Jamiyat | 20:32 / 26.02.2024
16897
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu yerga kelib, ham uy-joyli, ham avtomashinali bo‘ldim» - So‘xga borib ishlayotgan shifokor

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tabiati betakror, o‘ziga xos iqlimga ega bo‘lgan eksklav hudud — So‘x tumanini uch tomondan purviqor tog‘lar o‘rab turadi. 84 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan tumanda ayni paytda bitta markaziy shifoxona, 2 ta oilaviy poliklinika, 9 ta oilaviy shifokor punkti hamda bitta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika faoliyat yuritmoqda.

«Yaqin yillargacha so‘xliklar uchun sifatli tibbiy xizmat olish azaliy va ushalmas orzu edi. Ammo bugun tuman tibbiyotida kechayotgan o‘zgarishlar tamomila o‘zgacha. Ayniqsa, keyingi 3-4 yilda birlamchi tizimdagi yangilanishlar tog‘liklar hayot tarzini butunlay o‘zgartirib yubordi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

«Manzilga yetib borolmay, bir-ikki bola mashinamda tug‘ilgan»

 — Oldin poliklinikamizda bitta do‘xtir, bitta farrosh ishlardi, — deydi so‘xlik Ibrohim ota Salayev. — Kechasi kimdir kasal bo‘lsa, markazga borardik. U paytlari «Jiguli» avtomashinam bo‘lardi. Bemorning yaqini shofyor bo‘lsa, kalitini berardim. Qanchasini o‘zim ham olib borganman. Hatto manzilga yetolmay, bir-ikkita bola mashinamda ham tug‘ilgan. Chunki hozirgidek sharoitlar yo‘q edi-da.

Ibrohim ota Salayev

Prezidentning 2022 yil 25 apreldagi tegishli qarori asosida yangilangan «Qishloq shifokori» dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, So‘x kabi olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar maoshiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama to‘lash belgilandi.

Shuningdek, ularga o‘zi ishlayotgan hududdan ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, 2 yil uzluksiz ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi. Daromad solig‘i aynan So‘x tumanida ishlaganlar uchun 1 foizni tashkil etadi.

«Avtomashinali bo‘ldim, endi uyga navbat»

Bunday imkoniyatlar tufayli bugun 40 nafarga yaqin shifokor yurtimizning boshqa hududlaridan mazkur tumanga kelib faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri asli samarqandlik bo‘lgan «Demursad» oilaviy shifokor punkti rahbari Fotima Xo‘janovadir.

Fotima Xo‘janova

— Bunday go‘zal go‘shada ishlashning zavqi bor, — deydi u. — Biroq boshida menda biroz ikkilanish bo‘ldi. Qanday bo‘larkin, bu yerning sharoitiga, odamlariga ko‘nikib keta olarmikinman deb. Ammo birinchi kunimdanoq so‘xliklar meni ochiq chehra bilan kutib oldi.

Uch yil avval bir martalik 30 million so‘m pul mablag‘i oldim. Hozir 1,5 stavkada ishlayapman. Yaqinda avtomashinali bo‘ldik. Endi uy olish harakatidamiz.

So‘xda ishlayotgan shifokorlar oilasi

Zuhriddin Botiraliyev va Dilshoda Botiraliyeva – tibbiyotchilar oilasi. Quva tumanidan bo‘lgan bu qahramonlarimiz bugun bu yerda istiqomat qilib, oilaviy faoliyat yuritmoqda. Oila boshlig‘ini so‘xliklar qo‘li yengil shifokor, turmush o‘rtog‘ini mehribon hamshira sifatida yaxshi ko‘rishadi.

— Tog‘liklar sodda, mehribon. Kezi kelsa, talabchanligi ham bor, — deydi Z. Botiraliyev. — 5 yildan buyon turmush o‘rtog‘im bilan shu yerda ishlayapmiz. To‘g‘risi, o‘zim ham so‘xlik bo‘lib ketdim. Ayni paytda «Mulgon» oilaviy shifokor punkti rahbariman. Turmush o‘rtog‘im esa tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida muolaja hamshirasi bo‘lib ishlagan. Hozir bola parvarishida.

Bizga berilayotgan mablag‘lar evaziga oilamizning moddiy holati ancha yaxshilandi. «Qishloq shifokori» dasturi asosida bir martalik 30 million so‘m pul oldik. Hozir har oy maoshimga qo‘shimcha ustama olyapman. Daromad solig‘imiz atigi 1 foizni tashkil qiladi. Hali uzoq yillar So‘x xalqiga chin dildan xizmat qilish niyatidaman.

Zuhriddin Botiraliyev (o‘ngda)

«1000 dollardan ziyod maosh olyapman»

Ushbu tumanga kelib ishlayotgan tibbiyot xodimlaridan yana biri Muhammadjon Hamidov. U ham chegara hududida shifokor sifatida faoliyat yurityapti. Qahramonimiz bugun aholi xonadonlarigacha kirib, bemorlardan o‘z tavsiyalarini ayamaydi.

— So‘xda besh yil ishlab, uy-joyli, avtomashinali bo‘ldim, — deydi shifokor. — Turmush o‘rtog‘im ham maktabda o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yurityapti. Hozir ustamalar bilan qo‘shib hisoblaganda 1000 dollardan ziyod maosh olyapman. Eng asosiysi, oilam yonimda. Bu yerga kelish qarorimdan xursandman.

Muhammadjon Hamidov

Yana qanday shifokorlarga ehtiyoj bor?

Tuman tibbiyoti mas’ullarining ma’lum qilishicha, So‘x tuman markaziy shifoxonasi bo‘limlarida travmatolog, infeksionist, terapevt, ginekolog kabi ixtisoslashgan tor soha mutaxassislariga hali ham ehtiyoj bor.

Agar bu soha mutaxassislari boshqa hududlardan kelib, So‘x tumanida ishlash istagini bildirsa, Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining quyidagi:

(90) 846-44-00 va (73) 244-96-08

telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid