15:06 / 24.02.2024
10729

«Ish bu – shunchaki ish» – nega hozirgi yoshlar ishni faqat moddiy tarafiga qarab tanlaydi?

Oldingi avlod vakillari o‘z kuchini asosan bir tashkilotda ishlab sarflashga, o‘sha yerda o‘sishga harakat qilishgan bo‘lsa, hozirgi yosh xodimlar – zumerlar tez-tez ish almashtirishga moyil, ish tanlashda pul va tezroq o‘sish imkoni borligiga ko‘proq e’tibor qaratadi. Buning sabablari nima?

Hozirgi 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ish tanlash va ishlash qadriyatlari o‘zlaridan katta avlodnikidan farq qiladi. Ayni paytda eng yosh ishchi kuchi zumerlar (1990 yillar oxiri va 2010 yillargacha bo‘lgan davrda tug‘ilganlar) hisoblanadi.

Ularga ish tanlashda eng muhimi yaxshi maosh va karerada o‘sishga sharoit bo‘lishi kerakligidir. Boshqa ma’naviy qadriyatlar zumerlarga unchalik qiziq emas.

2023 yilda AQShda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 30 yoshdan kichik doimiy ish o‘rniga ega xodimlarning atigi 44 foizi o‘z ish joyidan juda mamnun. 65 va undan katta xodimlarning esa 67 foizi o‘z ishidan mamnun. So‘nggi yillarda yosh va keksa xodimlar qarashlari o‘rtasidagi tafovut kattalashmoqda.

Oldingi ajdodlariga qaraganda zumerlarning ishga nisbatan prioritetlari farq qiladi. Hozirgi yoshlar maosh va ishdagi o‘sishni birinchi o‘ringa qo‘yishsa, kattalar ishdan zavq olish kerakligiga e’tibor qaratishadi.

Nega qarashlar farq qiladi?

"O‘tmishda odamlar agar bir ishda 20 yil ishlashsa, yaxshi ish, karerada o‘sish va yaxshigina nafaqaga ega bo‘lishgan. Bunday narsa hozir yo‘q", deydi Janubiy kaliforniyalik 25 yoshli Kimi Kaneshina.

Germaniyaning Bremen universiteti professori Julia Kensbokning ta’kidlashicha, avlodlar o‘rtasidagi o‘zgarishlarga qaramay o‘zgarmay qoladigan haqiqat bor: inson qadrlaydigan narsalar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradi.

"Biz yosh paytda uzoq muddatli kelajak haqida qayg‘uramiz. Yoshimiz kattalashgani sari bizni ijobiy kayfiyatda saqlaydigan va ruhan sog‘lom bo‘lishimizga yordam beradigan qisqa muddatli maqsadlarga e’tibor qaratamiz. Shuningdek, o‘z jamiyatimiz yoki ishxonamiz uchun ham nimadir hissa qo‘shgimiz kelib qoladi", deydi u.

2023 yil iyul oyida o‘tkazilgan tadqiqot uning so‘zlariga hamohang keladi. Yoshi 62 dan oshganlar o‘zlarining ishi qiziq bo‘lishi kerakligi muhimligini aytsa, 18-25 yoshlilar yaxshi maosh va o‘rganish, o‘sish imkoni bo‘lishini zarur deb topgan. To‘g‘ri, hamma uchun yaxshi maoshli ish muhim, lekin yosh o‘tgani sari oylik qanchaligining ahamiyati pasayib boradi.

Kensbokning o‘rganishicha, yosh xodimlarning ishdan ko‘ngillari to‘lishi ham natijaga bog‘liq. Agar ular yetarlicha mukofotlanmasa, topayotgan moliyaviy foydasi qilayotgan mehnatiga mutanosib bo‘lmasa, demak, bunday ishdan ko‘ngillari to‘lmaydi. Lekin katta yoshli xodimlarning ishdan ko‘ngli to‘lishi ularning ruhiy holatiga ko‘proq bog‘liq.

Lekin bunday farq borligi turli avlodlarning har xilligida emas, balki ularning o‘rtasidagi yosh tafovuti bilan ko‘proq bog‘liq.

