18:22 / 29.02.2024
46379

«Ichishni tashla va chang‘i uch» – Putin ikki soat davomida rossiyaliklarga murojaat qildi

U bu safar nafaqat G‘arb va Ukraina, balki Rossiya va rossiyaliklar haqida ham gapirdi.

Foto: Getty Images

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinlashib kelayotgan saylov oldidan Rossiya Federatsiya kengashi va umuman rossiyaliklarga murojaat qildi. Putin urushni Rossiya boshlamagani va uni tugatishi haqida nazariyalarini takrorlab, mamlakat iqtisodiyoti o‘sib borayotganini aytdi. Quyida Putinning gaplaridan asosiylari keltiriladi.

«Yadro quroli shay holatda»

Rossiya prezidenti kutilganidek o‘z so‘zini mamlakat harbiy qudrati va yadro quroli bilan maqtanish boshladi. Putinga ko‘ra, Rossiya strategik yadro kuchlari to‘liq jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilgan. 2018 yilda aytilgan qurollanish borasidagi barcha va’dalar esa bajarilgan.

Rossiya prezidenti «Kinjal» gipertovushli raketalari nafaqat Rossiya qurolli kuchlari arsenaliga kiritilgani, balki Ukrainadagi urushda muhim obektlarga zarba berish uchun ishlatilganini aytdi. Shuningdek, ruslar dengizdan turib ishlatiladigan «Tsirkon» komplekslaridan ham foydalanganini ma’lum qildi.

«Bundan tashqari, «Avangard» mintaqalararo uzoqlikdagi gipertovushli bloki, «Peresvet» lazerli komplekslari jangovar navbatchilikda turibdi. Cheklanmagan uzoqlikka ucha oladigan «Burevestnik» qanotli raketasi va «Poseydon» suvosti qurilmasi sinovlari ham oxirgi bosqichga kirgan», dedi Putin.

Rossiya prezidenti «Sarmat» raketasining qudratini ham ko‘rsatishga va’da berdi. Bunday raketalar yadro kallaklarini olib uchishga mo‘ljallangani ma’lum.

«Koinotga yadro qurol olib chiqishimiz va Yevropaga hujum qilishimiz – yolg‘on»

Putin Rossiya kosmosga yadro qurolini joylashtirish haqidagi gaplar shunchaki safsata va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. Putinga ko‘ra, bunday gaplar AQShga keyinchalik o‘ziga qulay bo‘lgan shartlarda muzokara o‘tkazish uchun kerak.

Shuningdek. Rossiya prezidenti mamlakatda Yevropaga hujum qilish rejasi yo‘qligi, bu haqdagi gaplarning barchasi uydirma ekanini aytdi. Putin Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarni G‘arb boshlaganini iddao qildi.

«Va endi bizning hududimizga zarba berish uchun qulay nuqta tanlashmoqda. Ularning fikricha, eng samarali yo‘l NATO kontingentini Ukrainaga yuborish. Hududimizga qo‘shinlarini yuborganlarning taqdiri nima kechganini bilamiz. Hozir esa bu ishni qiladiganlarni yanada og‘irroq taqdir kutmoqda. Bu gapni aytayotganlar bizda ham ularning hududigacha yetib boradigan qurol borligini unutmasligi kerak.

Ular butun dunyoni yadro to‘qnashuvi xavfi yuqori ekani bilan qo‘rqitmoqchi. Bu tamaddunning yo‘q bo‘lishiga olib kelishini tushunish zarur. Shvetsiya va Finlandiya NATOga olib kirilganidan keyin g‘arbiy yo‘nalishdagi qo‘shinlarni kuchaytirish kerak», dedi u.

Yana ko‘proq tug‘ishga chaqiriq

Rossiya prezidenti rossiyaliklarni navbatdagi marta ko‘proq tug‘ishga undadi. Putin «Oila» milliy dasturini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 6 yoshgacha farzandi bo‘lgan oilalar uchun 6 foizlik ipoteka kreditlari berish muddati uzaytiriladi. Shuningdek, uchinchi farzandi tug‘ilgan oilaning 450 ming rubllik krediti qoplanishi dasturi ham davom ettiriladi. Demografik qiyinchiliklar uchrayotgan rus oilalarga yordam uchun esa qo‘shimcha 75 milliard rubl ajratiladi. «Ko‘p farzandlilik odatiy hayot tarziga aylanishi kerak», dedi Putin yana bir marta.

Rossiya prezidenti rossiyaliklar alkogol ichimliklar iste’molini kamaytirganini ham aytdi va bunga hech qanday ekstremizmsiz erishishganini ta’kidlab, maqtandi. Putin Rossiyadagi barcha maktab direktorlarining tarbiya bo‘yicha o‘rinbosarlari maoshi oyiga 5 ming rubldan oshirilishini e’lon qildi. 100 mingdan kam odam yashaydigan hududlardagi sinf rahbarlari maoshlarini esa ikki baravar oshirishga buyruq berdi.

Iqtisodiy holat

Putin Rossiyaning iqtisodiy o‘sishi dunyodagi o‘rtacha o‘sishga qaraganda yuqori bo‘lganini qayd etdi. Uning fikricha, bu oxirgi o‘n yilliklarda amalga oshirilgan ishlar samarasidir. Putin Rossiya iqtisodiyotini Yevropadagi eng yirik va dunyoda beshinchisi deb atadi.

U rossiyalik tadbirkorlarga yana bir marta mamlakat ichida biznes qilishga chaqirdi. Shuningdek, g‘arb davlatlaridan nimanidir olib kelish haqida o‘ylayotgan tadbirkorlar bilan uchrashishini qo‘shimcha qildi. U soliq to‘lashda optimizatsiya sxemalaridan foydalanishga «majbur bo‘lgan» tadbirkorlar uchun amnistiya dasturi ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi.

Rossiya regionlari budjet kreditlarining esa uchdan ikki qismidan voz kechishga topshiriq berdi. «Daromadi katta fuqarolar uchun esa soliq yuklamasini oshirish haqida o‘ylab ko‘rish kerak», deb qo‘shimcha qildi u.

«Biz katta oilamiz. Orzu qilgan va rejalashtirgan barcha maqsadlarimizga erishamiz. G‘alabamiz va Rossiya kelajagiga ishonaman», deya o‘z so‘zini yakunladi Putin ikki soatlik murojaatini.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top