10:02 / 05.03.2024
4965

Pentagon hujjatlari sizib chiqishida ayblanayotgan Jyek Teysheyra aybiga iqror bo‘ldi

AQSh Milliy gvardiyasi harbiysi Jyek Teysheyra tergov bilan kelishuvga erishdi va Amerika harbiy departamentining maxfiy hujjatlarini oshkor qilishda aybini tan oldi. U deyarli 17 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Foto: straitstimes.com

AQSh Milliy gvardiyasi harbiy-havo kuchlari harbiysi Jyek Teysheyra tergov bilan kelishuvga erishdi va Amerika harbiy departamentining maxfiy hujjatlarini oshkor qilishda aybini tan oldi. Bu haqda 4 mart, dushanba kuni Amerika OAV xabar berdi.

22 yoshli Teysheyra josuslik to‘g‘risidagi qonunga binoan milliy mudofaa to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qasddan egallash va uzatishda aybdor deb topildi. Bu Milliy gvardiya xodimi Pentagonga oid maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishini uyushtirganlikda gumonlanib hibsga olinganidan deyarli bir yil o‘tib sodir bo‘ldi. Aybdorligini tan olish evaziga prokurorlar Teysheyrani boshqa josuslik qonunini buzganlikda yoki boshqa jinoyatlarda ayblamaslikka kelishib oldi. 

Massachusets okrugi sudyasi Indira Talavani Boston federal sudida sentabr oyiga hukm chiqarilishini belgiladi. Teysheyra 11 yildan qariyb 17 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin - davlat ayblovchilari avvalroq unga eng yuqori jazo tayinlanishini aytgan edi. 

Ukrainadagi urush bo‘yicha AQSh razvedka ma’lumotlari sizdirilishi 

Jyek Teysheyra 2023 yil 13 aprelda geymerlar orasida mashhur bo‘lgan Discord ijtimoiy media platformasidagi Thug Shaker Central chat guruhida paydo bo‘lgan maxfiy hujjatlarning sizib chiqishi munosabati bilan qo‘lga olingan. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Teysheyra birinchi marta 2022 yil oktyabr oyida u yerda maxfiy ma’lumotlarni joylashtirgan. 

New York Times gazetasiga ko‘ra, Teysheyra ishtirok etgan maxfiy ma’lumotlarning birinchi chiqarilishi 2022 yilning fevralida, Ukrainada urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Rossiya hujumi boshlanishidan 48 soat o‘tmay, profili Teysheyraning profiliga mos keladigan foydalanuvchi boshqa Discord chat guruhida «Pentagon hisobotini ko‘rganligi, unda Rossiya qurolli kuchlari uchdan bir qismi hujum uchun foydalanilayotgani» haqida yozgan. Foydalanuvchi qo‘shimcha qilishicha, u AQSh harbiy-havo kuchlarining razvedka bo‘limida xizmat qiladi. Boshqa xabarlarda Teysheyra Ukrainaga qaysi davlatlar harbiy yordam berayotgani haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi va harbiy rejalar bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini joylashtirdi.

Massachusets shtati Otis havo kuchlari bazasidagi 102-razvedka qanotidagi Teysheyraning 15 nafar safdoshi maxfiy ma’lumotlar ommaviy ravishda sizib chiqishi tufayli intizomiy jazoga tortildi. Havo kuchlarining ichki tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, ular sizib chiqish oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rmagan. 

Mavzuga oid
Top