Ilgarilari agar inson bitta joyda uzoq vaqt ishlasa, uni, albatta, buning uchun mukofotlashadi degan qarash bo‘lgan. Bunga erishish uchun esa bir joyda ishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketish kerak edi. Lekin hozir bu qarash o‘zgardi. Masofaviy ish, pandemiya davridagi ishdan bo‘shatishlar bu qarashlarni o‘zgartirdi. Ish beruvchilar ham o‘zlarining sodiq xodimlariga yangi kelganlardan ko‘ra 7 foiz kamroq maosh to‘lagan holatlar kuzatildi va bu ko‘p yillik xodimlarga nisbatan xiyonatdek gap edi.

"Hozir ish beruvchilarga nisbatan ishonchsizlik bor. Ish beruvchilar bizga uzoq muddatda qandaydir yordam berishiga ishonmaymiz, shuning uchun o‘zimizni ko‘proq himoya qilishimiz kerak", deydi Kaneshina.

Xalqaro CFA instituti 2021 yilda 15 ming nafar oliy ta’limni bitirganiga uncha ko‘p bo‘lmagan odamlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazadi. Unda qatnashgan 18-25 yoshlilarning 45 foizi yaxshi maosh kasb tanlashda asosiy talab ekanini bildirgan. 2023 yilda maoshni muhim deb biluvchilar ko‘rsatkichi 45 foizdan 62 foizga o‘sadi.

Nega zumerlar moddiyatga o‘ch?

Zumerlarning bu qadar talabchanligiga narx-navolarning qimmatligi ham sabab. Zumerlarning ish boshlashi uy-joy, o‘qish va oziq-ovqat kabi birlamchi zaruratlarning narx-navosi baland paytga to‘g‘ri keldi. Ko‘pchilik uchun bu vaziyatda yaxshi maoshgina xarajatlarni qoplash imkonini berishi mumkin. O‘tgan yil zumerlar uchun o‘tkazilgan so‘rovda ularning 54 foizi pulsiz qolib ketishdan qattiq qo‘rqishlarini bildirgan.

Ularning pul haqida ko‘proq o‘ylashlari ochko‘zlikdan emas, balki zaruratga pullari bo‘lishini istashini anglatadi.

Bundan tashqari, zumerlarda o‘zlarining sohasi va mehnat bozori haqida ma’lumot olishga cheklanmagan darajada "dostup" bor. Internet paydo bo‘lishidan oldin xodimlar soha haqida faqatgina ishning o‘zida o‘rganishlari mumkin edi. Hozir esa TikTok, YouTube, LinkedIn kabi platformalarda influenserlar intervyu jarayoni, maoshni muhokama qilish, ish faoliyatini baholash kabi ma’lumotlarni o‘z kuzatuvchilariga taqdim qilishadi. Bunday odamlarni tomosha qilish bilan ham kerakli ma’lumotga ega bo‘lish, ham bilimli odamlarga qarab o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirish mumkin.

2023 yilda o‘tkazilgan so‘rovnomalardan birida zumerlarning 83 foizi o‘zlarining “ishdan ishga sakrovchilar” ekanini aytishgan. Ya’ni ular – o‘z ishlarini tez-tez almashtirib turishga moyillar.

2022 yildagi so‘rovnomada qatnashgan zumer avlodning deyarli yarmi ikki va undan ko‘proq joyda ishlashini aytishgan. Ko‘proq joyda ishlash istagining kuchliligi oldingi barcha avlod vakillariga qaraganda ko‘proq ko‘rsatkich.

Zumerlar uchun ish bu shunchaki ish. Tadqiqotlardan birida ularning 61 foizi o‘z kasbini o‘zligining bir qismi sifatida bilishi aniq bo‘lgan. Solishtirish uchun aytish mumkinki, ulardan oldingilarning 86 foizi ishini o‘zligining bir qismi sifatida ko‘rishadi.

Biroq zumerlar ham o‘zlarining nima istayotganini anglash qobiliyatini yo‘qotib qo‘yishmagan. Ular shunchaki bor kuchini faqat bir narsaga sarflashni xohlashmaydi xolos. 

Top