11:45 / 23.02.2024
10861

Britaniya kompaniyalari Markaziy Osiyo va Kavkaz orqali Rossiyaga harbiy texnika eksport qilyapti – Sky News

Urush boshlanganidan keyin «yuqori ustuvorlikka ega tovarlar»ning Britaniyadan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya va Armanistonga eksporti 500 foizdan ko‘proqqa oshgan. Sky News tahlillariga ko‘ra, ushbu «ikki xil maqsadda foydalansa bo‘ladigan» mahsulotlar rasmiy Moskva bilan yaxshi aloqada bo‘lgan mamlakatlar orqali Rossiyaga kirib borayotgan bo‘lishi mumkin.

CREDIT: DJI

Britaniya kompaniyalari yuzlab million funtlik asbob-uskunalar va mashinalarni Rossiyaga yetkazib bermoqda, deb xabar berdi Sky News.

Qayd etilishicha, dronlar va og‘ir texnikalar uchun uskunalar Buyuk Britaniyadan Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan, Qirg‘iziston, Armaniston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga jo‘natilmoqda. U yerdan esa mazkur jihozlar Rossiyaga yo‘naltiriladi.

Statistik raqamlarga ko‘ra, Rossiyaga qarshi savdo sanksiyalari joriy etilganidan keyin tovarlar oqimi keskin qisqarganiga qaramay, Britaniyadan katta hajmdagi «ikki xil maqsadda foydalansa bo‘ladigan» tovarlari hali ham Moskvaga yo‘l olmoqda. Bu esa Rossiya armiyasini ehtiyot qismlari va jihozlar bilan ta’minlashga yordam beradi.

«Sanksiya natijasida Britaniya tovarlarining Rossiyaga kirib kelishi 74 foizga kamaydi. Hozirda eksportning katta qismini oziq-ovqat, tibbiy buyumlar va boshqa gumanitar tovarlar tashkil etadi. Og‘ir texnika, elektr jihozlari va avtomobillar yetkazib berish deyarli nolga tushdi», deyiladi maqolada.

Yuqoridagi raqamlar sanksiyalar rejimining muvaffaqiyatli bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi, ammo rasmiy savdo statistikasini chuqurroq tahlil qilish boshqa fikrlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ya’ni Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport kamaygan bo‘lsa-da, Rossiyaning bir qator qo‘shni mamlakatlari – Gruziyadan tortib O‘zbekistongacha eksport o‘ta yuqori darajada o‘sgan.

Xususan, Britaniyadan Qirg‘izistonga eksport 1100 foizdan ko‘proqqa oshgan. Eksport tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiyaga jo‘natib bo‘lmaydigan og‘ir texnika va transport vositalari ustunlik qiladi.

IFF’ning sobiq bosh iqtisodchisi Robin Bruksning so‘zlariga ko‘ra, boshqa Yevropa davlatlari, ayniqsa Germaniya va Polshadan ham Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari orqali Rossiyaga katta miqdordagi uskunalar kirib borayotgan bo‘lishi mumkin.

«Ular aniq bir buyurtmani Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotdan olayotgan bo‘lishi mumkin», degan Bruks.

Rossiyaga yaqin boshqa davlatlarga ham eksport keskin oshgan

Buyuk Britaniyadan eksport nafaqat Qirg‘izistonga, balki Armanistonga ham keskin oshgan.

«Ikki karra tashvishli holat shuki, ushbu mamlakatlarga yuborilayotgan tovarlar orasida ikki xil maqsadda foydalansa bo‘ladigan, ya’ni qurolga aylanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning sezilarli miqdorda mavjud», deyiladi Sky News hisobotida.

Yevropa Ittifoqi tomonidan 45 turdagi «yuqori ustuvorlikka ega tovarlar» ro‘yxati tuzilgan. Sky News tahliliga ko‘ra, urush boshlanganidan beri ushbu tovarlarning Britaniyadan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya va Armanistonga eksporti 500 foizdan ko‘proqqa oshgan.

Ushbu to‘rtta davlatga jo‘natilgan tovarlarning katta qismini samolyot, vertolyot yoki uchuvchisiz uchish apparatlari qismlari, ya’ni dron va boshqa aviatsion vositalarni yasashda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan jihozlar tashkil qilgan. Mazkur davlatlarga 6 mln funt sterling qiymatidagi tovarlar eksport qilingan, bu odatdagi miqdordan ancha ko‘p.

Buyuk Britaniya eksportchilari tomonidan yuborilayotgan boshqa tovarlar orasida ma’lumotlarni qayta ishlash mashinalari, aviatsiya uskunalari va radionavigatsiya vositalari ham bor.

Top