14:32 / 29.02.2024
2972

Italiya O‘zbekistonda bolalar uchun tayyor kiyim ishlab chiqarishga qiziqish bildiryapti 

O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning mashhur Original Marines S.p.A. kompaniyasi tashqi bozorlar bo‘yicha direktori Gualtero Galli bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: «Dunyo» AA

«Dunyo» xabariga ko‘ra, kompaniya o‘zining dizayni bilan Original Marines savdo belgisi ostida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kiyim, paypoq va poyabzal ishlab chiqarish va sotishga ixtisoslashgan.

Gualtero Gallining aytishicha, bugungi O‘zbekiston o‘z to‘qimachilik sanoati rivojlanish sur’atlari, paxta xomashyosi mavjudligi, Osiyo bozorlari yaqinligini e’tiborga olganda salohiyatli ishlab chiqarish maydoniga aylanmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston to‘qimachilik tarmog‘ining yetakchi korxonalari ijtimoiy himoya, ekologik, organik va sifat talablari bo‘yicha xalqaro sertifikat va normalarga rioya qiladi. Bunday yondashuv Italiya kompaniyasining ijtimoiy barqarorlik, xodimlarni muhofaza qilish, bolalar uchun kiyimlar xavfsiz va zararsiz bo‘lishini ta’minlash siyosatiga to‘liq mos keladi.

Muzokaralar yakunida Original Marines va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchi hamda eksportchi korxonalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli biznes aloqalarini o‘rnatish, xususan bolalar uchun tayyor kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha buyurtmalarni joylashtirish masalasida kelishuvga erishildi.

Top