Getty Images

Germaniya kansleri Olaf Shols hukmron koalitsiyaning Ukrainani uzoq masofali qurol tizimlari bilan ta’minlash taklifini «to‘liq» qo‘llab-quvvatlaydi, ammo baribir TAURUS qanotli raketalarini topshirish g‘oyasini rad etadi. Bu haqda 21 fevral, chorshanba kuni Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebestrayt ma’lum qildi. 

Bir kun oldin Germaniyadagi hukmron koalitsiyaga kirgan fraksiyalar bundestag rezolyutsiyasi loyihasini taqdim etdi, unda Ukrainaga qurol eksportini kengaytirish, jumladan, «qo‘shimcha zarur uzoq masofaga mo‘ljallangan qurol tizimlari va o‘q-dorilar» ham bor edi. Bu «tajovuzkorning orqasida joylashgan strategik muhim nishonlarga maqsadli hujumlarni ta’minlashga» yordam beradi, deyiladi koalitsiya parlament fraksiyalarining hujjatida, biroq matnda TAURUS raketalari to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan. Xebestrayt Sholsning pozitsiyasini sharhlar ekan, ular haqida gapirmadi, deb ta’kidlaydi Reuters. Kanslerning bu boradagi fikri o‘zgarmadi, dedi Xebestrayt. 

Reuters xabariga ko‘ra, kanslerning TAURUS raketalarini yetkazib berishga rozi bo‘lmagani sababli hukmron koalitsiya ichida, ayniqsa «yashillar» partiyasi va Erkin demokratik partiya safida keng norozilik kuzatilmoqda. 

Kiyevga yordam berish taklifida gap TAURUS haqida boryapti

Bir kun oldin muxolifat partiya bloki bundestag muhokamasiga Ukrainaga harbiy yordamni kengaytirish bo‘yicha o‘z taklifini kiritish niyatida ekanini ma’lum qildi, unda esa hukmron koalitsiya taklifidan farqli o‘laroq, Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri TAURUS kru raketalarini yetkazib berish talab qilinadi.

Germaniya bundestagining mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Strak-Zimmermann ham ushbu raketalarni yetkazish uchun ovoz berishini aytdi. Bundestagda ushbu masalani muhokama qilish 22 fevral, payshanba kuniga belgilangan. 

TAURUS raketalari 500 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir. Ukraina allaqachon Britaniya va Fransiyadan taxminan 250 kilometr masofaga uchadigan bunday turdagi raketalarni qabul qilmoqda. 

Mavzuga oid
Top