14:10 / 22.02.2024
6413

So‘rov: Yevropaliklarning atigi 10 foizi Ukraina g‘alabasiga ishonyapti

Har beshinchi yevropalik Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonishini ehtimoliy yakun deb hisoblaydi. Respondentlarning aksariyati – 37 foizi urush qandaydir murosa bilan yakunlanishiga ishonadi.

Foto: Reuters

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan ikki yil o‘tib, bu mamlakatni qo‘llab-quvvatlash yevropaliklar orasida keng tarqalganicha qolyapti. Shu bilan birga, har o‘ninchi yevropalik Ukraina Rossiyaga qarshi urushda to‘liq g‘alaba qozonishi mumkinligiga ishonadi. Bu haqda 21 fevral, chorshanba kuni Britaniyaning The Guardian gazetasi YouGov va Datapraxis sotsiologik institutlari tomonidan 2024 yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqining 12 davlatida o‘tkazilgan so‘rovnomaga tayanib xabar berdi.

Hatto Ukrainaga nisbatan eng optimistik mamlakatlar – Polsha, Shvetsiya va Portugaliyada ham har beshinchi respondentdan kamrog‘i (17 foiz) Ukraina qurolli kuchlarining g‘alabasiga ishonadi. O‘z navbatida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonishini ikki baravar ko‘p yevropaliklar - 20 foiz kishi ehtimoliy yakun deb hisoblamoqda. 12 mamlakatning barchasida urush qandaydir «murosaviy kelishuv» bilan tugaydi, degan fikr eng keng tarqalgan: so‘rov ishtirokchilarining 37 foizi bu prognozga rozi. Respondentlarning taxminan uchdan bir qismi «Menga farqi yo‘q, bularning hech birini bilmayman» javob variantini ko‘rsatdi. 

Shvetsiya, Portugaliya va Polshada so‘rov ishtirokchilarining deyarli yarmi yoki to‘liq yarmi Yevropa Rossiya Federatsiyasiga qarshi urushda Ukrainaga yordam berishi kerakligini ta’kidladi. Vengriya (64 foiz), Gretsiya (59 foiz), Italiya (52 foiz) va Avstriyada (49 foiz) respondentlarning aksariyati Kiyevni Rossiya bilan kelishuvni qabul qilishga undash zarur, deb hisoblaydi. Germaniya, Fransiya, Niderlandiya va Ispaniyada bu boradagi fikrlar bir tekis taqsimlangan, deya ta’kidlaydi nashr. 

Yevropaliklar Ukrainaning harbiy g‘alabasiga ishonmayapti 

Shu bilan birga, respondentlar Ukrainaning qarshi hujumi to‘xtab qolganiga ishora qilib, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Donald Tramp g‘alaba qozonsa, Vashington siyosati o‘zgarishidan qo‘rqyapti. «Yevropaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini oqlash uchun YeI yetakchilari urush haqida gapirish uslubini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi», dedi so‘rovnoma mualliflaridan biri, Yevropa tashqi aloqalar kengashidan Mark Leonard. 

Uning ta’kidlashicha, ko‘pchilik yevropaliklar allaqachon «Rossiyadagi g‘alabaning oldini olishga intilib bo‘ldi» va Kiyev harbiy g‘alaba qozonishiga ishonmaydi. Bu shuni anglatadiki, borgan sari shubha bilan qarayotgan yevropaliklar uchun eng ishonchli dalil Ukrainaga yordamni davom ettirish bo‘ladi, bu «Kiyevga foyda keltiradigan muzokaralar natijasida barqaror tinchlikka olib kelishi mumkin», deya ta’kidlanadi.

Germaniya, Fransiya, Avstriya, Vengriya, Italiya, Ruminiya, Niderlandiya, Polsha, Portugaliya, Ispaniya, Gretsiya va Shvetsiyada «Urush va saylovlar: Yevropa yetakchilari Ukrainani qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkin» hisoboti doirasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Bir yil oldin xuddi shu so‘rov natijalari boshqacha edi. Ishtirokchilarning chorak qismidan ko‘prog‘i Kiyev Rossiya Federatsiyasi tomonidan egallab olingan barcha hududlarni qaytarishi kerakligiga ishonch bildirgan. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top